A Seriya murabbiylarining yangi yordamchisi - "virtual murabbiy". U nima o'zi va qanday ishlaydi?!

Omonjon To`xtamirzayev
4 fev 2020, 15:30
Sarri anchadan buyon texnologiyaning bu turidan foydalanadi.

Noyabrda "Atalanta"ga qarshi bahsdan avval bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Mauricio Sarriga A Seriyada "Virtual Coach" ("virtual murabbiy") tizimidan foydalanmoqchi bo'lishayotganiga murabbiy qanday fikr bildirganini so'rashdi. "Siz aytayotgan tizim haqida etarlicha ma'lumotga ega emasman", - tan oldi "Yuventus" murabbiyi. Ammo unga tizimni tushuntirib berganlaridan so'ng, u dedi: "Shunga o'xshash texnologiyalardan besh yildan beri foydalanaman. Bu yangilik emas!".

Biroq Kalcho Ligasi vakillari "Virtual Coach" tizimi Italiya futbolida (kelajakda dunyo futbol olamida) katta inqilib yasashiga ishonishmoqda. Kelgusi olti oy mobaynida bo'lib o'tadigan o'yinlarda bu tizim sinovdan o'tkaziladi, 2020/21 yilgi mavsumda esa to'liq ishga tushiriladi.


"Virtual Coach" nima o'zi?

Loyihaning rasmiy taqdimoti o'tgan yilning noyabr oyida bo'lib o'tgandi. "Virtual Coach" - bu Math&Sport kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan dastur bo'lib, u 2016 yil Milan texnika universitetining modellashtirish va ilmiy hisoblash laboratoriyasida tashkil etilgan.

Math&Sport o'z maqsadini quyidagicha tariflaydi: "Biz qiziqarli statistik ko'rsatkichlardan iborat ma'lumotlar omborini faqatgina o'yindan keyingi tahlil uchun "qurol" sifatida emas, balki sportchilarning va hatto, jamoalarning o'yiniga real vaqtda ta’sir qila oladigan jihozga aylantirish ustida ish olib boryapmiz. Sportdagi ilg'or matematik model va algoritmlar yordamida futbolchi hamda murabbiylar o'z harakatlarini optimallashtirishlarida yordam beradi. Vazifamiz - real vaqtda ishlatilishi mumkin bo'lgan katta ma'lumotlardan foydali axborot olish".

Math&Sport o'zining to'rt yillik faoliyati davomida asosan voleybol mutaxassislari bilan hamkorlik qildi: Germaniya erkaklar terma jamoasi murabbiyi Andrea Jani, Italiya erkaklar termasi sobiq murabbiyi Mauro Berruto, italiyaliklarning hozirgi murabbiyi Davide Maccanti. Maccanti jamoasi JCH-2018da kumush medali sohibi bo'lgan, Yevropa chempionati-2019da esa bronza medalini qo'lga kiritgan.

Davide Maccanti shunday deydi: "Bir kuni men bir sportchimdan o'z iqtidori haqida gapirib berishini so'radim. U hech qanday tarif berolmadi. Sportga oid barcha adabiyotlarda doimo umumiy gaplarga ko'zim tushardi. Lekin iqtidor - bu umumiy narsa emas. Biz Math&Sport yordamida noyob individual ma'lumotlarga asoslanib har bir sportchining iqtidorini aniqlashga muvaffaq bo'ldik. Bizda aniq va tushunarli bo'lgan tahlil bor, bu borada esa ortiqcha bahs-munozaraga o'rin yo'q. Bu statistikaga mutlaqo yangi qarashdir".


"Virtual Coach" - Math&Sport ning futbol bilan bog'liq bo'lgan ilk loyihasi. U maydondagi o'yinchilarning harakatlarini avtomatik ravishda aniqlaydigan matematik modellar va algoritmlarlarga asoslangan. Dastur planshetga o'rnatilgan va bir qator statistik ma'lumotlardan foydalangan holda real vaqtda maydonda nimalar bo'layotganini aks ettiradi. "Ular haqidagi xabarnomalar darhol murabbiylarga yetib boradi, - deydi Math&Sport bosh direktori Ottavio Krivaro. - Dastur o'yin vaziyatlari va murabbiylar tanlagan parametrlarni hisoblaydi. Ma'lumotlar har 40 millisekundda yangilanib turadi".

"A Seriya - dunyodagi eng qiyin chempionat. Murabbiylarimiz o'zining ajoyib texnikasi va taktik bilimlari bilan dunyoga mashhur. Shunday bo'lsa-da, endi ularning yangi yordamchilari bor, - deydi Liga bosh direktori Luijji Di Servo. - Biz bosh murabbiy o'yin vaqtining o'zida tahlil natijalariga ega bo'ladigan futbol ligasi bo'lamiz. Daholik bilan chambarchas bog'langan sun'iy intellekt va mutaxassislarimizning mahorati musobaqa darajasini oshirish hamda A Seriya uchrashuvlarini yanada tomoshabop bo'lishiga xizmat qiladi.


Aynan qaysi ma'lumotlar haqida gap ketmoqda?

"Bizning "Virtual Coach" tizimimiz inson sezmaydigan va bilmaydigan narsalarni ko'ra oladi, - deydi Math&Sport asoschisi, matematika fanlari professori Alfio Kvarteroni. - Tizim murabbiyga qanday qilib yaxshiroq o'ynash mumkinligi hamda jamoa o'z ishini qay tarzda to'g'ri bajarayotganini ham ko'rsatib bera oladi".



"Virtual Coach" tizimi real vaqt rejimida kuzatishi mumkin bo'lgan parametrlar quyidagilardan iborat: jamoalarning hujum tezligi, o'yinchilarning joylashgan kengligi, hujumning xavfliligi, to'pning harakatlanish tezligi, raqib maydonidagi uzatmalar soni, pozicion hujumlardan keyin zarbalar soni, bosim darajasi va boshqalar. E'tiborlisi shundaki, siz har bir parametr uchun o'z normalaringizni o'rnatishingiz mumkin hamda uchrashuv davomida o'yin rejasidan chiqish holatlarini ham kuzatish mumkin. "Biz barcha teng va bir xil shart-sharoitda bo'lishini istaymiz: "Yuventus" ham, SPAL ham, - deydi Math&Sport vakillari.

"Matematik modellashtirish texnikasi, algoritmlar va miqdori aqlga sig'mas darajada ko'p bo'lgan ma'lumotlarni bir necha yil avval orzu ham qilmasdik. Ammo bugungi kunga kelib u haqiqatga aylanmoqda, - tushuntiradi Krivaro. - O'yin davom etayotgan bir pallada maydonda yuz berayotgan vaziyatlar sabablarini topish, nega barchasi aynan shunday bo'lganini tushunish imkoni paydo bo'ladi. U yoki bu harakat nima uchun foydali yoki foydasiz bo'lganini harakat, masofa, tezlik va to'p oshirish usuli jihatidan tahlil qilish mumkin bo'ladi. Bu ham murabbiylar, ham futbolchilar uchun ko'mak bo'ladi va o'yin sifatini yaxshilashga xizmat qiladi".

Loyihaning texnik qismi uchun mas'ul bo'lgan Adriano Bachchoni minglab o'yinlarni tahlil qilib, sun'iy intellekt kim, qachon va qanday gol urishini oldindan aytib bera olishiga ishonmoqda. Hozircha hamma narsa "Football Manager" o'yinidagi ko'rsatmalarga o'xshaydi. "Virtual Coach" taqdimot marosimining jonli efirida "Yuventus" va "Milan" (1:0) o'rtasidagi uchrashuv tahlil qilindi va dastur "Yuve" murabbiyiga quyidagicha ko'rsatmalar berdi: "Jamoa kenglikdan foydalanmay, markazga yaqinroq harakat qilganda raqib muammolarga duch keladi" (36-daqiqa), "Pyanichdan ko'proq foydalanish kerak" (57-daqiqa), "Chalxanoglu atrofida bo'sh zonalar juda ko'p" (65-daqiqa).


Murabbiylar qanday fikrda?

"Hech qanday g'alabali sxemalar mavjud emas. Sun'iy intellekt g'alaba qozonish imkoniyatlarini aniqlay olmaydi. Buyog'i endi murabbiy qaroriga bog'liq, - deydi Massimiliano Allegri. - Yanvar oyida hammaga planshet berilishi rejalashtirilgan va murabbiylar ma'lumotlarga kirish imkoniyatiga ega bo'ladilar. Bu nima uchun kerak? Yaxshi murabbiy shundoq ham barchasini ko'ra oladi. Futbol o'yini - cheksiz dunyo emas, u ma'lum bir maydon bilan chegaralangan. Shunchaki o'yin vaqtida o'z qarorini o'zgartira oladigan murabbiylar kerak".

"Ha albatta, "Virtual Coach" bizning barcha muammolarimizni hal qiloladi, - deydi istehzo bilan "Yuventus" sobiq bosh murabbiyi. - Avtomatizm jarayoni o'ylab ish tutadigan futbolchilar yo'qolib ketishiga olib kelishi mumkin. Agar ular faqat bir eshikdan kirishga o'rganib qolsalar va bir kun kelib o'sha eshik berk bo'lsa, yangi aylanma yo'lni izlash o'rniga o'sha eshikka boshlari bilan urishni boshlaydilar". Fabio Kapello ham Allegrining fikriga qo'shilmoqda: "Ma'lumotlar yordam berishi mumkin, lekin o'yin vaqtida emas. U asosan mashg'ulotlarda as qotadi. Men statistikani doimo diqqat bilan o'rganganman. Dangalini aytganda, 90 daqiqa davomida maydonda ko'rganlaringizga ishonganingiz maqul".

Yanvar boshidan beri A Seriyada 5ta tur o'yinlari bo'lib o'tdi, ammo murabbiylar hali ham o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashganlari yo'q. Ehtimol, texnologiya yordamiga murojaat qilishga shoshilmayotgandirlar?! (o'yin translyatsiyalari vaqtida planshetlar ko'zga tashlanmadi). "Odamlar doimo innovaciyalardan cho'chigan, - deydi Kvarteroni. - Men bularga qarshi chiqayotganlar bo'lishini tabiiy hol deb bilaman. Insoniyat tarixi shuni ko'rsatadiki, barcha yangi narsalar shunday kutib olinadi va bu faqatgina sportda emas. Rentgen ham ilk davrida ko'pchilikni qo'rquviga sabab bo'lib, unga qarshi chiqqanlar etarlicha topilgan. Lekin endi usiz hayotimizni tasavvur qilolmaymiz".

Kvarteroni "Virtual Coach"ga bo'lgan ehtiyoj va uning foydasi haqida gapirar ekan, uni VAR bilan taqqoslaydi. Lekin eng qiziq jihat, uning kompaniyasi va Liga o'rtasidagi shartnoma raqamlari oshkor qilinmadi. Xo'sh, A Seriya rahbariyati Italiya futbolini yanada tomoshabop qilish uchun qancha pul sarflashga tayyor?

"The Athletic" muallifi Devid Ornshteyn so'zlariga ko'ra, innovacion texnologiyalar taklif etadigan kompaniyalar ingliz futbolini hayratda qoldiribdi. "Premer-liga klubi bir necha yil davomida tahliliy ma'lumotlar taqdim etadigan kompaniyaga "olti raqamli summa" to'lagandi. Keyin esa ular olingan ma'lumotlarni tekshirish uchun mutaxassislar yonlashgan. Ma'lum bo'lishicha, olingan tahliliy ma'lumotlarda "g'ij-g'ij" xato bo'lgan ekan", - deydi Ornshteyn.

Ehtimol, "Virtual Coach" haqiqatdan ham foydalidir. Biroq shunga o'xshash "hikoyalar" kamdan-kam hollarda baxtli yakun topadi. Qolaversa, dasturning yutuqlari haqida gapirishga ham hali erta. Yaxshisi, dastur ko'rsatmalari biror o'yinga ta’sir ko'rsatganini o'z ko'zimiz bilan ko'rganimiz maqul, nazarimizda. Agar qachondir shunday bo'lsa...


Nozima Zaripova tarjimasi

O'xshash yangiliklar


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: championat.asia