FIFA Nigeriyaning etirozini rad etdi. Kongo DR O'zbekiston bilan bir guruhdan o'rin olish uchun kurashadi

Оқил Абдубарноев
21 mar 2026
FIFA Tartib-intizom qo'mitasi o'tgan yilning noyabr oyida bo'lib o'tgan Jahon chempionatining Afrika mintaqasi saralash pley-off bosqichida Kongo DR terma jamoasi safida maydonga tushgan bir qator futbolchilarning o'ynash huquqi bo'yicha Nigeriyaning etirozini rad etdi. Bu haqda Nigeriya futbol federatsiyasi (NFF) ma'lum qildi.

Tashkilot zudlik bilan apellyaciya jarayonini boshlaganini ta'kidladi.

"Biz FIFA Tartib-intizom qo'mitasining shikoyatimiz bo'yicha chiqargan qarorini oldik, ammo shikoyatimizni rad etgan bu qarordan qoniqmadik", - deyiladi NFF bosh kotibi Muhammad Sanusining bayonotida. "Nigeriyaliklarni ishontirib aytmoqchimanki, federatsiya zudlik bilan ushbu qaror ustidan shikoyat qilish jarayonini boshladi.

Endilikda ushbu apellyaciya Sport arbitraj sudiga (CAS) yuborilishi kutilmoqda, biroq shikoyat jarayoni 26 mart kuni boshlanadigan qitalararo pley-off o'yinlariga qadar yakunlanishi noma'lum bo'lib qolmoqda. Kongo DR 31 mart kuni AQSH, Kanada va Meksikada bo'lib o'tadigan Jahon chempionati yo'llanmasi uchun mazkur bosqichda maydonga tushishi rejalashtirilgan.

Kongo DR tomoni bu qaror yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermadi.

NFF 16 noyabr kuni Marokashning Rabot shahridagi "Shahzoda Mulay Al-Hasan" stadionida bo'lib o'tgan KAF Jahon chempionati saralashining pley-off finalida Kongo DR Nigeriyani penaltilar seriyasida 4:3 hisobida (asosiy va qo'shimcha vaqtda 1:1) mag'lub etganidan bir necha kun o'tib FIFAga norozilik bildirgan edi. Ushbu natija Kongo DR terma jamoasini qitalararo pley-off bosqichiga olib chiqqandi.

Nigeriyaning shikoyatiga (unga Kamerun ham alohida peticiya bilan qo'shilgan) ko'ra, saralash bosqichida Kongo DR safida harakat qilgan olti nafardan to'qqiz nafargacha bo'lgan futbolchilar o'z sport fuqaroligini noto'g'ri o'zgartirishgan. NFFning takidlashicha, bu o'yinchilar qo'sh fuqarolikni tan olmaydigan Kongo qonunchiligi talab qilganidek, Yevropa pasportlaridan voz kechishmagan.

"Kongo qonunlariga ko'ra, qo'sh fuqarolikka ega bo'lish mumkin emas", - degan edi o'shanda Sanusi jurnalistlarga. "Ularning ko'pchiligida Yevropa, xususan, Fransiya yoki Niderlandiya pasportlari bor. Qoidalar esa juda aniq belgilab qo'yilgan".

Biroq FIFAning o'z qoidalari Kongoning ichki qonunchiligidan farq qiladi. FIFA futbolchidan faqat o'zi o'ynayotgan mamlakatning haqiqiy pasportiga ega bo'lishini talab qiladi, bahsga sabab bo'lgan barcha futbolchilar esa haqiqiy Kongo pasportlariga ega bo'lib, bu mezonga to'liq javob berishgan. Aynan shu asosda FIFA dastlab ularga maydonga tushishga ruxsat bergan edi.

Shunga qaramay, tashkilot FIFAga ushbu ruxsatnomalarni berishda yolg'on ma'lumot berilgan deb hisoblamoqda.

"FIFA qoidalariga ko'ra, agar sizda o'z mamlakatingiz pasporti bo'lsa, siz o'ynash huquqiga egasiz. Bizning tushunishimizcha ham ular bu huquqqa ega, shuning uchun FIFA ularga ruxsat bergan", - dedi Sanusi. "Lekin bizning davomiz shuki, FIFA ularga ruxsat berish jarayonida aldangan, chunki Kongo qonun-qoidalariga rioya etilishini taminlash FIFAning majburiyatiga kirmaydi".

Qur'a natijalariga ko'ra, Kongo DR qitalararo pley-offda Yangi Kaledoniya va Yamayka o'rtasidagi yarim final g'olibiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bahs g'olibi Jahon chempionatining so'nggi yo'llanmalaridan birini qo'lga kiritadi hamda Portugaliya, Kolumbiya va O'zbekiston bilan bir guruhdan joy oladi.


Avvalroq "Navbahor"ning kongolik hujumchisi Katulondi Kati O'zbekiston bilan bir guruhdan joy olishiga umid qilayotganini aytgandi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Нигерия футбол федерацияси