

O'yindan so'ng g'uzorliklarning tayyorgarlik jarayonlari haqida jamoa bosh murabbiyi Asror Aliqulovga yuzlandik.
- Pro ligaga tayyorgarlik qanday ketyapti?
- Bu yig'inni Toshkent shahrida boshladik. Undan avval ikki bosqichli tayyorgarlikni G'uzorda olib bordik. Bu birinchi nazorat uchrashuvimiz edi, oldinda yana bir nechta bahslarda qatnashamiz. Buning uchun rahbariyat va homiylarimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Maqsadimiz "Sho'rtan"ni Superligaga qaytarish. Muxlislar elitaga qaytishimizni kutyapti. Bu mas'uliyatni his qilib turibmiz. Bizni og'ir mavsum kutmoqda.
- Yangi futbolchilar va legionerlardan qanchalik ko'nglingiz to'lyapti?
- Ko'rib turibsiz, mahalliy futbolchilarni ham Pro ligaga jalb qilish oson emas, chunki talablar juda baland. Biz legionerlarga tayanishga majburmiz. Legionerning o'zini ko'rsatishi 50/50 bo'ladi, bu o'ziga hos lotoreya. Jamoamizga taklif qilgan legionerlarimiz o'zini oqlaydi degan umiddamiz. Faqatgina qisqa roliklarga emas, barcha jihatlarni tahlil qilib ko'ryapmiz. Adashmasak xursand bo'lardik, legioner masalasi og'riqli mavzu. Ular mavsumga bizga yordam berishiga ishonamiz.
- Jamoani Superligaga olib chiqish missiyasi siz uchun begona emas. Bu yilgi Pro ligada jamlanayotgan jamoalardan kelib chiqsak, vazifa qanchalik qiyinlashadi?
- "Kattaqo'rg'on", "Yaypan", "Metallurg" qolaversa universitet jamoalari bilan qiziqarli mavsum bo'ladi. "Aral"ni ham esdan chiqazmaslik kerak. Bitta emas bir nechta jamoalar oldiga yuqori vazifa qo'ygan. Ular ham tarkibini kuchaytirmoqda. "Metallurg"da ko'p futbolchilarni ko'ryapmiz. Bizning maqsadimiz bor va bu yo'lda tarkib yig'yapmiz. Qolgan jamoalar ham bizga yaxshi bosh og'riq bo'ladi. Har yilgidanda qiyin mavsumni taxmin qilish mumkin.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi


