21-tur oldidan. Vali Keldiev qanday fikrda?

Bugun oliy liganing 21-tur o'yinlari boshlanadi. Turning markaziy uchrashuvi Toshkentda bo'lib o'tadi.
Unda chempionlik uchun kurashayotgan “Lokomotiv” o'z maydonida yon qo'shnisi “Paxtakor”ni qabul qiladi. Shuningdek ertaga “Nasaf”ni ham jiddiy o'yin kutib turibdi. Oxirgi turlarni ko'tarinki ruhda o'tkazayotgan “Neftchi” Qarshida mehmon bo'ladi. Navoiyda kechadigan “Qizilqum” – “Sho'rtan” bahsi yuqori suratda o'tishini tahmin qilish mumkin.

Xullas 21-turda muxlislarni bir-biridan qiziqarli tomoshabop o'yinlar kutib turibdi. Mazkur tur uchrashuvlari oldidan sobiq futbolchi Vali Keldievning fikrlari bilan qiziqdik.

- Bugungi kunga kelib, oldindan biron-bir natijani aytish qiyin bo'lib qoldi. Sababi o'zingizga ma'lumki, bundan oldingi turlarda peshqadamlar kutilmaganda ochko yo'qotdi.

- Xo'sh, bo'lajak o'yinlar oldidan nima deyish mumkin?

-  “Lokomotiv” –“Paxtakor” bahsi keskin kurashlarga boy tarzda kechishi aniq. “Temiryo'lchilar”ning o'z maydonida o'ynashini inobatga olib aytadigan bo'lsak, ularga biroz engilroq bo'ladi. Lekin “Paxtakor” ham garchi tarkibi ancha yosh bo'lsada, osonlikcha taslim bo'lmaydi.

- “Nasaf” – “Neftchi” o'yini azaldan murosasiz ruhda o'tib kelgan. Bu safargi Qarshida kechadigan o'yin ham bundan mustasno bo'lmasa kerak. “Neftchi” ikkinchi davrada o'ziga kelib olgan ko'rinadi. Jamoa oxirgi turlarda muvaffaqiyat qozona oldi. Lekin “Nasaf”ni bu o'yinda favorit deb bilaman. Chunki tan olish kerak, bugungi kunda “ajdarlar” har tomonlama farg'onaliklardan kuchli. Nasib qilsa, Qarshiga borib o'yinni stadiondan turib kuzatamiz.

- “Guliston” – “Navbahor” o'yini ham qiziqarli kechadi deb o'ylayman. Chunki hozir har ikkala jamoaga ham ochko suv va havodek zarur. Namanganliklar qimmatli ochkolarni boy berib, reytingi pastlatib yubormoqda. Bo'lajak o'yinda “Navbahor” g'alaba qozonsa yaxshi bo'lardi.

- Autsayderlar qarama-qarshiligi bo'lmish “Qizilqum” – “Sho'rtan” bahsi ham jangovor tarzda o'tadi deyish mumkin. Mazkur o'yin oliy ligada qolish uchun qaysi jamoaning imkoniyati yuqori ekanligini ko'rsatib bersa ajab emas. Tahminimcha, “oltin izlovchilar” g'alaba qozonsa kerak.

- Shuningdek qolgan o'yinlarning ham qiziqarli o'tishiga shubha yo'q. Qo'ramiz, 21-tur kimga muvaffaqiyat keltirar ekan.


Islombek Rustambekov yozib oldi.

Manba: championat.asia