Yuksak parvozi uzoqqa cho'zilmagan Rim burgutlari haqida

Narzulla Saydullayev
7 avg 2019, 14:43
Shubhasiz, o'tgan asrning so'ngi yillari Lacio tarixidagi eng yaxshi davr hisoblanadi.

Serdjo Kranotti boshchiligidagi Cirio koncerni jamoa homiyligini qo'lga olgan va superklub tuzish yo'lida shahdam qadamlar tashlayotgandi. Kranotti jamoadan pulni ayamas, o'sha davr transfer bozrini ag'dar-to'ntar qilib tashlardi. Shu o'rinda, o'sha yillarda amalga oshirilgan Lacio tarixidagi eng qimmat transferlar haqida so'z yuritamiz:


1.Ernan Krespo (2000 yil. 56,8 million evro). 1996 yilgi Atlanta olimpiadasi kashfiyoti Parma tarkibiga kelib qo'shilgan va Italiyada o'z mavqeiga ega bo'lib ulgurgandi. Kubok egalari kubogi (1999) va milliy chempionat (2000 yil) g'olibligini qo'lga kiritgan burgutlar rahbariyati argentinalik hujumchi uchun rekord summa ajratgandi. U Interga o'tib ketgan Kristian Verining o'rnini to'ldirishi kerak edi. Amalda shunday ham bo'ldi. Biroq, bu kabi katta summalarni o'ylab o'tirmay futbolga yo'naltirayotgan Cirio koncerni 2002 yilda o'zini bankrot, deb e'lon qildi. Oqibatda, Krespo ham shu yili Interga o'tib ketdi.



2.Gaiska Mendeta (2001 yil. 48 million evro). Lacio rahbariyati Ektor Kuper bilan Valensiyada mo'jizalar ko'rsatgan ko'rshapalakni burgutga aylantirishga qaror qildi. Jamoada bir yil to'p tepgan Mendeta iqtisodiy inqiroz yillarida Barselona va Midlsbroda ijara asosida o'ynadi. Shartnomasi yakuniga etgan ispan yarim himoyachisi 2004 yilda Midlsbroga erkin agent sifatida o'tib ketgandi.



3.Xuan Sebastyan Veron (1999 yil. 30 million evro). Jodugar laqabi bilan ommaga tanilgan futbolchi 1999 yilda jamoaga qo'shilgandi. U jamoa safida 2 yil harakatlandi va barcha yutuqlarda o'z hissasini qo'shdi. 2001 yilda MYUga o'tib ketgan futbolchi faoliyatining bir qiziq tomoni bor: U faoliyatini 3 marta yakunlashga ulgurdi. Boisi, u faoliyatini yakunlagach ham uni katta futbolga qaytara oladigan takliflar bo'ldi. Argentinalik futbolchi faoliyatini oxirgi marta 2017 yil 42 yoshida yakunlagandi. Veron yaqin orada yana futbolga qaytib qolsa, ajablanmang.



Bundan tashqari Kristian Veri, Yap Stam, Sinisha Mixaylovich, Stefano Fore va Klaudio Lopez singari futbolchilar ham o'z davrining qimmat xaridlari qatorida turgan. E'tiborlisi, qudrati Laciodan bir necha bor kattaroq bo'lgan Yuve va Milan klublari ham o'sha davrlarda bunaqa katta summalarni tez-tez ishlatishmasdi. Yuqorida aytilganidek, transferlar uchun Cirio koncerni sarflagan katta pullar rimliklarni bir necha yil mobaynida muvaffaqiyatga erishishini taminladi, xolos. Alaloqibat, ko'rpasiga qarab oyoq uzatmagan homiy ham, klub ham inqiroz ko'chasiga kirib qoldi. Burgutlarning eng yuksak parvozi shu taxlid aykunlanib, o'rtamiyona jamoaga aylanib qolishgandi. Mana oradan 14 yil o'tdi, ammo haligacha klub o'sha darajasini topa olmayapti.


Fahriddin Ro'ziev tayyorladi

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia