Vladimir Rodich: "Legioner futbolchilar jamoaga ko'proq foyda keltirish uchun olib kelinadi"

Sherzod Nurmatov
3 fev 2026, 17:47
Xabaringiz bor, kuni kecha buxoroliklar serbiyalik tajribali vinger Vladimir Rodich bilan shartnoma imzoladi.

U klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

- Rodich, avvalambor, sizni "Buxoro" jamoasida ko'rib turganimizdan xursandmiz! Klubga qo'shilish taklifi sizda qanday paydo bo'ldi? 

- Samimiy kutib olganingiz uchun rahmat! "Buxoro" jamoasining qiziqishi haqida ikki hafta oldin agentim orqali eshitgan edim. Eshitgan zahotim “O bu ajoyibku” deb o'yladim. Chunki bu o'zbek madaniyati bilan yaqindan tanishish, rus tilimni yaxshilash, Osiyo qitasida o'zimni sinab ko'rish uchun ajoyib imkoniyatdir. Undan tashqari O'zbekiston Superligasi o'yinlarida maydonga tushib, g'alaba uchun kurashish qiziq tuyuldi.

- Ayni vaqtda "Buxoro" jamoasining Antaliyadagi mashg'ulotlarida ishtirok etyapsiz, o'rtoqlik uchrashuvida ham maydonga tushishga ulgurdingiz. Dastlabki tassurotlaringiz qanday? 

- Yig'in o'tkazish uchun Antaliya haqiqatdan ham ajoyib shahar, garchi ob-havo bu yil noqulay kelgan bo'lsa ham, mashg'ulot va o'yinlar o'tkazish uchun barcha sharoitlar mavjud. Hozirgacha ko'rganlarimdan xulosa shuki, jamoada tajriba va yoshlar yaxshi uyg'unlikka ega. Bu yuqori darajadagi o'yinlarda g'alaba qozonish uchun zarur. So'nggi nazorat uchrashuvida natija biz kutgandek bo'lmadi, ammo mavsum boshlanishiga qadar bir nechta o'rtoqlik uchrashuvlari va ko'plab mashg'ulotlar bor. Shuning uchun 1-turda "Qo'qon-1912" jamoasiga qarshi o'yinda 100 foiz tayyor holda bo'lamiz.

- Bu sizning Superligada ilk bor ishtirok etishingiz, O'zbekiston va umuman o'zbek futboli haqida sizda qanday ma'lumotlar bor edi? 

- Shubhasiz, butun dunyo bo'ylab har bir kishi, O'zbekiston davlatining JCH-2026 yo'llanmasini qo'lga kiritgani tarixiy voqea ekanligi haqida eshitganidan so'ng bu davlat bilan yanada yaqinroqdan tanishdi. O'zim ham boshlang'ich sinflarda, O'zbekiston haqida juda ko'p ma'lumotlarni eshitganman. Bu erning odamlari juda samimiy, ko'ngli ochiq, o'zining urf-odatlariga ega mamlakat. O'zbekiston va uning madaniyati bilan yaqindan tanishishni intizorlik bilan kutyapman.

Bir necha yil oldin Samarqandning "Dinamo" jamoasida harakat qilgan, serbiyalik darvozabon do'stim, liga haqida bir qancha ma'lumotlar bilan bo'lishgan edi va u yerda oson o'yinlar bo'lmasligini, futbolchilari yuqori texnika va jismonan kuchli ekanligini ta'kidlab o'tgan edi. Shuning uchun yangi mavsum startini intizorlik bilan kutyapman.

- O'zbek klublari va muxlislari legioner futbolchidan har doim ko'proq narsa kutishadi…

- Buni tushunaman. Legioner futbolchilar jamoaga ko'proq foyda keltirish uchun olib kelinadi. Mendan nima kutilayotgani bilaman va uni maydonda ko'rsatishni intiqlik bilan kutyapman.

- Yangi mavsum oldidan buxorolik muxlislarga tilaklaringiz...

- Yangi mavsum starti oldidan barcha muxlislarimizga omad tilayman. Ularning tribunadan qo'llab-quvvatlashi orqali biz ajoyib g'alabalarga erishamiz! "Qo'qon-1912" klubiga qarshi o'yinda ko'rishguncha!

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Бухоро" матбуот хизмати