

Ha, bu safargi o'tkazilgan bahslarda ham ko'pchilik uchun bir qator kutilgan va kutilmagan natijalar qayd etildi.
Galata saroyi mag'lub
Avvalgi turda mehmonda gaziliklarni ishonchli hisobda mag'lubiyatga uchratgan "Galatasaroy" bu safar o'z maydonida kimsan Anqara shahri jamoasini taslim qilgan "Istanbul Bashakshehir"ni qabul qildi va o'yin so'nggida kutilmagan tarzda gol o'tkazib yuborib, yutqazib qo'ydi. Yagona gol muallifi esa, ikkinchi bo'lim o'rtalarida zahiradan maydonga tushgan Fredrik Gulbrandsen bo'ldi.
Debyutantdan sado chiqdi
Uzoq vaqtdan beri mag'lubiyatdan boshi chiqmay qolgan musobaqa debyutanti "Denizlispor" o'tgan tur doirasida antaliyaliklarni er tishlatgan "Rizespor" ustidan o'z muxlislari qarshisida so'nggi daqiqalarda kiritilgan ikki gol evaziga g'alaba qozondi. Gollarga o'yin ohirlarida zahiradan maydonga tushgan mezbonlarning kolumbiyalik yosh umidli hujumchisi Oskar Estupinyan va jamoa yetakchilaridan biri bo'lgan Radoslav Muravskilar mualliflik qilishdi.
Anqaraliklar yana mag'lub
Anchadan beri g'alaba nimaligini bilmay kelayotgan Anqara shahri bosh jamoasi bu safargi bahsda ishqibozlari ko'z o'ngida "Trabzonspor"ga yirik hisobda imkoniyatni boy berdi. Mehmonlardan gollarni Aleksander Syorlot, fransiyalik 21 yoshli kelajagi porloq yarim himoyachilardan biri Yusuf Sari va Entoni Nvakaemelar kiritishdi. Ushbu g'alabadan keyin trabzonliklar "Bashakshehir" bilan birgalikda yaqqol yetakchi Sivas shahri jamoasini izma-iz taqib etishmoqda.
Burgutlar yana g'olib
Musobaqaning boy tarixga ega sovrindor jamoalaridan bo'lgan mamlakat bayroqdori "Beshiktosh" mavsum boshidagi omadsizliklardan so'ng, ancha o'ziga kelib oldi. Ular bu safar mehmonda kam sonli "chaqilmas yong'oq" ishtirokchilardan biri "Konyaspor"ni Turkiya milliy terma jamoasi gvardiyachisi bo'lgan 34 yoshli faxriy hujumchi Burak Yilmazning yagona goli hisobiga mag'lubiyatga uchratishdi. Shu tariqa, istanbulliklar turnir jadvalida 5-o'ringacha ko'tarilib olishdi.
Karvonboshining yirik g'alabasi
Mavsum boshidan beri, pastgi pog'onalarda izg'ib yurgan bechorahol jamoalardan biri bo'lgan "Qaysarispor" bu safar musobaqa jadvalining yangi karvonboshisi o'ljasiga aylandi va raqibi tomonidan ayovsizlarcha yakson qilindi. Mag'lub jamoadan braziliyalik legioner Pedro Enrike gol urgan bo'lsa, mehmonlardan Fernando, Emre Kilinch bittadan to'p kiritishdi va ikkinchi bo'limda maydonga tushgan "joker" Erdogan Eshilyurt dubl qayd etdi.
Eski peshqadamda omadsizlik
O'tgan turda azaliy raqobatchilaridan biri bo'lgan Trabzon shahri bosh jamoasiga imkoniyatni boy berishi natijasida karvonboshilikni sivasliklarga topshirgan "Alanyaspor" bu safar oldingi tur doirasida "Yeni Malatyapor" bilan ochkolarni bo'lishib olgan "Gyoztepe"ga minimal hisobda mag'lubiyatga uchradi. O'yin taqdirini hal qilib bergan yagona golga portugaliyalik 31 yoshli tajribali vinger Andre Kashtru mualliflik qildi.
Quyidagilar jangi
Avvalgi tur doirasida Istanbulda "Fenerbaxche" mehmoni bo'lib, alamli tarzda yutqazib qo'ygan "Qosimposho" yaqqol autsayderni qiyinchilik bilan mag'lubiyatga uchratgan "Genchlerbirligi"ga 1:2 ko'rinishida imkoniyatni boy berdi. O'yinga to'xtaladigan bo'lsak, barcha gollar ikkinchi bo'limda urildi. Oldiniga Aytak Kara hisobni ochdi va lekin mehmonlarning ruminiyalik chin yetakchi forvardi Bogdan Stanku ikkita gol urib, jamoasiga muhim g'alabani taqdim etdi.
Yetakchining ochko yo'qotishi
Avvalgi tur doirasida mehmonda gyoztepeliklar bilan kutilmaganda durang o'ynash asnosida qimmatli ochkolarni boy bergan "Yeni Malatyaspor" qosimposholiklarni katta qiyinchilik bilan mag'lubiyatga uchratgan "Fenerbaxche"ga qarshi o'ynadi. Keskin va murosasiz kurashlar ostida o'tgan uchrashuvda nursiz durang qayd etildi. Shuni takidlab o'tish joizki, birinchi bo'limga qo'shib berilgan daqiqalarning to'qqizinchisida faoliyati davomida Yevropaning "Inter", "Atletiko" va "Nyukasl"dek klublari sharafini himoya qilgan Emre Belezoglu yuzaga kelgan penaltini ko'kka sovurdi.
Raqobatchilar to'qnashuvida murosa
Oldingi turda mehmonda "Rizespor"dan kichik hisobda mag'lubiyatga uchragan, uzoq vaqtdan beri omadsizliklar girdobida qolgan va natijada musobaqa jadqalida pastga sho'ng'igan "Antalyaspor" bu safar o'z muxlislari qarshisida "Galatasaroy"dan engilgan "Gaziantep" bilan 1:1 ko'rinishida durang o'ynadi. Dastlab, birinchi bo'limda Papi Jiloboji hisobni ochdi. O'yin so'nggida antaliyaliklarning 25 yoshli germaniyalik himoyachisi Nazim Sangare jamoasini muqarrar mag'lubiyatdan qutqarib qoldi.
Xondamir Hakimov tayyorladi



