Temur Kapadze: "Bugungi ikkita o'yinda durang qayd etiladi"

Narzulla Saydullayev
22 iyun 2014, 16:39
Shu kunlarda butun dunyo futbol jamoatchiligining diqqat-e'tibori Braziliya yashil maydonlarida davom etayotgan JCH-2014ga qaratilgan.
Bugunga kelib pley-off bosqichining aksariyat ishtirokchilari aniqlanib bo'ldi. Kutilmaganda, amaldagi jahon chempioni Ispaniya, shuningdek, g'oliblik uchun da'vogarlardan biri hisoblangan Angliya terma jamoalari ikkitadan mag'lubiyat qayd etib, guruhdan ham chiqa olishmadi. Bugun mundialning 2-turi doirasida yana 3 ta uchrashuv o'tkaziladi. Biz bugungi o'yinlar oldidan O'zbekiston milliy terma jamoasi hamda Qozog'iston chempioni Aktobe klubi yarim himoyachisi Temur Kapadzening fikrlari bilan qiziqdik.

- Temur, JCH-2014 o'yinlarini ko'rib boryapsizmi?

- Albatta. Juda ham ko'p kutilmagan natijalar qayd etilyapti.

- Shu kungacha o'tkazilgan o'yinlar haqida umumiy fikringiz qanday?
- Fikrim shuki, mutaxassislarning jahon chempionati oldidan aytgan fikrlari haqiqatga yaqinlashib boryapti. Yani aksariyat mutaxassislar Jahon kubogi Lotin Amerikasida qoladi, deyishgandi. Haqiqatan ham, bu qita jamoalari kuchli o'yin namoyish etishyapti. Braziliya, Urugvay, Argentina, Kolumbiya, Chili terma jamoalari o'z muxlislarini xushnud etishyapti. Portugaliyaga qarshi kechgan o'yindan so'ng Germaniyaning ham chempionlik yo'lidagi imkoniyatini yuqori baholagandim. Lekin Gana bilan o'yindan so'ng biroz ikkilanib qoldim.

- Bugun o'tkaziladigan Rossiya  Belgiya, Jazoir  Janubiy Koreya, AQSH  Portugaliya o'yinlaridan nimalarni kutyapsiz? Shunchaki, hisobni taxmin qilib ko'ring.

- Bugungi o'yinda Rossiya terma jamoasining g'alaba qozonishini istayman. Lekin bu oson kechamaydi. Belgiyaning hozirgi avlodi juda ham kuchli. Menimcha, bugun Belgiya g'alaba qozonadi yoki 1:1 hisobidagi durang natija qayd etiladi. Jazoir va Janubiy Koreya uchrashuvida ham g'olib aniqlanmaydi. Portugaliya esa Germaniyadan qabul qilib olingan qaqshatqich mag'lubiyatni unutgan bo'lsa, bugun g'alaba qozonishi kerak. Men o'z taxminlarimni qildim. Oldinga o'tib shuni aytishim kerak, bugungi uchchala o'yinda ham jamoalarga ochko olish oson kechmaydi. Imkoniyatlar deyarli bir xil.

- Jahon chempionat to'purari kim bo'ladi?
- Karim Benzema yoki Tomas Myuller.

- Finalda kim o'ynaydi?
- Germaniya, Braziliya va Gollandiya terma jamoalaridan ikkitasi finalga qadar yetib kelsa kerak. Bu mening shaxsiy fikrim.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia