Qiziq duel yoxud “Siti” – “Barselona” uchrashuvi haqida

Narzulla Saydullayev
18 fev 2014, 12:00
Bugun futbol ishqibozlari sog'inib qolgan Yevropa Chempionlar Ligasi nimchorak bosqichi o'yinlariga start beriladi.
Bu musoboqada, yanayam ushbu bosqichda oddiy uchrashuvlar bo'lmasligi aniq. Bugun tunda bo'lib o'tadigan “Manchester Siti” – “Barselona” o'yini futbol durdonalaridan biri bo'ladi desak mubolag'a bo'lmaydi. To'g'ri, o'yin biz kutganchalik tomoshabop bo'lmas. Yoki murabbiylarni taktik o'yini evaziga ishqibozlarga haqiqiy shouni taqdim etmas. Lekin bunday jamoalar o'rtasidagi bahs qanday kechmasin, baribir millionlab futbol muxlislarini katta hayajonda ushlab tura oladi. Uchrashuv Angliyada bo'ladi. Bu esa albatta Pellegrini shogirdlariga qo'shimcha ustunlik berishi tabiiy va “shaharliklar” o'z maydonlarida uncha-muncha jamoalarni qiynab qo'yishmoqda. Ushbu mavsumda “Manchester Siti” jamoasi juda qo'rqinchli qiyofaga kirib, raqiblarini birin-ketin tor-mor keltirishmoqda. So'zsiz bu o'yinda kataloniyaliklarga oson bo'lmasligi aniq. Lekin shuni unutmaslik kerakki, Pellegrini jamoasi so'nggi o'yinlarda o'zlaridan kutilayotgan natijalarni qayd eta olishmayapti. Ko'pchilik “Etihod”da kechgan “Chelsi” bilan o'yinda mezbonlarni g'alabasini taxmin qilgandi. Lekin yakunda Joze Mourinyo hamkasbini o'z uslubida dog'da qoldira olgandi. Manuel Pellegrinini bu galgi hamkasbi Jozedek tajribaga ega emas. Buni tan olish kerak. Xerardo Martinoni oldida Pellegrini ancha kuchli va boy tajribaga ega murabbiy. Lekin jamoani o'zi bu bosqichda debyutant hisoblanadi. “Manchester Siti” ilk bora guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlab, ushbu bosqichga yo'l oldi. “Barselona” esa aksincha, “shaharliklar”ga nisbatan ancha tajribali va bu musoboqada g'oliblik nimaligini biladigan futbolchilar jamlanishgan.

“Barselona” bu mavsumda juda yorqin o'yin ko'rsatmoqda deb bo'lmaydi. Lekin chempionatda ishlari yomon emas. Yangi kelgan murabbiy qo'lidan kelgan ishlarni qilmoqda. Bazi joylarda, chiziqlarda ayrim o'zgarishlar kiritilmoqda. Bu ishlar balki asta-sekin o'z samarasini berib, jamoa muxlislari xohlagandek o'yinlar ko'rsatar balki. Buni vaqt ko'rsatadi. “Manchester Siti” bilan o'yin oldidagi chempionat bahsida nihoyat kataloniyalik muxlislar istaganidek o'yin bo'ldi va “Barselona” “Rayo Valekano”ni (6:0) tor-mor keltirdi. Bu uchrashuvdan keyin jamoa muxlislari ancha engil nafas olishdi va “shaharliklar” bilan o'yin oldidan o'zlarini hotirjam tutishmoqda.   

Qiziq duel. “Manchester Siti” – Xerardo Martino va Manuel Pellegrini – “Barselona”. Mezbonlar ushbu bosqichda debyutant hisoblanishsa, ularni ustozlari uchun bu raund begona emas va Pellegrini bu vaziyatlarda qanday yo'l tutishni yaxshi biladi. Kataloniyaliklar uchun bu bosqich so'nggi yillarda doim muvaffaqiyatli kechgan va jamoa bu borada boy tajribaga ega. Lekin kataloniyaliklar ustozi Xerardo Martino uchun bu  debyut mavsum.

Chempionlar Ligasi, 1/8 final uchrashuvi.
“Manchester Siti” – “Barselona”
Taxminiy tarkiblar:
“Manchester Siti”: Jo Xart, Kompani, Sabaleta, Nastasich, Klishi, Fernandino, Silva, Yaya Ture, Navas, Negredo, Jeko.
“Barselona”: Valdes, Pike, Maskerano, Adriano, Alvesh, Buskets, Xavi, Inesta, Neymar, Messi, Sanches.
Boshlanish vaqti: 00:45 (“Sport”, “NTV-PLYUS Futbol”)  


Shahboz Beg'amov.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia