O'zbekiston U-19 uchta o'yinni oq, bitta o'yinni ko'k libosda o'tkazadi

Narzulla Saydullayev
3 okt 2013, 17:31
O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi 4-12 oktyabr kunlari Qatarda tashkil etiladigan U-19 Osiyo chempionati-2014 A saralash guruhi bahslarida ishtirok etadi.
3 oktyabr kuni saralash bahslarida ishtirok etadigan mehmon jamoalar o'rin olgan Dohadagi Wyndham Grand Regency mehmonxonasida musobaqa tashkilotchilari, rasmiylari va termalarning menejerlari ishtirokida miting bo'lib o'tdi.

Musobaqa arafasida tashkil etilgan mitingda eng muhim masalalardan biri – bo'lajak uchrashuvlarda jamoalar qaysi rangli liboslarda to'p surishlariga aniqlik kiritildi. Miting yakunlariga ko'ra, Aleksey Evstafeev boshchiligidagi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi musobaqani ko'k libosda boshlaydigan bo'ldi.

Jumladan, 6 oktyabr, yakshanba kuni Turkmaniston yoshlar terma jamoasiga qarshi kechadigan bahsda o'zbekistonlik yoshlar ko'k rangli liboslarda maydonga chiqishadi. Raqib esa oq rangli libosda harakat qiladi. 8 oktyabr, seshanba kuni Nepal yoshlariga qarshi o'yinda O'zbekiston termasi oq rangli libosda harakat qiladi, raqib esa o'zining ananaviy qizil rangli liboslarida to'p suradi.

O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi 10 oktyabr, payshanba kuni Hindiston bilan bahs olib boradi. Ushbu uchrashuvda hindlar ko'k rangli, o'zbekistonliklar esa oq rangli liboslarda maydonga tushishadi. Saralash bosqichining so'nggi, qaysidir manoda, final bahsiga aylanishi kutilayotgan Qatarga qarshi o'yinda ham Aleksey Evstafeev shogirdlari oq libosda maydonga tushishsa, Qatar o'zining to'q qizil rangdagi futbolkalarida harakat qiladi.

Saralash bosqichining barcha o'yinlari Dohadagi Al-Arabi stadionida o'tkaziladi. O'yin kunlari mahalliy vaqt bilan 16:30 va 19:00da (Toshkent vaqti bilan 18:30 va 20:00da) uchrashuvlar o'tkaziladi. 19:00dagi o'yinlarning barchasi Qatar yoshlari ishtirokidagi bahslardir. Boshqa mehmon jamoalar kabi O'zbekiston ham faqat bir marta – Qatarga qarshi o'yinda nisbatan salqin vaqtda o'ynash imkoniga ega bo'ladi. Terma jamoaning qolgan barcha o'yinlari kun harorati hali nisbatan issiq bo'lgan vaqtga to'g'ri keladi.

Ma'lumot o'rnida, shu kecha-kunduzda Qatarda havo harorati 36-38 daraja issiq bo'lib, ko'rinishidan, bu O'zbekistondagi sentyabr boshidagi odatiy haroratdan ko'p ham farq qilmaydigandek ko'rinadi. Biroq, namlikning O'zbekistondagidan deyarli ikki barobar yuqori ekanligi futbolchilardan katta kuch, chidam va matonat ko'rsatishni talab etadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com