OCHL. Yarim final. Ko'zguda – “FK Seul” (J.Koreya)

Narzulla Saydullayev
25 sen 2013, 11:46
Bugun Osiyo chempionlar ligasining yarim final dastlabki bahslari bo'lib o'tadi. J.Koreyaning “Seul” klubi o'z maydonida Eronning “Istiqlol” jamoasini qabul qiladi. O'yin 15:30da boshlanadi.
Janubiy Koreyaning amaldagi chempioni “Seul” yildan yilga kuchayib boryapti. Agar jamoa Eronning “Istiqlol” klubidan ustun kelsa, final yo'llanmasini qo'lga kiritadi. Koreyslar avvalgi bosqichda Saudiyaning “Al Ahli” klubini musobaqadan chiqarib yuborishdi.

“Yarim finalda ishtirok etish “Seul” uchun tarixiy natija, - deydi jamoa bosh murabbiyi Choy Yong Su. – Dastlabki bahsni o'z maydonimizda o'tkazayotganimiz bois nima qilib bo'lsa-da yutishimiz shart. Yo'qsa, Tehronda bizga naqadar qiyin bo'lishini tasavvur qilyapman. Bizda jarohat olganlar ham, o'yinni o'tkazib yuboradiganlar ham yo'q. Bir so'z bilan aytganda, hamma tayyor. O'yinchilar ham, men ham e'tiborni faqat o'yinga qaratmoqchimiz. ”

Taniqli futbolchi Cha Du Ri esa uchrashuvdan oldin quyidagi fikrlarni bildirdi:

“Eronliklarga qarshi necha marta maydonga tushgan bo'lsam, birorta uchrashuv oson kechganini eslay olmayman. Ular kurashni yoqtirishadi, biz esa tezkor futbolni. Barchamiz navbatdagi bellashuvga jiddiy hozirlik ko'rdik. Finalga chiqish uchun bor kuchni ishga solamiz”.

Xayrulla Xoliqov tayyorladi. 

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia