Mirjalol Qosimov: "Maqsadimiz yaxshi o'yin namoyish etib, ishqibozlarni xursand qilish"

Narzulla Saydullayev
7 sen 2014, 12:34
O'zbekiston - Yangi Zelandiya o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvidan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida maydon egalari ustozi Mirjalol Qosimov va Temur Kapadze ishtirok etdi.

- Ertaga Yangi Zelandiya bilan birinchi o'ynaymiz. Raqib intizomli va jismonan baquvvat, yevropacha futbol ko'rsatadi. O'yin muxlislarga yoqadi deb o'ylayman. Maqsadimiz yaxshi o'yin namoyish etib, ishqibozlarni xursand qilish. Uchrashuvni birinchi raqamli jamoa sifatida boshlashni rejalashtirganmiz, - deb gap boshladi Qosimov.



Temur Kapadze: - Yangi Zelandiyani kecha o'rganib chiqdik. Futbolchilari jismonan baquvvat. Muxlislarga g'alaba taqdim qilishga intilamiz. Yoshlarimizga Osiyo o'yinlarida ijobiy natija qayd etishlariga tilakdoshman.

- Hujumchilar borasida muammo yuzaga kelmaydimi?
- O'rtoqlik uchrashuvlari jamoa imkoniyatlarini tekshirib ko'rish uchun ham tashkil etiladi. Futbolda faqat hujumchilar emas, balki yarim himoyachi va himoyachilar ham faol o'ynashlari zarur. .

- Iordaniya bilan o'ynagan futbolchilar ertaga maydonga tushishlari mumkinmi?
- Yo'q. Ko'p o'rtoqlik o'yinlari o'tkaza olmaymiz. Asosiy tarkibni sinab ko'ramiz. Yoshlar zaxiradan tushishlari mumkin.

- Yangi Zelandiya o'yinchilarining qanday ustun taraflari bor?
- Angliya, Fransiya, Gollandiya, Norvegiya singari davlatlarda to'p tepadigan futbolchilari bor. Yaponiya bilan kechgan bahsini kuzatdik. Standart vaziyatlarda yaxshi o'ynashadi, qanot himoyachilari hujumga yordam berishadi.

- Avvalgi holatiga qayta olsa, yana qaysi futbolchilarni chaqirishingiz mumkin?
- Bunday futbolchilar bor. Masalan, Salomov. Biroq u klubi tarkibida to'liq o'ynamayapti.



- Terma jamoaga anchadan beri chaqirilmadingiz. Termadagi faoliyatim tugadi degan fikr kelmadimi?
Temur Kapadze: - Yo'q, shu vaqt ichida o'tgan yilgi xatolar ustida o'ylashga ham vaqt topildi. Hozir esa jamoaga bor kuchim bilan yordam berishga tayyorman.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia