Mirjalol Qosimov: "Legionerlar nomzodini o'rganib chiqyapmiz""

Tolibjon Qosimov
24 dek 2013, 17:48
O'tgan haftada Bunyodkor rahbariyati yana ikki nafar futbolchi bilan rasman shartnoma imzoladi.
O'n uch yildan buyon Neftchi jamoasi sharafini himoya qilib kelgan yarim himoyachi Mansur Saidov hamda Navbahor chap qanot himoyachisi Rustam A'zamov yangi mavsumni qaldirg'ochlar safida boshlashadi. Bungacha Buxoro hujumchisi Vohid Shodiev, Neftchi himoyachisi Shukurali Po'latov, Guliston himoyachisi Boburjon Akbarovlar qaldirg'ochga aylanishgandi. Shuningdek, ikki yildan beri Guliston jamoasiga ustozlik qilib kelgan Baxtiyor Ashurmatov ham O'zbekiston chempioni murabbiylari shtabiga qo'shildi. Shu kunlarda jamoa mashg'ulotlari Bunyodkor stadionida davom etmoqda. Biz yakshanba kungi mashg'ulotlardan so'ng bosh murabbiy Mirjalol Qosimovdan intervyu oldik.

- Mashg'ulotlar odatdagidek davom etmoqda. Ilk yig'in bo'lgani uchun asosiy e'tibor futbolchilarning jismoniy va funkcional holatlarini tiklashga qaratilgan. Tarkibda katta o'zgarishlar bo'l­yapti. Buni normal holat deb bilaman. Misol uchun, o'tgan yili jamoamizni 14 nafar futbolchi tark etgandi. Mana bu yil ham asosiy tarkibning 50 foiz o'yinchilari faoliyatlarini boshqa klublarda davom ettirishga qaror qilishdi. Futbolchilarning bunday katta ko'chishi ro'y berganda klub rahbariyati va ayniqsa, murabbiylarga oson bo'lmaydi. Ketganlarning o'rnini munosiblari bilan to'ldirish bir muammo bo'lsa, ularning yangi muhitga moslashib ketishi ikkinchi muammo. Tarkibga kelib qo'shilgan hamma yangi futbolchilar ham jamoa o'yiniga tezda kirishib keta olishmaydi. Shu yil boshida Pishurga qoyil qolgandim. Xuddi 2-3 yildan beri shu tarkib bilan birga o'ynab yurgandek, tezda jamoa o'yiniga moslashib ketgandi. Endi bunday holatlar kam bo'ladi. Tarkibdagi yo'qotishlar bu bilan to'xtayotgani yo'q. Artyom Filipos­yan ham Bunyodkorni tark etish niyatida yuribdi. U faoliyatini xorij klubida davom ettirmoqchi. O'zi bilan bu haqda gaplashdim, Xitoy jamoalaridan taklif bo'layotganini aytdi. Agar Xitoy varianti o'xshamasa, Bunyodkorda qolishini ma'lum qildi. Rejaga ko'ra, Toshkentda yangi yilgacha mashg'ulot o'tkazamiz. Shu yig'in doirasida ikkita o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazishni rejalashtirganmiz. 3 yanvar kuni tartib bo'yicha ikkinchi yig'inimiz boshlanadi va Toshkentda ikki hafta davomida jismoniy mashg'ulotlarga zo'r beramiz. 18 yanvar kuni esa ilk xorij yig'inini o'tkazish uchun BAAga jo'nab ketiladi. Amirliklardagi yig'in 1 fevralgacha davom etadi. Reja bo'yicha 22 yanvar kuni Shaxtyor, 25 yanvarda Dinamo, 30 yanvar sanasida Spartak klublariga qarshi nazorat o'yinlari o'tkaziladi. Moskvaning ikki klubi bilan kelishib bo'ldik. Ayni paytda Ukraina chempioni bilan muzokara davom etyapti. O'sha paytda Brondbyu jamoasi ham Dubayda yig'in tashkil etarkan. Balki, Daniya klubi bilan ham o'rtoqlik o'yini o'tkazarmiz. Ikkinchi xorij yig'inimiz esa 4-17 fevral kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida o'tkaziladi. U yerda 6ta o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazish rejaga kiritilgan. Menga hozir Antaliyada o'ynashimiz mumkin bo'lgan klublarni taklif etishyapti. Ular orasidan eng maqbullarini tanlaymiz.

- Mashg'ulotlarda tajribali Pavel Bugalo hamda Guliston jamoasi hujumchisi Alisher Shog'ulomovga ko'zimiz tushdi. Ularni ham yangi mavsumda Bunyodkor libosida ko'ramizmi?

- Bugaloning mavsumni Bunyodkorda boshlashi aniq bo'ldi. O'zi bilan bu haqda gaplashib oldik. Unga birinchi raqamli darvozabon bo'lishi mumkinligini, lekin bunga faqat o'z harakati bilan erisha olishini tushuntirdim. Bugaloga Andijon jamoasidan taklif bo'layotgandi. Pashaning o'zi ham bor imkoniyatini ishga solishi va ishonchni oqlashga harakat qilishini aytdi. Keyin unga faoliyatini yakunlaganidan so'ng klub akademiyasida murabbiy bo'lib ishlash taklifini berdim. Bugaloning o'zi ham oilasi bilan Toshkentda qolmoqchi. Endi kim kuchli bo'lsa, o'sha futbolchiga ishonch bildiraman. Bu hamma futbolchilarga tegishli gap. Keyin o'tgan mavsumni jarohati sababli o'tkazib yuborgan Nasaf yarim himoyachisi Jahongir Jiyamurodov ham faoliyatini Bunyodkorda davom ettirishi mumkin. Anzur Ismoilov va Shavkat Salomovga sport formalarini ushlab turishlari uchun jamoa bilan birga mashg'ulot o'tkazishga ruxsat berdik. Faqat hamma bilan bir xilda mashg'ulotda qatnashasizlar, bir kun kelib, ikki kun dam olish degan narsa yo'q, deb shart qo'ydik.

- Faxriy futbolchilardan Xayrulla Karimov faoliyatini yakunlamoqchi emasmi?

- Yo'q. Hali Xayrullaning jamoaga ko'p foydasi tegadi. Ko'plab yosh futbolchilar bilan shartnoma imzoladik. Ularning o'sishida Karimovga o'xshagan tajribali o'yinchilar kerak bo'ladi.

- Baxtiyor Ashurmatovning murabbiylar shtabidagi roli qanday bo'ladi? Biri necha yillik yordamchilaringiz - Hikmat Ergashev va Murod Otajonov jamoada qolishadimi?

- Baxtiyorning kelishi ularga ta’sir qilmaydi. Ashurmatov Bunyodkorda o'ynagan, ma'lum muddat murabbiy bo'lib ishlagan. Gulistonda ham shunday qiyin sharoitda yaxshi jamoa shakllantira oldi. Birinchi davrada ko'rsatgan natijalari tahsinga loyiq. U asosiy va o'rinbosarlar tarkibida ham birdek ishlaydi. Qolaversa, hozir PRO murabbiylik guvohnomasiga ham o'qiyapti.

- Bu yil Sardor Rashidov, Dilshod Jo'raev, Alibobo Rahmatullaev singari yosh o'yinchilar asosiy tarkib futbolchilariga aylanishdi. Rashidov hatto milliy terma jamoada ham o'zini ko'rsata boshladi. Yangi mavsumda shunday yoshlardan yana kimlarga umid bog'layapsiz?

- Hozirda asosiy tarkib bilan birga Sardor Sobirxo'jaev, Zabihillo O'rinboev, Mirjamol Qosimov, Javlon Mir­abdullaev, Hasan Asqarov kabi o'rinbosarlar jamoasi futbolchilari mashg'ulotlarda ishtirok etishyapti. Kamronbek Kapadze esa biroz betob bo'lib qolganligi uchun hozir davolanyapti. Umuman, shu yoshlardan umidim katta.

- Ignatiy Nesterovning asosiy raqib - Lokomotivga o'tib ketganini qanday qabul qildingiz?

- Oddiy. Futbolchini majburlab o'ynatib bo'lmaydi. Shartnomasi yakunlangandi, boz ustiga Lokomotivdan yaxshi taklif tushdi. Bunga qarshilik qilmadik. Anvar G'ofurov ham xuddi shunday yo'l tanladi. Ular yosh bola emasku, o'zlari qaror qabul qilishdi

- Legionerlar masalasi kun tartibida turibdimi?

- Bir necha legionerlarning nomzodini o'rganib chiqyapmiz. Ularni BAA va Turkiyadagi yig'inlarimizga taklif etib, sinovdan o'tkazamiz. Xorijlik futbolchilar masalasida ehtiyot bo'lishimiz kerak. Bitta markaziy himoyachi va markazda o'ynaydigan yarim himoyachiga muhtojmiz. Shu ikki chiziq har qanday sharoitda kuchaytirilishi shart. Keyin osiyolik futbolchi variantini ham ko'rib chiqyapmiz. Marko Blajich esa jamoani tark etdi.

- Mansur Saidov va Shukurali Po'latovning Bunyodkorga o'tishini Yuriy Sarkisyan bilan bog'lashyapti. Gap-so'zlarga qaraganda, Yuriy Vazgenovich sizning jamoangizda maslahatchi - murabbiy vazifasida ishlar ekan. Shu ma'lumot rostmi?

- Inkor etmayman. Yuriy Vazgenovich boy tajribaga ega mutaxassis. Uning tajribasidan foydalanish kerak. Shu maqsadda uni maslahatchi - murabbiy lavozimiga taklif qilganmiz. Lekin bu hali rasman amalga oshmadi.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi.

Tolibjon QosimovMuallif
Manba: "ИнтерФУТБОЛ" газетаси