

Unda jamoa o'yinchilari 21 dekabrdan e'tiboran yangi mavsumga tayyorgarlikni Toshkent viloyati Chirchiq shahrida boshlashi e'lon qilindi.
Dastlabki o'quv-mashg'ulot yig'inida asosiy e'tibor futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini tiklash masalasiga qaratiladi. Mashg'ulotlar 30 dekabrga qadar olib boriladi. Undan keyin Yangi yil bayrami munosabati bilan kichik tatil e'lon qilinadi va o'yinchilar 2016 yilning 4 yanvaridan navbatdagi yig'inga kirishishadi.
Murabbiylar kengashida jamoa tarkibida bazi o'zgarishlar yuzaga kelayotganligi ma'lum qilindi. Jumladan, mavsum oxirida ko'zini operaciya qildirgan katta murabbiy Mikola Shevchenko salomatligini tiklab olishi uchun vazifasidan ozod etishlarini so'ragan. Uning vazifasini endilikda XXII Osiyo o'yinlarining chempioni, uch karra O'zbekiston chempioni, bir necha bor mamlakat chempionatining sovrindori bo'lgan va ikki marta O'zbekiston kubogini boshi uzra baland ko'targan Fevzi Davletov bajaradi.
Mashg'ulotlarni tashkil etish, raqiblar o'yinini o'rganish, shunga yarasha tayyorgarlik ko'rish jarayonida Fevzi Rizaevichga xuddi uning kabi Xirosima stadionlarida mahorat ko'rsatib, Osiyo o'yinlarining chempioni bo'lgan, besh karra O'zbekiston chempioni va O'zbekiston kubogi sohibi Abduqahhor Marufaliev va klub tarixidagi eng yorqin hujumchilardan biri bo'lgan Ilyos Qurbonovlar yordam berishadi. O'z navbatida I.Qurbonov yoshlar tarkibiga mas'ul Odil Isaboevning ham yordamchisi sifatida ham foaliyat yuritadi.
Jamoaga umumiy rahbarlik bosh murabbiy Rustam To'xtamurodovich Mirsodiqov zimmasiga yuklatilgan. Saidov Shavkat Ne'matovich esa jamoa boshlig'i vazifasini bajarishda davom etadi.
O'z navbatida jamoaning asosiy tarkibi ananaviy ravishda saqlanib qolinayotganligini aytib o'tish kerak. To'g'ri, tarkibda kichik juziy o'zgarishlar bo'lishi kutilyapti. Jumladan, yaqinda O'zbekiston olimpiya terma jamoasi tarkibida yig'inda ishtirok etib kelgan hujumchimiz Shohnazar Norbekov o'z kuchini yaqin qo'shnilarimiz – Qozog'iston chempionatida sinab ko'rishga qaror qilgan. Jamoaning rossiyalik yagona legioneri Aleksandr Kovalev ham o'z mamlakatiga qaytishni lozim topdi. O'z navbatida barcha chiziqlarni kuchaytirish maqsadida boshlanajak yig'inga yangi o'yinchilar ham taklif etilyapti. Ammo ulardan qaysi biri klubda qoladi, bekobodliklar safini yana kimlar tark etishi mumkin degan savollarga esa ikkinchi yig'in davomida javob olamiz.



