

O'yin oldidan jamoalar tayyorgarligi, ularning finalga qanday yetib kelganligi va o'yinchilar holati haqida prevyuni taqdim etamiz.
Finalgacha yo'l
Manchester Siti qiyinchiliksiz guruhda birinchi o'rinni egalladi, beshta uchrashuvda g'alaba qozondi, bir uchrashuv durang bilan nihoyasiga etdi.
Gvardiola jamoasining pley-offdagi navbatdagi ikki raqibi Germaniya klublari edi. Myunxengladbaxning Borussiyasiga qarshi muammoga duch kelinmadi - bir xil hisobdagi ikki g'alaba (2:0). Ammo Borussiya Dortmundga qarshi o'yinlarda shaharliklar ancha ter to'kishdi. 2:1 hisobida ikkita takror g'alabadan so'ng, yarim finalga yo'l ochildi. U yerda Man Sitini o'tgan yilgi finalchi PSJ kutayotgan edi, ammo bu to'siqni ham Pep shogirdlari bartaraf etishdi (2:1, 2:0).
Turnirdagi to'purar futbolchilari: Riyad Maxrez, Ferran Torres (4)
Chelsi ham guruhdan chiqish uchun deyarli qiyinchiliklarga duch kelmadi. Londonliklar to'rt marta g'alaba qozonishdi va ikki bor durang o'ynashdi. Pley-offda birin-ketin Atletiko, Portu va Real Madrid klublarini er tishlatishdi.
Turnirdagi to'purar futbolchisi: Olive Jiru (6)
Imkoniyatlar
Manchester Siti
Chelsi bilan uchrashishdan oldin Pep Gvardiola asosiy e'tiborini Chempionlar ligasi pley-off bosqichining birinchi bo'limlarida duch kelgan qiyinchiliklarga qaratsa, ajabmas. Dortmundning Borussiya klubi bilan javob uchrashuvida va PSJ bilan dastlabki o'yinda shaharliklar uchun ilk bo'lim juda mashaqqatli kechgan.
Nemis klubiga qarshi ilk taymni 0:1 hisobida boy berishdi. Jamoa shu qadar cheklanib qolgan edi-ki, ular dastlabki 45 daqiqada atigi bitta aniq zarba berishga muvaffaq bo'lishdi. O'yinning ikkinchi yarmida xotirjam o'yin ko'rsatgan shaharliklar darvoza tomon to'rtta aniq zarba ijro etdi, ulardan ikkitasi darvoza to'ridan joy oldi.
Shuningdek, shaharliklar Parijda ham ilk bo'limda mag'lub bo'lishdi. O'yin ochiq tarzda o'tdi - birinchi bo'limda mezbonlar to'rtta, mehmonlar esa ikkita zarba berishdi. Ammo Gvardiola jamoasi faqat ikkinchi bo'limda raqibning qo'l-oyoqlarini bog'lash bilan birga, o'z imkoniyatlaridan foydalanishga muvaffaq bo'ldi. Tanaffusdan keyin PSJ darvoza tomon bironta zarba berolmadi, Manchester Siti esa to'rt marta buni uddaladi.

Chelsi bilan aksincha bo'ladimi?
Chelsiga qarshi so'nggi ikki o'yinda Manchester Siti statistik jihatdan ancha bo'shashgan. Kubok yarim finalida shaharliklar mehmonlar raqib darvozasiga zarba berish bo'yicha yaxshiroq natijaga erishdi hamda chempionat uchrashuvida birinchi bo'limda g'alaba qozonishdi. Shu bilan birga, Serxio Aguero uchrashuv g'olibi masalasini hal qilishi mumkin edi, ammo u penaltini aniq amalga oshira olmadi. So'nggi ikki o'yin boy berildi.
Chempionlik o'yinida Manchester Siti ikkinchi bo'limda tashabbusni Chelsiga butunlay topshirgani ham qiziq. Londonliklar 61 foizga to'pni egalik qilishdi va har bir zarbaga to'rtta zarba bilan javob qaytarishdi. Ammo Tomas Tuxel Chempionlar ligasi finalidan oldin takidlaganidek, keyingi to'qnashuv noldan boshlanadi.
Ederson penaltidan zarba berishni juda xohlamoqda
Biz darvozabonlar darvozabonlari borligini unutmasligimiz kerak - Eduard Mendi va Ederson APLning ushbu mavsumidagi eng yaxshilari. Braziliyalik kiper chempionatda 19 ta quruq uchrashuv o'tkazdi. Senegallik posbon esa 16 o'yinda darvozasiga hech kimni yaqin yo'latmasdan, bu ko'rsatkich bo'yicha ikkinchi bo'ldi. Ammo Chempionlar ligasida hozirda sakkiz bor darvoza daxlsizligini saqlagan Mendi oldinda. Edersonda bu natija bittaga kam.

Finaldan oldin braziliyalik kiper qarama-qarshilik darajasini yanada yuqori darajaga ko'tarishga qaror qildi. Ederson penalti tepishni xohlayotganini aytdi. Yevropa Ligasining hal qiluvchi o'yinida sodir bo'lgan voqealar fonida, ehtimol, biz yana darvozabonlar duelini ko'rarmiz.
Chelsida nima gaplar?
Mendi va Kante
Mavsum davomida Chelsida yo'qotishlar ko'p bo'ldi, hatto eng yaxshi futbolchilari ham jarohatlarga yo'liqdi. Chempionlar ligasi finalida yarim himoyachi Ngolo Kante va darvozabon Eduard Mendining ishtirok etishi so'roq bo'lib turibdi.

Yarim himoyachi Lesterga qarshi zafarli uchrashuvni tugata olmadi (2:1) va Aston Villa bilan so'nggi o'yinni o'tkazib yubordi (1:2). Mendi ham jarohatdan aziyatt chekmoqda. Chempionlar Ligasi finalidan bir hafta oldin Tomas Tuxel Kepaning darvozada ko'rinishini istisno qilmasligini aytdi.
Ammo o'yindan uch kun oldin Kante va Mendi umumiy guruhda mashg'ulotlarni boshlagani ma'lum bo'ldi. Keyinchalik ikkalasi ham finalda asosiy tarkibda tushishga da'vogar ekanligi ma'lum bo'ldi. Shunday qilib Tuxel Manchester Siti bilan o'yinga to'liq tayyor.
Chelsi eski libosiga qaytadi
Klublar yangi liboslar bilan mavsum boshlanishidan oldin emas, balki amaldagi mavsumda ham foydalanayotgani birinchi marta emas. Angliya kubogi finalida Lesterga qarshi o'yinda yangi uy libosini kiyib olgan Chelsi ham shunday qildi. Shuningdek, Barselonaga qarshi Chempionlar ligasi finalida o'ynagan londonliklarning ayollar jamoasi bilan ham shunday hol yuz berdi. Natija esa - ikkita mag'lubiyat.

Shundan so'ng klub eski ko'rinishga qaytgan maqul deya hisobladi. Qizig'i shundaki, bu kabi hodisalar Chelsi bilan ilgari ham sodir bo'lgan. 2008 yilda londonliklar Manchester Yunaytedga qarshi Moskvada bo'lib o'tgan Chempionlar Ligasi finali uchun yangi libosda maydonda saf tortishdi. Ushbu o'yinda ham yutqazdilar.
Taktika va tarkiblar
Gvardioladan istalgan daqiqada kutilmagan taktikalarni kutishingiz mumkin. Bavariya murabbiylik postida bu isbotlangan. Ammo shunga qaramay, 4-3-3 standartiga asoslansa kerak. Stouns va Diash mudofaa markazida, Uoker esa o'ngda harakat qiladi. Chap qanot himoyasi savol ostida - Kanselumi yoki Zinchenko? PSJ bilan to'qnashuvda ukrainalik futbolchi munosib harakat qildi. Pep unga finalda ham ishonsa kerak. Maydon markazida uchlik - Gyundogan-Rodri-Silva joy olsa kerak va Foden, de Bryuyne va Mahrez oldingi qatorda to'p tepishi mumkin. Gvardiola Agueroni tarkibga sig'dirishga jurati etmasa kerak.
Kepa, albatta, Chelsi darvozasida bo'lmaydi. Mendi qo'ltiqtayoqda bo'lsa ham o'z joyini egallasa kerak. Himoyada Ryudiger-Silva-Aspilikueta uchligini kutmoqdamiz. Chiluell va Jeyms qanotlarda harakatlanishadi, Kante va Jorjino juftligi markaziy yarim himoya qo'rg'onini egallaydi. Maunt va Verner safiga Ziesh qo'shilishi mumkin, shuningdek, Tuxelda Pulishich varianti ham bor.
Natija
So'nggi ikki uchrashuvda Aristokratlarning qo'li baland kelgan. Ammo Pep uchun u o'yinlar muhim ahamiyatga ega emasdi. 2016 yildan beri shaharliklarni boshqarayotgan mutaxassisning ushbu klub bilan erishmagan faqat shu asosiy sovrini qolgan. Kubokka erishish uchun Siti tish-tirnog'i bilan kurashsa kerak. Buyuk murabbiylarni birin-ketin taslim eta olgan Tuxel ham kubokdagi muvaffaqiyatsizlik alamini ushbu ushrashuvdan olishi mumkin. Nima bo'lgan taqdirda ham, 29 may oqshomida shiddatli bahs guvohiga aylanamiz.

Sizningcha, ushbu to'qnashuvda kim xursandchilik bilan, kim esa ko'zyoshlar bilan maydonni tark etadi?
Oqil Abdubarnoev



