

San-Paulu klubi yoxud uchranglilar 10-15 yil oldin Braziliya futbolining bayroqdori sanalishar edi. Oxirgi vaqtlarda og'iz ko'pirtirib maqtashga arzigulik natijalar ko'rsata olmayotgan mazkur jamoa ko'plab futbolchilarga yevropa maydonlari tomon ko'prik vazifasini o'tab bergan. Quyida shunday nomlar haqida qisqacha so'z yuritamiz:
1.Kafu (1989-1994). Mazkur futbolchining biografiyasida juda qiziqarli fakt bor. 1970 yilda tavallud topgan futbolchini 18 yoshiga qadar biror bir futbol akademiyasi qabul qilmaydi. Vaj sifatida Kafu futbol talablariga javob berolmasligi ko'rsatiladi. Kafudagi iqtodorni ilg'ay olgan San-Paulu klubi mutasaddilari uni jamoa safiga qo'shib olishdi. 1994 yilda Real Saragosa Kafuni ispan o'lkasiga olib keldi. Yillar o'tib Kafu dunyoning eng yaxshi qanot himoyachilaridan biri sifatida etirof etildi. Himoyachi 1997/2003 yillarda Roma, 2003/2008-yillarda Milan sharafini himoya qildi. Ketma-ket 4 mundialda ishtirok etgan futbolchi 2 bor chempionlik shohsupasiga ko'tarilgan edi.

2.Kaka (2001-2003). Klub akademiyasida tarbiyalangan Rikardu dos-Santos 2003 yilda Karlo Anchelotti tomonidan Milanga olib ketilgan. 2007 yilda Chempionlar ligasida zafar quchgan Rikki yakunda Oltin to'pga munosib deb topilgandi.

3.Karlos Kazemiro (2010-2013). Klub o'z tarbiyalanuvchisini 2013 yilda Madridning Realiga qo'yib yuborgandi. Endigina 27 yoshga to'lgan Kazemiro esa madridliklar safida 4 bor chempionlar ligasida zafar quchishni uddaladi.
4.Beletti (1996-2002). Aslida, Kruzeyro tarbiyalanuvchisi hisoblanadigan himoyachi klub safidagi 6 yillik faoliyatidan keyin ko'hna qitaga yo'l oldi. 2011 yilga qadar Vilyareal, Barselona va Chelsi klublarida asosan zahira himoyachisisifatida 180dan ortiq uchrashuvda maydonga tushdi.
5.Serjino (1996-1999). Mazkur futbolchi ayni kuchga to'lgan davrida Braziliyada to'p surdi va nisbatan kech porladi. Zero, u 1999 yilda Milanga yo'l olayotgan pallada 28 yoshda edi va rossonerilar safida 37 yoshiga qadar to'p tepdi. Bu muddat davomida Chempionlar ligasini ikki bor qo'lga kiritishni uddaladi.
6.Edmilson (1995-2000). Uchranglilar sharafini 5 yil mobaynida himoya qilgach, yevropaga yo'l oldi va Lion, Barselona, Vilyareal klublari sharafini himoya qildi. Futbolchi 2002 yilgi mundial va Chempionlar ligasining 2005/2006 yilgi mavsumida zafar quchgandi.

7.Denilson (2005-2006). Klub safida bir mavsum o'ynagach, 18 yoshida Arsen Venger tomonidan Londonga olib ketildi. Denilson to'pchilar safida 7 mavsum mobaynida 96 uchrashuvda 9 gol kiritdi.
8.Sisino (2004-2005). Mazkur qanot himoyachisi ham klub safida bir mavsum harakat qilgach, Real Madrid safiga borib qo'shilgandi. Futbolchi 7 yil mobaynida Real va Roma safida asosan zahira futbolchisi sifatida harakatlandi.
9.Joao Miranda (2006-2011). Miranda ham San-Pauludan Atletiko safiga kelib qo'shilgandi. 2015 yildan buyon esa Inter sharafini himoya qilmoqda.
10.Lukas Moura (2010-2012). Moura klub akademiyasidan yetishib chiqqan vaqtlarida eng iqtidorli braziliyaliklardan biri edi. Keyinchalik 5 yil mobaynida PSJ safida to'p surgan futbolchi hozir Londonning Tottenxem klubi sharafini himoya qilmoqda.

Yuqorida nomlari keltirilgan futbolchilardan Kafu va Kakaga e'tibor qaratishingizni so'raymiz. Biri 18 yoshgacha akademiyalarga ham qabul qilinmadi. Ammo mehnat tufayli oradan yillar o'tib, Jahon chempionatining oltin kubogini boshi uzra ikki bor ko'tarishni uddaladi. Boshqasi esa dahshatli jarohatdan forig' bo'lish, futbolga qaytish uchun o'zida kuch topa oldi va yakunda Oltin to'p bilan mukofotlandi.
Xulosa o'zingizdan.
Faxriddin Ro'ziev tayyorladi



