Dilshod Nuraliev: “Yarim finalda “Qo'qon-1912” bilan qiziqarli o'yin bo'ladi”

18 fev 2014, 11:06
PFL Kubogida boshqa klublarga nisbatan anchagina yosh tarkib bilan ishtirok etayotgan “Paxtakor-2” shunga qaramay musobaqada yarim final yo'llanmasini qo'lga kiritdi.
Dilshod Nuraliev boshqaruvdiga jamoa endi ertaga yarim finalda “Qo'qon-1912” bilan ro'baro' keladi.

- “Obod” bilan o'yin biz uchun ham oson kechgani yo'q. Ikkinchi bo'limning oxirlarida yigitlarimiz jismonan charchab qoldi – deya gap boshladi Nuraliev. – Umuman olganda, yakunda natija biz uchun qoniqarli bo'ldi va shu bois o'yindan ko'nglim to'ldi.

- PFL Kubogi turniri haqida umumiy fikrimni aytadigan bo'lsam, unda ishtirok etayotgan har bir klub uchun foydali bo'layotgani aniq. Mavsum boshlanishi oldidan ham o'yin amaliyotni oshishiga xizmat qiladi, ham jamoaviy o'yinni shakllanishida asqotadi. Shuning uchun musobaqa tashkilotchilariga minnatdorchilik bildiraman.

- Mazkur turnirda ishtirok etishdan asosiy maqsadimiz avvalo yigitlarning nimalarga qodir ekanligini yana bir bor bilib olish va shunga monand o'yin tashkil etishni yo'lga qo'yish edi. Shu sababli ham futbolchilarimiz oldiga birinchi navbatda natija ko'rsatishni vazifa qilib qo'ymadik. Ammo shogirdlarim turnirda katta ishqtiyoq bilan qatnashayotganini, yarim final yo'llanmasini qo'lga kiritganimizdan ham bilib olish qiyin emas.

- Endigi raqibimiz “Qo'qon-1912” anchagina tajribali o'yinchilardan tashkil topgan. Bu jamoa bilan qishki yig'inimizning dastlabki bosqichida ham o'ynagandik. Tohir aka Kapadze kurashuvchan jamoa shakllantirganini aytib o'tishim kerak. Qolaversa “Qo'qon-1912”ning oldiga bu yil elitaga chiqish vazifasi qo'yilmoqda. Qisqacha aytganda bo'lajak bahs qiziqarli kechishi turgan gap. Yarim finalda bu jamoani favorit deb hisoblayman.

Islombek Rustambekov suhbatlashdi.

Manba: championat.asia