“Bunyodkor-B” - “Lokomotiv” qarama-qarshiligi

Narzulla Saydullayev
17 okt 2013, 16:45
13 oktabr kuni “Bunyodkor” futbol maktabi maydonlarida bolalar va o'smirlar o'rtasidagi Toshkent shahar birinchiligining 8-tur o'yinlari doirasida “Bunyodkor-B” jamoasi “Lokomotiv”ning turli yosh toifasidagi jamoalarini qabul qildi.
2001 (1:0)
Dastlabki bahs minimal hisobda mezbonlarning g'alabasi bilan yakunlandi. O'yinni har ikki jamoa faol ruhda boshlaganiga qaramay birinchi bo'limda darvozalar dahlsizligi saqlanib qolindi. Bir-ikki vaziyatni hisobga olmasa, birinchi taymda xavfli vaziyatlar kuzatilmadi. Jamoalar asosan bir-birlarini o'rganish bilan vaqtni o'tkazishdi. Ikkinchi bo'limda mezbonlar o'yin ustunligini qo'lga olishga erishdilar. Biroq uyushtirilgan hujumlarning faqat bittasigina o'z natijasini berdi. Sardor Nazarovning markazdan oshirib bergan to'pini Abduazim Abdulazizov o'zining aniq zarbasi bilan golga aylantirdi. Mehmonlar ham bir necha bor golli vaziyatlar yaratishga muvaffaq bo'lishdi. Biroq o'yin yakuniga qadar ushbu hisob saqlanib qolindi.

2000 (3:0)
Ikkinchi bo'lib maydonga 2000 yilda tug'ilgan bolalardan iborat jamoalar tushib kelishdi. Bu jamoalarning o'zaro to'qnashuvida yosh “qaldirg'ochlar” yirik hisobda g'alaba qozondi. E'tiborlisi, gollarning barchasi birinchi bo'limda kiritildi. Dastlab hisobni Ixtiyor Xolmo'minov o'zining uzoqdan yo'llagan zarbasi bilan ochdi. Bu vaziyatda to'p mehmonlar posbonining qo'llari orasidan o'tib, darvoza to'ridan joy oldi. Ikkinchi golni Kamron Do'stmuhammedov o'z hisobiga yozib qo'ydi. Burchak to'pidan yo'llangan zarbani Kamron boshi bilan darvozaga “joylab” qo'ydi. Uchinchi gol penaltidan kiritildi. Bu vaziyatda Shoxruh Norqulov o'ziga yaratilgan imkoniyatdan samarali foydalandi va o'yinga mantiqiy nuqtani ancha erta qo'ydi. Garchi ikkinchi taym teng kurashlar ostida kechgan bo'lsa-da, hisob o'zgarmay qoldi.

1999 (2:0)
Bu uchrashuvda garchi hisobdagi ustunlik “bunyodkorchilar” tomonida bo'lgan bo'lsa-da, o'yin borasida har ikki jamoa a'zolari bir-biridan aslo qolishmasligini namoyish etishdi. Bu borada murabbiylarning o'yinni ko'ra bilish qobiliyatini alohida etirof etish joizdir. O'yinga to'xtalib o'tadigan bo'lsak, mezbonlarning ilk xavfli hujumiyoq gol bilan yakunlandi. O'ng qanotdan uzatilgan “pas”ni Nodir Nosirov chiroyli golga aylantirdi. Ikkinchi bo'lim ham teng kurashlar ostida kechdi. Zahiradan maydonga tushirilgan futbolchilar o'yin “temp”ini oshirishga erishdilar. “Bunyodkor-B”ning ikkinchi goli aynan ikkinchi bo'limda maydonga tushgan Farrux Vohidov hisobiga yozildi.

1998 (2:2)
Shu kungi o'yinlar taqvimi ichidagi uchrashuvlar orasida faqat ushbu o'yindagina tomonlar murosa yo'lini tanlashdi. Bu o'yinni murabbiylarning o'zaro maydondagi kurashi bo'ldi desak ham xato qilmaymiz. Negaki, har ikki jamoa murabbiylari tanlagan tarkib va taktika o'zini oqladi. Birinchi bo'lib hisobda oldinga chiqib olish mehmonlarga nasib etdi – 0:1. Goldan so'ng “bunyodkorchilar” ham hujumlarga zo'r bera boshladi. Bu tezda o'z natijasini berdi. Islombek Yarashev va Bekzod Hasanovlar ketma-ket gol kiritib, jamoasini oldinga olib chiqishdi. O'yin yakuniga oz qolganda mehmonlar ham o'z hisoblariga yana bitta gol yozib qo'yishga erishdilar. Shu tariqa o'yin durang natijasi bilan yakunlandi – 2:2.

1997-98 (4:1)
Gollarga boy bo'lgan bu uchrashuvda “Bunyodkor-B” vakillari mehmonlarga hech qanday imkoniyat qoldirmadi – 4:1. O'yin borasida ham, taktika va individual harakatlar borasida ham mezbonlar ustunlik qilishdi. Maydonning har qarichi yosh “qaldirg'ochlar” nazoratida bo'ldi. Husan Muzaffarovning “dubl”i, Yusuf Ergashev va Sanjar Ochilovning gollari maydon egalariga g'alaba keltirdi.

Shu kungi o'yinlar ichida faqat 2002 yilda tug'ilgan bolalar uchrashuvi o'tkazilmadi va “Bunyodkor-B” hisobiga texnik g'alaba yozildi.


Sanjar ISMATOV

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcbunyodkor.com