Bugun futbol. "Lokomotiv" - "So'g'diyona"

Xayrulla Xoliqov
20 iyun 2020, 12:52
Bugun Coca Cola Superligasining 5-tur o'yinlari davom ettiriladi.

O'tgan turda mag'lubiyatga uchragan "Lokomotiv" o'z maydonida avvalgi tur g'alabaga erishgan "So'g'diyona"ni qabul qiladi. Turnir jadvalida "Loko" 6 ochko bilan 7-o'rinni egallab turibdi. "So'g'diyona" esa 4 ochko to'plagan holda 11-o'rinda boryapti.

Aytib o'tganimizdek, karantindan so'ng dastlabki bahsda "Loko"ning omadi kelmadi. Jamoa o'z maydonida "Metallurg" bilan kuch sinashib, kutilmaganda 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. "So'g'diyona" esa aksincha Jizzaxda "Paxtakor"ni qabul qilib 1:0 hisobida g'alabaga erishdi. 

Bugungi o'yin "Loko" uchun uydagi to'tinchi bellashuv bo'ladi. Avvalgi uchta bahsda "temiryo'lchilar" ikki bor zafar quchib, bir marta mag'lub bo'lishgan. "Temiryo'lchilar" "Metallurg"ga imkoniyatni boy berishdan oldin uyda "Andijon" (2:1) va "Buxoro" (3:0) ustidan g'alaba qozonishdi. 

Shu paytgacha 4ta o'yinda maydonga tushgan "So'g'diyona" hisobida faqat bitta g'alaba bor. Ulug'bek Baqoev shogirdlari bungacha ikki bor mag'lubiyatga uchrab, bir marta durang o'ynashdi. "So'g'diyona" safardagi ikkita o'yinda ham imkoniyatni boy bergan: 1-tur "Mashal"ga 0:3 hamda 3-tur "Qo'qon-1912"ga 1:2.

Imkoniyatlar haqida nima deyish mumkin? Albatta, "Lokomotiv" o'z maydonida o'ynaydi va o'tgan turdagi mag'lubiyat tasodif ekanligini isbotlashga harakat qiladi. "Paxtakor"ni mag'lub etgan "So'g'diyona" esa bu turda ham ochkoli bo'lishga urinib ko'radi. 

P.S. Soat 19:00da boshlanadigan o'yinni "Sport" telekanalida to'g'ridan to'g'ri kuzatib boring.

Coca Cola Superligasi 5-tur

"Lokomotiv" - "So'g'diyona"

Hakamlar: Aziz Asimov, Xusniddin Shodmonov, Aleksandr Burov, Ilya Ilin

Nazoratchi: Dmitriy Roman

Komissar: Shohrux Said

20 iyun. "Lokomotiv" stadioni. 19:00

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia