

Xabaringiz bor, shu yilning 3-5 dekabr kunlari Osiyo Futbol Konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa rasmiy tashrif bilan yurtimizda bo'lgandi.
Tashrif davomida OFK prezidenti O'zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov bilan yurtimizda futbolni rivojlantirish, o'zbek futbolini yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha kelgusi rejalar haqida suhbatlashib, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi bu borada O'zbekiston Futbol Federatsiyasini har tomonlama qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma'lum qilgandi.
Ana shu uchrashuv chog'ida Osiyo Futbol Konfederatsiyasida Asian Football Confederation Administration System dasturini O'zbekistonda ham qo'llash bo'yicha kelishuvga erishilgan.
Asian Football Confederation Administration System dasturi ma'lumotlar bazasi bo'lib, bu bazada har bir futbol musobaqasi yoki tadbirida ishtirok etish uchun ro'yxatdan o'tgan shaxslar ma'lumotlari saqlanadi.

Masalan, futbolchining tug'ilgan yili, bo'yi, og'irligi, qaysi klublarda to'p surganligi, qaysi chempionatlarda ishtirok etganligi va shunga o'xshash ma'lumotlar jamlanib, o'sha futbolchiga tegishli bo'lgan barcha hujjatlar arxivi tuziladi. Bu dastur ayniqsa, bolalar futbolidagi yosh kichraytirish bilan bog'liq muammolarni oldini olishda juda qo'l keladi. Chunki dasturga kiritilgan har bir futbolchining ma'lumotlari, uning fotosurati har yili yangilab turiladi.
O'zbekiston Futbol Federatsiyasi mazkur dasturni yurtimizda joriy qilish borasida say-harakatlarni amalga oshirmoqda. 2018 yildan boshlab Asian Football Confederation Administration System dasturi O'zbekistonda ham yo'lga qo'yilib, futbol musobaqalari va tadbirlarida ishtirok etuvchi ro'yxatdan o'tgan barcha insonlarning ma'lumotlari jamlanadi. Superliga va Pro-ligada qatnashuvchi jamoalar ham mavsum boshida qaydnomalarni aynan mana shu dastur orqali elektron tarzda amalga oshirib borishadi.
Bundan tashqari, har bir futbol maktabi, akademiyalarda mavjud bo'lgan yosh futbolchilarning barcha ma'lumotlari ushbu dasturga kiritiladi. Natijada, bolalar futbolidagi yosh kichraytirish bilan bog'liq ko'plab muammolarning oldi olinadi.
Shuningdek, futbolchilardan tashqari, murabbiylar, hakamlar, nazoratchilar, komissarlar va shunga o'xshash futbol musobaqalari hamda tadbirlarida ro'yxatdan o'tgan shaxslarning ma'lumotlar bazasi ham mazkur dasturda to'plab boriladi.



