2018 yil jahon futboliga ta’sir ko'rsatgan 10ta muhim voqea

Xayrulla Xoliqov
31 dek 2019, 19:03
2018 yil ham o'z nihoyasiga yetib bormoqda.

Yana bir 365 kun ortda qoldi. Kim uchundir yil sokingina o'tgan bo'lishi mumkin, ammo futbol muxlislari uchun bunday deb bo'lmaydi. O'tayotgan yil bir qator qiziq va jahon futboliga ta’sir ko'rsatgan muhim voqealarga boy bo'ldi. Quyida 2018 yilning eng yodda qolgan voqealari o'nligini keltirib o'tamiz.


1. Jahon chempionatida VAR sinab ko'rildi

Videotakrorlar futbolda birinchi bor shu yil chiqqani yo'q. Ikki yil oldin futbol assotsiatsiyalari xalqaro kengashi VARni ilk bor AQSHda bo'lib o'tgan yoshlar o'rtasidagi musobaqada sinab ko'rgandi. Ammo eng katta voqelik shubhasiz VARning jahon chempionatida yo'lga qo'yilgani bo'ldi. 

Aynan shu texnologiya sabab aytish mumkinki, mundial hakamlarning qo'pol xatolarisiz kechdi. To'g'ri, VAR o'yinni biroz to'xtatib qo'yadi, lekin yakunda hammasi odilona yakun topsa yaxshi emasmi? Endilikda biz jahon chempionatida hakamlarning Lempard Germaniya darvozasiga to'p kiritib, hisobga olinmaganidek xatolarini ko'rmaymiz. 

Hozirda VAR kuchli beshlikning to'rttasida Germaniya, Italiya, Ispaniya va Fransiyada qo'llanilmoqda. Keyingi mavsumdan e'tiboran Angliyada ham ishlatiladi. Shuningdek, Yevropa chempionlar ligasining 1\8 finalidan boshlab hakamlar VAR yordamida o'yinlarni boshqarishadi. 


2. Millatlar ligasining birinchi mavsumi 

UEFA terma jamoalar o'rtasida Millatlar ligasi musobaqasini o'tkazishni maqsad qilganida bu haqda ko'pchilik xushlamagandi. Ammo yakunda ko'rdikki, ushbu musobaqa ham ancha qiziq kechdi. 

Chunki aynan Millatlar ligasi tufayli ko'plab zerikarli o'rtoqlik uchrashuvlariga barham berildi. Muxlislar Yevropaning kuchli jamoalari ishtirokida yangicha to'qnashuv guvohiga aylanishdi. Xullas boshida tavakkal qo'l urilgan ish o'z samarasini berdi. Buni hatto FIFA ham tan oldi.


3. Modrich Messi va Ronalduning gegemonligiga barham berdi 

Yakuniga etayotgan yil nafaqat "o'zga sayyoraliklar", balki erliklar ham "Oltin to'p"ni olishi mumkinligini ko'rsatib berdi. Xorvatiyalik Luka Modrich o'ta qiyin raqobatda Messi va Ronaldu gegemonligiga barham berib, haqli ravishda ushbu sovrinni qo'lga kiritdi. 

Modrich bu mavsum YCHLda g'olib chiqishdan tashqari jahon chempionati finalida ham o'ynadi. Fakt faktligicha qoladi: 2018 yilda Messi ham, Ronaldu ham eng kuchli bo'la olishmadi.


4. "Real"ning YCHLda ketma-ket uchinchi g'alabasi 

Madridning "Real" klubiga qoyil qolmasdan iloj yo'q, chunki bu jamoa ketma-ket uchinchi marta Yevropa chempionlar ligasida zafar quchdi. Albatta, ushbu muvaffaqiyatda Zinedin Zidanning hissasi katta. Avvallari mazkur musobaqada qatorasiga ikki yil chempion bo'lishning o'ziyoq bajarib bo'lmas vazifaga o'xshab ko'rinardi. 

Ammo "Real" buni uddaladi, hatto uchinchi marta yutish mumkinligini ko'rsatdi. Kievda kechgan final Muhammad Salahning elkasidan jarohat olishi, "Liverpul" darvozaboni Kariusning o'ta kulguli xatosi hamda Garet Beylning "qaychi" usulida kiritgan goli bilan yodda qoldi. 


5. Football Leaks surishtiruvi 

Superligani tashkil etish uchun olib borilgan maxfiy muzokaralar, FIFAning PSJ va "Manchester Siti"ga ko'rsatgan yordami, Mino Rayolaning moliyaviy g'irromliklari, Serxio Ramosning doping-test xulosasi ijobiy chiqqani, PSJ akademiyasida yuzaga kelgan irqchilik, rus klublarining moliyaviy holatiga davlat tashkilotlarining aralashuvi...

Bu hali ro'yxatning hammasi emas. Tinib-tinchimas Football Leaks xodimlari yil davomida bir qator hujjatlarni ko'tarishga muvaffaq bo'lishdi. Endilikda hammaning ehtiyot bo'lib ishlashiga to'g'ri keladi.


6. Himoyachilar va darvozabonlar uchun yirik transferlar 

Vaqt o'tgan sayin futbolchilarning transfer summasi ortib boryapti. Shu paytgacha asosan hujumchilar va hujumkor yarim himoyachilar uchun katta pullar to'lab kelingani sir emas. Lekin bu yil himoyachi va darvozabonlarning narxi ancha oshib ketdi. Masalan, "Liverpul" "Sautgempton"dan Virjil van Deykni olish uchun 75 million funtdan voz kechdi. 

Bundan tashqari darvozabon Alissonni qo'lga kiritish mersisaydliklar uchun 63 million evroga tushdi. Avgustda yana bir rekord urildi. Tibo Kurtua "Real"ga o'tib ketgach, "Chelsi" 80 million evro evaziga Kepa Arrisabalagani sotib oldi.


7. Ronalduning "Real"dan ketishi

Chempionlar ligasidagi yutuqdan so'ng Krishtianu Ronaldu "Real"dan ketishi mumkinligi haqida shama qilgandi. Bunga bazilar ishonib, bazilar ishonmagandi. Lekin yakunda baribir shu voqea ro'y berdi: portugaliyalik yulduz Madrid klubini tark etib, "Yuventus" bilan shartnoma imzoladi. 

Ronalduning Italiyaga kelishi "A" seriyaga bo'lgan qiziqishni oshirdi deya olamiz. Chunki so'nggi yillarda ushbu chempionat o'z mavqeini birmuncha pasaytirib yuborgandi. Ronaldu tez orada yangi jamoasi yetakchilaridan biriga aylanib, 18ta o'yinda 12ta gol urishga muvaffaq bo'ldi. 


8. Eronda ayollarning futbolga kirishiga ruxsat berildi 

Eronda ayollarning stadionga kirishiga ruxsat bermaslik 39 yil davom etdi. Lekin shu yilning oktyabr oyida hukumat ushbu taqiqni qisman olib tashlashga muvaffaq bo'ldi. 

Tehrondagi "Ozodi" stadionida kechgan Boliviyaga qarshi kechgan o'rtoqlik bahsida 100 nafar ayol-qiz stadionga kiritildi va ularga alohida sektordan joy qilib berildi. Natijada ushbu voqea ham tezda ijtimoiy tarmoqlarda ajoyib yangilik sifatida tarqaldi.


9. Uchinchi evrokubokni tashkil etish 

Hammamiz haftaning seshanba-chorshanba kunlari YCHL, payshanba kuni esa Yevropa ligasi bahslarini ko'rishga o'rganib qolganmiz. Ammo 2021 yildan evkuboklar formati birmuncha o'zgaradi. YCHLda hammasi qanday bo'lsa shundayligicha qoladi. 

Yevropa ligasida esa jamoalar soni 48tadan 32taga qisqaradi va nisbatan kuchsiz jamoalar uchun uchinchi evrokubok tashkil etiladi. Hozircha yangi musobaqaning nomi ma'lum emas, lekin 2019 yilda e'lon qilinadi. Uchinchi evrokubokning alohida o'z logoti va reglamenti bo'ladi. 


10. Libertadores Kubogi ikkinchi finalining Janubiy Amerikada o'tkazilmagani 

"River Pleyt" va "Boka Xuniors" o'rtasida kechgan Libertadores Kubogining ikkinchi finali qayerda bo'lib o'tishi ko'p muhokama qilindi. "Boka" maydonida kechgan birinchi final 2:2 hisobida yakun topgandi. Javob o'yinini esa salkam bir oy kutishga to'g'ri keldi. "Boka Xuniors" javob bahsi uchun yo'lga chiqqan mahal jamoa avtobusi "River" muxlislari tomonidan turli buyumlar orqali "o'qqa tutildi". 

Natijada o'yin qoldirildi. Shundan so'ng biroz muddat kutishga to'g'ri keldi. Tashkilotchilar nima bo'lsa ham final Janubiy Amerikada o'tkaziladi deyishdi. Ammo yakunda baribir o'yin Yevropaga ko'chirildi va har ikki jamoa Madriddagi "Santyago Bernabeu" stadionida ikkinchi bor o'zaro to'qnash keldi. Bu uchrashuvda "River"ning qo'li baland kelib 3:1 hisobida g'alaba qozondi va bosh sovrinni qo'lga kiritdi.


O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: football.ru