JCH-2013: O'zbekiston yirik hisobdagi g'alaba bilan boshladi!

Narzulla Saydullayev
24 iyun 2013, 10:40
O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi Turkiyada davom etayotgan jahon chempionati bahslarini ishonchli g'alaba bilan boshladi.
Ahmadjon Musaev qo'l ostidagi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi 23 iyun, yakshanba kuni Turkiyada davom etayotgan yoshlar o'rtasidagi 2013 yilgi jahon chempionati bahslaridagi ishtirokini boshladi. Musobaqaning dastlabki o'yinida o'zbekistonlik futbolchilarga Okeaniya chempioni – Yangi Zelandiya yoshlar terma jamoasi raqib bo'ldi.

Qayd etish joiz, O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasining hozirgi tarkibida 2011 yilgi Meksikada bo'lib o'tgan o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionati qahramonlaridan olti futbolchi bo'lib, ular uchun Yangi Zelandiyaga qarshi o'yin ayniqsa principial edi. Chunki ikki yil avval ham har ikkala mamlakat o'smirlar terma jamoasi ilk turda to'qnash kelgan, o'shanda Aleksey Evstafeev shogirdlari alamli tarzda 1:4 hisobida imkoniyatni boy berishgan edi. Yana ham e'tiborli tomoni shundaki, Torreonda o'tgan bahsda diskvalifikaciya sabab maydonga tusha olmagan jamoa yetakchilari – himoyachi Sardor Rahmonov va yarim himoyachi Abbos Maxstaliev bugun, Bursada ilk daqiqalardan harakat qilishdi. Va, hech shubha yo'qki, ulardan so'nggisi o'yinning haqiqiy qahramonlaridan biriga aylandi va haqli ravishda uchrashuvning eng yaxshi o'yinchisi deb topildi.

Yangi Zelandiyaga qarshi o'yinning ilk daqiqalarida Ahmadjon Musaev shogirdlarida bir qadar hayajon sezilgan bo'lishi mumkin, biroq tajriba borasida baribir raqibidan bir kalla ustun bo'lgan o'zbekistonlik yoshlar hisobni nisbatan tezkorlik bilan ochib, o'yinning borishini to'liq o'z nazoratlariga olishdi. Hisob esa raqib darvozabonining kutilmagan xatosidan so'ng ochildi. Uchrashuvning 14-daqiqasida zelandiyaliklar posboni, o'yinni boshlay turib, to'pni qarshisida turgan Igor Sergeevga tashlab berdi. Sergeev chaqqonlik bilan to'pni egallab olib, jarima maydoniga kirib, darvoza tomon zarba berdi, biroq Maksim Krokomb xatosini nisbatan to'g'rilagan bo'lib, zarbani qaytardi. Qaytgan to'pga hammadan birinchi bo'lib Abbosbek Maxstaliev yetib keldi va hisobni ochdi.

Keyingi daqiqalarda ham O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasida bir qator qulay imkoniyatlar bo'ldi. Ulardan eng xavflisi taym yakunlanishi arafasida Jamshid Iskanderov va Diyor Turopov juftligi tomonidan amalga oshirildi. Paxtakor yarim himoyachisining mohirona to'p uzatishidan so'ng qulay vaziyatga chiqib borgan Olmaliq vakili, hatto darvozabonni ham aldab o'tishga muvaffaq bo'ldi, biroq faqatgina omad tufayli Yangi Zelandiya yoshlar terma jamoasi ikkinchi goldan qutulib qoldi. Ikkinchi taymda ma'lum bo'ldiki, Turopov bo'sh darvozaga emas, posboni to'pni egallashga shay bo'lib turgan darvozalarga chiroyli gollarni urishni maqul ko'radigan futbolchilar toifasidan ekan.

Hayajonli va musobaqadagi keyingi ishtirokning keyingi rivojini belgilab beradigan muhim bahsning birinchi yarmidagi g'alabadan so'ng, Ahmadjon Musaev shogirdlari ikkinchi bo'limni ham ko'tarinki kayfiyatda o'tkazishdi. Paragvaylik bosh hakam Antonio Ariasning ikkinchi bo'lim boshlangani haqidagi hushtagi yangraganiga 10 daqiqa ham bo'lmay, chiroyli kombinaciyadan so'ng, Yangi Zelandiya darvozasidan ikkinchi gol joy oldi. Jarima maydonchasi yaqinida to'pni egallab olgan Abbos Maxstaliev markaz tomon harakatlana turib, to'pni himoyachilarni chalg'itib, qanotdan ochilayotgan Igor Sergeevga juda ham qulay tarzda tashlab berdi. Yoshlar o'rtasidagi 2012 yilgi Osiyo chempionatining eng yaxshi to'purari esa, mohirona, aniq, kuchli zarbasi bilan Krokomb darvozasining ishg'ol qilib, Turkiyadagi gollari hisobini ochdi – 2:0.

Shuni alohida qayd etish joiz, shu kuni Bursadagi Otaturk stadioniga O'zbekistondan yuzdan ortiq futbol ishqibozlari tashrif buyurdi. Ishqibozlik madaniyati, jamoani tinimsiz va davomli qo'llab-quvvatlab turish masalasida kamdan-kam mamlakatlarning futbol muxlislari turklarni ortda qoldira oladi. Biroq, Yangi Zelandiya va O'zbekiston uchrashuvi vaqtida stadionning janubiy sektorlarini O'zbekiston bayroqlariga to'ldirib, tinimsiz qo'llab-quvvatlagan va futbolchilarga ruh bag'ishlaydigan qo'shiqlarni kuylab turgan ishqibozlar turk futbol jamoatchiligini-da hayron qoldirdi, ham havasini keltirgani rost gap. Qaysidir manoda, O'zbekiston yoshlar terma jamoalarining jahon chempionatlaridagi ishtiroki tarixidagi ilk g'alabani qo'lga kiritilishida stadion xuddi O'zbekistonda joylashganidek muhit yaratilganiga ham o'z ta’sirini ko'rsatdi, albatta.

Uchrashuv taqdirini amalda hal qilgan uchinchi gol 67-daqiqada Yangi Zelandiya darvozasidan o'rin oldi va, so'zsiz, musobaqaning haqiqiy bezaklaridan biriga aylandi. Navbatdagi hujumlardan birida, to'p yangi zelandiyaliklar himoyachilar tomonidan qaytarildi va Diyorjon Turopovga kelib tushdi. Olmaliq yarim himoyachisi to'pni qayta ishlab, 20-22 metrlar masofadan shunday chiroyli va aniq zarba yo'lladiki, to'p Yangi Zelandiya posboni ustidan o'tib, darvozaning uzoq yuqori burchagiga aniq borib tushdi. Bungacha esa O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi sardori Vladimir Kozak xuddi o'sha nuqtadan juda kuchli zarba yo'llab, raqib darvozasini ishg'ol etishga urinib ko'rgan edi.

O'yin davomida O'zbekiston yoshlar terma jamoasi raqib darvozasi tomon 21 marta zarba yo'llab, shundan 14tasini to'g'ri darvozaga yo'naltirdi. To'pga egalik qilish borasida ustunlik esa 60ga 40 foizni tashkil etdi. Butun o'yin davomida Kris Milichich shogirdlari ham qator vaziyatlarni yuzaga keltirishga harakat qilishdi, biroq ularning barcha urinishlari, tayanch yarim himoyasida harakat qilgan Vladimir Kozakning ko'magida, markaziy himoyachilar Boburbek Yo'ldoshev va Sardor Rahmonovning sai-harakatlari bilan bartaraf etib turildi. Tohir Shamshitdinov va Maksimilian Fomin esa qanotlardan hujumlarga qo'shilib, raqibga nisbatan bosimning biror lahza pasaymasligiga xizmat qilishdi.

Ikkinchi bo'limda bir qator yetakchilar – Vladimir Kozak, Iskanderov, Diyor Turopov almashtirildi. Chunki oldinda hali Xorvatiya va Urugvayga qarshi oson bo'lmagan o'yinlar bor. O'zbekiston yoshlar terma jamoasi 26 iyun kuni Bursada Toshkent vaqti bilan 23:00da Xorvatiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushsa, 29 iyun kuni Antalyada Toshkent vaqti bilan 20:00da Urugvay yoshlari bilan bahs olib boradi.

U-20 JCH-2013, guruh bosqichi
F guruhi, 1-tur uchrashuvi
YANGI ZELANDIYA – O'ZBEKISTON 0:3 (0:1)
Gollar:
Abbos Maxstaliev (14), Igor Sergeev (53), Diyorjon Turopov (67).
Ogohlantirish: Maksimilian Fomin (57).
YANGI ZELANDIYA: 20. Maksim Krokomb, 2. Storm Rouks (13. Liam Higgins, 65), 3. Bill Tuiloma (15. Jastin Galli, 69), 4. Saymon Arms, 5. Lyuk Adams, 6. Tomas Biss, 7. Kemeron Hovayson, 8. Tim Peyn, 9. Hemish Uotson (17. Rayyan Tomas, 46), 10. Tayler Boyd, 11. Luis Fenton.
O'ZBEKISTON: 1. Asilbek Omonov, 2. Tohirjon Shamshitdinov, 3. Sardor Rahmonov, 4. Boburbek Yo'ldoshev, 5. Maksimilian Fomin, 6. Abbosbek Maxstaliev, 7. Vladimir Kozak (20. Muhsinjon Ubaydullaev, 63), 8. Diyorjon Turopov (9. Jaloliddin Masharipov, 76), 10. Jamshid Iskanderov (11. Abdul Aziz Yusupov, 70), 17. Igor Sergeev, 18. Sardor Sobirxo'jaev.
Bosh hakam: Antonio Arias (Paragvay).

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com