“Yoshlik”ning yosh futbolchilari g'olib

Narzulla Saydullayev
11 fev 2019, 21:50
Mamlakatimizda futbol, xususan bolalar futbolini rivojlantirish yo'lida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joylarda o'tkazilayotgan musobaqalar yosh “charm to'p” ustalarining mahoratini oshirishga xizmat qilayotir.

Bu  Xorazm viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi  tasarrufidagi Sport o'yinlari va engil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o'smirlar sport maktabi tomonidan 2019 yil-“Faol investiciyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”ga bag'ishlab 2003-2004 yillarda tug'ilgan o'smirlar o'rtasida  uyushtirilgan  ochiq birinchilik mobaynida ham isbotini topdi.

Mazkur musobaqada Xorazm viloyatining shahar va tumanlari jamoalari ishtirok etdi. Xususan, yarim finalning dastlabki uchrashuvida viloyat markazining  “Yoshlik”(murabbiyi Shohruh Yoqubov) va “Dinamo”(murabbiyi Ilyos Xayrov) jamoalari o'zaro kuch sinashdi. Bu o'yinda “Yoshlik” jamoasi   2:0 hisobida g'alaba qozondi. Ikkinchi yarim final bahsida Urganch tumanining ikkita jamoasi ro'para keldi. Ushbu qarama-qarshilikda “G'oybu” jamoasi(murabbiyi Odamboy Qurbonniyozov) “Lochin”(murabbiyi Shixnazar Ollaberganov)ni mag'lubiyatga uchratdi, 2:1.

Hal qiluvchi uchrashuvda “Yoshlik”ning yosh futbolchilari “G'oybu”lik tengdoshlarini kichik, 2:0 hisobida engib, musobaqa g'olibiga aylanishdi. Natijada, “G'oybu” jamoasi ikkinchi o'rin bilan kifoyalandi. Yarim finalda mag'lubiyatga uchragan jamoalarga uchinchi o'rin nasib etdi.

Musobaqaning yopilish marosimida g'olib va sovrindor jamoalar hamda eng yaxshi futbolchilar – Rasul Solijonov(darvozabon, “Yoshlik”), Husan Egamberdiev(himoyachi, “G'oybu”), Qutlumurod Qutlumurodov(hujumchi, “Lochin”)lar tashkilotchilar tomonidan taqdirlanishdi.

Ikrom  XUDOYBERGANOV.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia