Ummondagi Osiyo chempionatida bizdan qaysi jamoa qatnashadi?

Narzulla Saydullayev
24 iyul 2013, 10:31
Ummon poytaxti Maskat shahrida 22 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasida bo'lib o'tadigan Osiyo chempionatiga qur'a tashlash marosimi o'tkaziladi.
Mazkur musobaqada O'zbekiston ham ishtirok etadi. Faqat hozircha bu musobaqaga bizdan aynan qaysi yoshdagi terma jamoaning yo'l olishi noma'lum.

QIT'A BIRINCHILIGIDA 16TA JAMOA QATNASHADI

OFK tomonidan birinchi bor yo'lga qo'yilayotgan U-22 Osiyo chempionatida jami 16ta jamoa ishtirok etadi. Jamoalarning nomi allaqachon ma'lum bo'lib ulgurgan. Bular – Avstraliya, Xitoy, Eron, Iroq, Yaponiya, Iordaniya, Quvayt, Myanmar, KXDR, Ummon, S.Arabistoni, J.Koreya, Suriya, BAA, O'zbekiston va Yaman. Dastlabki rejaga ko'ra, musobaqa shu yilning 23 iyunidan 7 iyuliga qadar bo'lib o'tishi lozim edi, lekin keyinchalik OFK taqvimga o'zgartirish kiritib, yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionati 2014 yilning 11-26 yanvar kunlari Ummonda bo'lib o'tishini maqulladi. Musobaqa nizomiga ko'ra, 16ta jamoa to'rttadan to'rt guruhga bo'linadi va har bir guruhdan birinchi-ikkinchi o'rinni egallagan jamoalar keyingi bosqichga yo'l olishadi.  

MUSOBAQA NIMA BERADI?

U-22 Osiyo chempionati bu gal birinchi bor o'tkazilayotgani uchun dastlabkisi sinov vazifasini bajarib beradi. Keyingisi esa 2015 yilda bo'lib o'tadi va bunda kuchli to'rtlikdan joy olgan jamoalar 2016 yil o'tkaziladigan Olimpiada o'yinlariga yo'llanma beradi. Demak, OFKning qaroriga ko'ra, bundan keyin Olimpiada o'yinlari uchun alohida saralash o'tkazilmaydi va bu chempionatda (U-22 Osiyo chempionati nazarda tutilmoqda) yarim finalga yo'l olgan jamoalar avtomatik ravishda Olimpiada yo'llanmasini qo'lga kiritishadi. Lekin hozirgi musobaqa milliy terma jamoalar uchun selekciya vazifasini o'tab berishdan tashqari boshqa imtiyoz bermaydi.

BIZ O'TGAN YILI YO'LLANMANI QO'LGA KIRITGANDIK

O'tgan yil 16-24 iyun oralig'ida Nepalning Katmandu shahrida U-22 Osiyo chempionatiga saralash bahslari bo'lib o'tgan va bunda ishtirok etgan o'zbekistonlik yoshlar beshta jamoa orasida ikkinchi o'rinni egallab qita birinchiligi yo'llanmasini qo'lga kiritishgandi. O'shanda vakillarimiz bilan bir guruhda Iordaniya, Nepal, Yaman va Bangladesh kurash olib borgandi. Vakillarimiz to'rtta o'yinning ikkitasida g'alaba qozongan, bir bor durang o'ynab, yana bitta o'yinda mag'lubiyatga uchrashgandi. O'sha saralash turnirida Temurxo'ja Abduxoliqov, Shohruh Gadoev, Pavel Smolyachenko, Davron Hoshimov, Alibobo Rahmatullaev, Sardor Rashidov, Sherzod Fayziev, Eldor Ergashev singari futbolchilar o'zlarini ko'rsatishgandi.

KEYINCHALIK NIMA BO'LDI?

Futbolchilarimiz Osiyo chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritib Toshkentga qaytib kelishganidan so'ng kuz oylarida bo'lib o'tgan yig'ilishlardan birida Terma jamoalar markazi rahbari Asqar Tolibjonov U-22 Osiyo chempionatida aynan yo'llanmani qo'lga kiritgan yigitlar emas, balki boshqa jamoa borishini ma'lum qilgandi. Yani, Tolibjonov asosiy urg'uni 1993 yilda tug'ilgan yoshlar termasiga bergandi. Negaki 2016 yilgi Olimpiada o'yinlariga boradigan bo'lsa ham aynan shu jamoamiz boradi. Ammo hozirgi holatda mehnatni qilgan boshqa jamoa, mevasini esa boshqa jamoa eydiganga o'xshab qolyapti. Bizning fikrimizcha, 1991-92 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat terma jamoa bir yil oldin Osiyo chempionatiga yo'llanma olishdimi, demak, buning mevasini ham ularning o'zi ko'rishlari lozim. Shu bois ham biz keyingi yilning yanvar oyida Ummonda bo'lib o'tadigan qita birinchiligiga aynan U-22 borishini xohlaymiz.

AKS HOLDA 1991-92larni BOY BERIB QO'YISHIMIZ MUMKIN

Aytaylik, Terma jamoalar markazi qishda bo'lib o'tadigan Osiyo chempionatiga Ahmadjon Musaev boshqarayotgan 1993-94 yilda tug'ilgan futbolchilarni yubordi ham deylik. Lekin unda MDH Kubogida qaysi jamoa ishtirok etadi? Axir bu musobaqa ham yanvarda bo'lib o'tishini hamma biladi. Qolaversa, 1993lar shundoq ham o'tgan yil Osiyo chempionatida, bu yil esa jahon birinchiligida qatnashishdi va endi ularga biroz dam berish kerak bo'ladi. Axir ularni keyinchalik U-22 Osiyo chempionatiga saralash va nasib qilsa Olimpiada o'yinlari kutib turganini unutmaylik. Agar Musaevga yana imtiyoz berilsa, bu ketishda 1991-92 yilda tug'ilganlar xalqaro musobaqasiz qolib ketishadi, bu esa milliy terma jamoamizning zarariga  xizmat qilishi mumkin. Agar Ummondagi Osiyo chempionatiga aynan o'tgan yil bu musobaqaga yo'llanmani qo'lga kiritgan jamoani yuboradigan bo'lsak, unda futbolchilar uchun milliy terma jamoa eshiklari nisbatan tezroq ochiladi. Esingizda bo'lsa, o'z vaqtida 1989-90 yilda tug'ilgan futbolchilarimiz to'rtta xalqaro turnirda ishtirok etishgandi. Endi 1991-92lar hech bo'lmaganda ikkita turnirda ishtirok etishsa buning nimasi yomon? 1993-94lar uchun esa hali kelajak oldinda, ular Olimpiada o'yinlariga borishadi. Bundan tashqari, yana bir karra MDH Kubogida o'z omadlarini sinab ko'rishsa, bunga ham qarshiligimiz yo'q.

BU BORADA EVSTAFEEV QANDAY FIKRDA?

O'tgan yil Nepalda bo'lib o'tgan Osiyo chempionati (U-22) uchun saralash bahslarida terma jamoamizga Aleksey Evstafeev bosh murabbiylik qilgandi. Unga Azamat Abduraimov yordam bergandi. Keyinchalik Terma jamoalar markazining qaroriga ko'ra, bu jamoa boshqa yig'ilmadi va go'yoki tarqatib yuborilgandek taassurot uyg'otdi. Abduraimov “Andijon”ni qabul qilib olgan bo'lsa, Evstafeev shu yilning boshida yangi tashkil etilgan 1995 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat terma jamoani boshqarishni boshladi. Hozir ham Evstafeev shu jamoani shug'ullantirib kelyapti. Agar O'FF Ummondagi Osiyo chempionatiga 1991-92larni yuboradigan bo'lsa, yani yo'llanmaning haqiqiy egalarini, unda U-22 yoshlar terma jamoasiga bosh murabbiy kim bo'ladi? Yana Evstafeevga qaytarib beriladimi yoki boshqa murabbiy tayinlanadimi? Bunday deyishimizning boisi, 1995 yilda tug'ilganlar shu yilning 4-12 oktyabr kunlari Qatarda bo'lib o'tadigan Osiyo chempionatiga saralash o'yinlarida qatnashadi. Demak, Evstafeevning hozir bor e'tibori shu musobaqaga qaratilgan. Shundan kelib chiqib O'FF O'zbekiston U-22 yoshlar termasiga butunlay boshqa murabbiy tayinlagani maqul. Chunki endi bu futbolchilar bir yoshga ulg'ayishdi, qolaversa, Gadoev, Abduxoliqov, Krimec, Ismautullaev, Fayziev, Suyunov, Mochalov kabi futbolchilar bilan bundan keyin sal tajribaliroq murabbiy ishlamasa bo'lmaydi. Bizga qolsa, murabbiy chet ellik bo'lgani maqul. Kuni kecha Evstafeevning o'zi bilan bu borada suhbatlashganimizda, murabbiy hozircha bu haqda hech narsa bilmasligini va hammasini rahbariyat hal qilishini aytib o'tdi. Shuningdek, Aleksey Vladimirovich Osiyo chempionatiga yo'llanmaning haqiqiy egalari borishi lozimligini, bu esa foydadan xoli bo'lmasligini alohida taqidladi.

Xayrulla XOLIQOV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia