Ueyn Runi: "MYUning "Siti" ustidan g'alabasi Fergyuson davrini eslatib yubordi. Jamoa DNKsi mana shunday bo'lishi kerak"

Aslanov Jasurbek
20 yanv 2026, 01:38
"Manchester Yunayted" afsonasi Ueyn Runi jamoaning Maykl Kerrik qo'l ostidagi ilk o'yinidan (2:0) so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

"Men stadionda emas, studiyada edim, lekin farqni sezdingizmi? Hatto Maykl Kerrik o'yin oldidan maydonga chiqib, muxlislarni ruhlantirishga harakat qilgandayoq nimadir o'zgargani bilindi. Menimcha, muxlislar ser Aleks Fergyuson davridagi muhitni his qilishdi. Ochig'ini aytganda, yosh muxlislar Fergi ketganidan keyingi oxirgi 10-13 yil ichida ancha qiynalib qolishgandi. Ular jamoaning bu qadar yaxshi o'ynaganini hali ko'rishmagandi.

Men ham shu klubning bir qismi bo'lganman, turli tarkiblarda o'ynaganman. Lekin ular jamoaning bunday energiya, o'z kuchiga bo'lgan ishonch, jasoratli va irodali o'yin ko'rsatganini anchadan beri sog'inishgandi. Umid qilamanki, qolgan 16 ta o'yinda ham bizni shunday futbol kutmoqda.

Maykl jamoada biror g'ayritabiiy narsa qilgani yo'q. Shunchaki tarkibni shakllantirishda oddiy tuzatishlar kiritdi. Ko'pchilik Ruben Amorimning uchta himoyachidan iborat taktikasi haqida gapirgandi, lekin "Yunayted" aslida oddiy narsalarni qilishi kerak - maydonda yugurishi va qattiq mehnat qilishi lozim. Futbolchilarning aynan shunday qilayotganini ko'rish yoqimli bo'ldi. Bu menga MYUning haqiqiy DNKsi qanday ekanini eslatib qo'ydi", - dedi Runi The Wayne Rooney Show podkastida.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: BBC