⭐ To'rtta neytral fikr, umumiy ovozlar esa 17 ga 5. Final oldidan saytimiz xodimlarining taxmini

Eldor Akmurzayev
18 dek 2022, 11:30
Bugun, 18 dekabr kuni Qatardagi mundialning hal qiluvchi va eng asosiy uchrashuvi bo'lib o'tadi.

“Lusayl”dagi o'tadigan bosh sovrin uchun finalda amaldagi chempion Fransiya termasi Argentina bilan to'qnash keladi. Mazkur o'yin oldidan saytimiz xodimlari o'z taxminlarini bilidirishdi.

Abror Imomxo'jaev (Argentina, 1-0)

Musobaqa boshida Argentina g'olib bo'lishini taxmin qilgan.

Gayrat Xasbiullin (Argentina, 2-0)

Musobaqa boshida Argentina g'olib bo'lishini taxmin qilgan.

Nodirxo'ja Yuldashev (Argentina, 3-0)

Musobaqa boshida Argentina g'olib bo'lishini taxmin qilgan.

Xayrulla Xoliqov (Fransiya, 3-1)

Musobaqa boshida Fransiya g'olib bo'lishini taxmin qilgan.

Jalolxon Inog'omxo'jaev (Argentina, 4-1)

Musobaqa boshida Argentina g'olib bo'lishini taxmin qilgan.

Narzulla Saydullaev (Fransiya, 4-2)

"Finalga men muxlislik qilgan Braziliya yetib kela olmadi. Fransiya va Argentinadan men uchun Fransiya kuchliroq ko'rinmoqda. 1998 yildan buyon to'rtinchi martcha JCH finalida o'ynaydigan francuzlar menimcha ketma-ket ikkinchi bor mundialda tengsiz bo'lishadi. Argentina finalda yutsa ham, yutqazsa ham Lionel Messi men uchun baribir eng buyuk futbolchilardan biri bo'lib qolaveradi". 

Taxminiy natija: Fransiya - Argentina 2:1

Kamoliddin Alimov (Argentina, 5-2)

"Finalda Argentinaga muxlislik qilaman. Jahon chempionati start oldidan Argentina, Braziliya va Fransiya chempionlik uchun favorit ekanliklari,  Kubok Janubiy Amerikaga ketishini taxmin qilgandim. Argentina finalda va Leo Messi boshchiligidagi Maradona izdoshlarining chempionligini kutyapman. Fikrimcha, Fransiya  final hushtagi yangraganidan keyin sobiq jahon chempioni maqomiga o'tadi".

Alisher Xolmatov (Argentina, 6-2)

“Argentina! Nega – Messi uchun muxlislik qilaman. Uning faoliyatidagi oxirgi mundial. Umid qilamanki, Argentina g'olib bo'ladi va Messi o'zi uchun eng muhim sovrinni qo'lga kiritadi”.

Omonjon To'xtamirzaev (neytral)

"Menimcha, Fransiyaning imkoniyatlari yuqoriroq. Francuzlar tarkibdagi muammolarga qaramay, musobaqada ishonchli tarzda finalga qadar o'tib keldi. Shuncha jarohat bilan ham finalga yetib borgan jamoaga qoyil qolmay iloj yo'q. Men ishqibozlik qilgan Ispaniya musobaqani tark etib bo'lgan. Shuning uchun bu o'yinda hech kimga muxlislik qilmayman. Bu bahsda men chinakamiga neytral muxlisman desam bo'ladi. Fransiya jamoa sifatida kuchliroqdek, ammo Argentina yutsa, Messi uchun xursand bo'laman".

Alisher Ostonov (Argentina, 7-2)

"Finalda Argentina terma jamoasiga muxlislik qilaman. Aslida musobaqada Ispaniya terma jamoasini qo'llab-quvvatladim. Ammo, "qizil furiya" mundialni erta tark etgani sabab JCH bosh sovrinini Lionel Messi qo'lga kiritishini xohlayman. Men hech qachon PSJ, "Barselona" yoki Argentina terma jamoasi muxlisi bo'lmaganman. Ammo, men uchun Leo eng zo'ri va faoliyatida erishmagan yagona sovrinini qo'lga kiritishini qattiq xohlayman. Shuningdek finalda "Atletiko" o'yinchilari Nauel Molina, Rodrigo de Paul, Anxel Korrea va Antuan Grizmannning o'yinini alohida kuzatib boraman".

Og'abek Samisov (Fransiya, 7-3)

"Fransiya! JCH avvalida o'zim muxlislik qilgan jamoalar ma'lum bosqichda turnirni tark etdi. Ochig'i, men Argentina chempion bo'lishini istamayman. Bunga ma'lum sabablar bor. Masalan, Ronaldu Yevropa chempioni, Messi Amerika kubogi g'olibi bo'lgan. Ikkisidan kimdir JCHni yutsa kelgusida o'tgan davr eslanganda tenglik bo'lmaydi. 

Shuningdek, 2019 yili futbol gazetalarining birida Mbappe futbolning yangi qiroli bo'lishi haqida maqolam chiqqan. O'ylaymanki, Mbappe Pelening yo'lidan ketyapti. JCHlarda g'oliblik, o'z mamlakatidan chiqmagan holda sovrinlar yutish va hokazo.

Shu jihatlarni hisobga olib ham francuzlarga muxlislik qilaman".

Nikolay Egorichev (Argentina, 8-3)

“Bu final bir taraflama emas. Menga Fransiya TJning o'yini yoqadi, ammo Argentina uchun Leo Messi faktori gapiradi. Agar finalni “Messi – Mbappe” qarama-qarshiligi doirasida baholasak, Leo tarafdoriman. Chunki, Mbappe allaqachon mundial chempionligini qo'lga kiritgan. Va ehtimol, yoshini inobatga olsak, unda yana imkon bo'ladi, Messi uchun esa bu JCH oltinini olish uchun so'nggi imkoniyatdir”.

Sherzod Nurmatov (Argentina, 9-3)

"Finalda chiroyli futbolga muxlislik qilaman. JCH oldidan e'lon qilingan taxminda bu jamoalar asosiy favoritlar ekanligini qayd etib o'tgandim. Lekin tan olishim kerak, Messi yetakchiligidagi Argentinaga simpatiyam bor. Fransiya termasida esa sobiq "kanonir" Olive Jiruning o'yinlaridan zavqlanaman. Imkoniyatlarni foizda Argentina foydasiga 55%/45% deb baholagan bo'lardim".

Tolibjon Qosimov (neytral)

"Finalda kuchliroq, munosibroq bo'lgani chempion bo'lishiga muxlislik qilaman. Har ikkala jamoa o'yinini bevosita stadiondan ko'rdim va ularning har ikkisi chempion bo'lish uchun qolganlardan munosibroq o'ynab kelishmoqda. Shu sabab qaysidir bittasiga ko'proq muxlislik qilmayman".

Zoir Tursunboev (Argentina, 10-3)

"JCH-2022 boshlanishidan oldin Braziliya yoki Argentina chempion bo'lsa kerak deb o'ylagandim, Argentina finalgacha yetib keldi va chempionlik uchun imkoniyati bor, bugun ularga muxlislik qilaman

Nega aynan Argentinaga? Chunki, Argentinada Messi o'ynaydi va Leo faoliyatini orzusidagi chempionlik bilan tugatishini ko'rmoqchiman".

Oqil Abdubarnoev (Argentina, 11-3)

"Turnir davomida Argentinaga muxlislik qilmagan bo'lsam-da, to'rt yillikning eng nufuzli musobaqasi finalida futbol galaktikasida o'z nomini zarhal harflar bilan qayd etishga ulgurgan ikki afsonadan birining g'alaba qozonishini istayman.

Qolaversa, erta tongda shirin uyqumizni buzishga xizmat qiluvchi "budilnik" vazifasini bajaruvchi parranda belgisiga ega libosda harakat qiladigan jamoaning amaldagi chempion sanalishi, moviy-oq rangdagi libos vakillarining esa 2014 yilda alamli mag'lubiyatini inobatga olgan holda janubiy amerikaliklarga Niderlandiyaning boshiga tushgan ayanchli qismatni tilamagan bo'lardim".

Faxriddin Ro'ziev (Fransiya, 11-4)

"Fransiya. Chunki, ularning tarkibida Jiru va Teo bor (milanchilar). 

+Messi chempion bo'lishini xohlamayman".

Shahboz Beg'amov (neytral)

"Finalda favorit bo'lmaydi aslida. Bu galgi final chin manoda teng kuchli jamoalar ishtirokida o'tadi. Hech kimga muxlislik qilmayman. Istagim final qiziqarli o'tib, gollar urilsa, ko'p emociyali final bo'lsa. G'olib esa penaltilar seriyasi orqali aniqlanishi tarafdoriman. Agarda kim ko'proq Jahon chempioni degan nomga munosibligi haqida gapiriladigan bo'lsa, unda Argentinaning o'yini yorqinroq. Rang-barang o'ynamoqda, Argentina".

Aziz To'xtamurodov (Argentina, 12-4)

"JCH boshlanishidan oldin ham Argentina g'alaba qozonishini taxmin qilgandim. Shu fikrda qolaman. 

Personal muxlisi emasman. Lekin Messi yoki Ronaldudek futbol yulduzi faoliyatini jahon chempioni bo'lmasdan yakunlashi biroz achinarli".

Abdulaziz Iskandarov (Argentina, 13-4)

"Finalda Argentinaga muxlislik qilaman. 

Messi Jahon chempioni bo'lmasdan faoliyatini yakunlashga haqqi yo'q".

Samandar Shokirov (Argentina, 14-4)

"Argentina! Men turnir boshida Argentina chempion bo'lishini taxmin qilgandim. Messi jahon chempioni bo'lishga hammadan ham ko'ra ko'proq munosib".

Mirjalol Normatov (Fransiya, 14-5)

"Fransiya! Fransiya Angliyani chiqarib yuborgani va Rafael Varan MYU futbolchisi bo'lgani uchun".

Uchqun Azimov (Argentina, 15-5)

"O'zim Portugaliya muhlisi bo'lsam-da Argentina mundialni yutishini xohlayman. Chunki, Ronaldu ham, Messi ham bu sovringa loyiq edi. Ammo Ronalduda bu imkon bo'lmadi. Hech bo'lmasa Messi Jahon chempioni bo'lishini hohlayman u bunga loyiq".

Jaloliddin Xalilov (neytral)

"Argentina yoki Fransiya. To'g'risi, ikkala jamoaga ham muxlis emasman. Finalgacha bo'lgan yo'lni, Fransiya xotirjam, Argentina esa "emocional" tarzda bosib o'tdi. Messi chempion bo'lsa era yakuni yoqimli tarzda tugardi aksincha Fransiya g'olib chiqsa, so'zsiz Mbappe erasining boshlanishiga guvoh bo'lamiz. Ikkala jamoaga ham omad tilayman".

Jasur Aslanov (Argentina, 16-5)

Musobaqa boshida Argentinaga muxlislik qilishini aytgan.

Eldor Akmurzaev (Argentina, 17-5)

“Ko'pchilik kabi Argentina – Portugaliya finalini kutgandim. Ammo afsuski, Krishtianu Ronaldu uchun joriy musobaqa juda omadsiz yakunlandi. Lionel Messi esa Qatarga eng yuqori sport formasida yetib keldi va deyarli har o'yinda jamoadoshlarini oldinga etaklay oldi. Leo bu JCH uning uchun termadagi faoliyatidagi oxirgisi bo'lishini aytib o'tgandi. Shu tufayli, Argentinaning logotipidagi yulduzlar soni uchtaga yetishini xohlayman. Biroq, Janubiy Amerika vakillari g'oliblik uchun tatuirovka chizdirishlari shart emas deb o'ylayman)

Saytimiz kuzatuvchilari finalda qaysi terma jamoa g'olib bo'ladi deb o'ylaysiz? 

O'xshash yangiliklar


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: Championat.asia