Temiryo'lchilar nazorat uchrashuvida So'g'diyonadan ustun kelishdi

Narzulla Saydullayev
15 fev 2014
Osiyo Chempionlar ligasi saralash bosqichida omadsizlikka uchragan Lokomotiv klubi endi milliy chempionat o'yinlariga tayyorgarlik ko'rishmoqda.
Shu bilan birga jamoaning yangi bosh murabbiyi Vadim Abramov ixtiyoridagi futbolchilarning imkoniyatlarini yaqindan bilib olish maqsadida nazorat-sinov uchrashuvlariga ham alohida e'tibor qaratmoqda. Shu maqsadda bugun temiryo'lchilar Obod jamoasiga qarashli sun'iy qoplamali maydonda Jizzaxning So'g'diyona klubi bilan kuch sinashdi. Takidlash kerak, Abramov darhol jamoa o'yin uslubida turli islohotlarni amalga oshirish, har xil taktik uslublarni amalga tatbiq etishga jiddiy yondoshyapti. Bunga So'g'diyona bilan bo'lgan o'yinda tajribali Viktor Karpenkoning o'ng qanot himoyasidan joy olgani yoki Lutfullo To'raevning tayanch yarim himoyasida harakat qilganini misol keltirish mumkin. Qisqasi, Vadim Karlenovich eng shimarib ishga kirishganini bilish qiyin emas.

Bevosita o'yinga keladigan bo'lsak, uchrashuv davomida Abramov ikkita tarkibni ko'zdan kechirdi. Birinchi bo'limda ko'proq asosiy tarkibdan joy olishga davogar futbolchilarga imkon taqdim etilgan bo'lsa, tanaffusdan keyin tarkib to'liq o'zgardi. Garchi, Lokoning zaxira tarkibi ham tajriba bobida jizzaxliklardan ustundek ko'rinsada, hisobni birinchi bo'lib So'g'diyona jamoasi a'zolari ochishdi. 4-daqiqada Davron Fayziev shogirdlarining ilk hujumi gol bilan yakunlandi. Aniqrog'i, Lokomotiv himoyachisi o'z jarima maydonida raqib futbolchisini qo'pollik bilan to'xtatib qolgani uchun hakam 11 metrlik jarima zarbasini belgiladi. Uni "temiryo'lchilar"ning sobiq vakili Ayubxon No'monov aniq amalga oshirdi va o'yinda hisobni ochdi – 0:1.

Shundan keyin Lokomotiv jamoasi a'zolari o'yinda tashabbusni to'liq o'z qo'llariga olishdi va raqib darvozasiga bosim uyushtirishga kirishib ketdi. Bu tez orada o'z samarasini berib, 10-daqiqada qanotdan jarima maydoniga uzatilgan to'pni ukrainalik Vyacheslav Shevchenko boshi bilan darvozaga aniq yo'lladi. Oradan ko'p o'tmay ukrainalik legioner yana o'zini ko'rsatishga erishdi. Xolmatovning aniq to'p uzatishidan keyin Shevchenko raqib jarima maydoni ichida ikki himoyachini mohirlik bilan dog'da qoldirib, hisobni 2-1ga etkazdi. Tanaffusgacha bo'lgan vaqt oralig'ida temiryo'lchilar hisobni oshirish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo'lishdi. Biroq, Farhod Tojiev, Akmal Xolmatov, Islom To'xtaxo'jaev, Sardor Mirzaevlar qulay vaziyatlarni boy berishdi. Birinchi bo'limning so'nggi daqiqalarida uzoq tanaffusdan keyin yana maydonga qaytgan F.Tojiev raqib himoyachisi bilan to'qnashib kyetish oqibatida jarohat oldi va uning o'rnini Ivan Nagaev egalladi.

2-taym ham Lokomotiv ustunligida o'tgan bo'lsa-da, ular uzoq vaqtgacha darvozaga yo'l topa bilishmadi. Bir necha vaziyatda Aleksandr Shadrin, Ivan Nagaev, kichik Jasur Hasanov, Fozil Musaev, Ruslan Melziddinov va boshqalarning zarbalariga aniqlik yetishmadi. Nihoyat 81-daqiqada Nagaev darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib bordi va to'pni raqibi ustidan oshirib tashlagan holda hisobni 3-1 bo'lishini taminladi.

Lokomotiv – So'g'diyona – 3:1 (2:1). Obod sun'iy qoplamali maydoni

Gollar:
V.Shevchenko (10, 18), I.Nagaev (81) – A.No'monov (4-pen.)

Lokomotiv (1-bo'lim): I.Nesterov, I.Inomov, I.To'xtaxo'jaev, E.Gogol, S.Mustafoev, I.Raximov, L.To'raev, S.Mirzaev, A.Xolmatov, F.Tojiev (I.Nagaev 42), V.Shevchenko.

2-bo'lim: T.G'aniev, V.Karpenko, B.Yo'ldoshev, A.G'ofurov, I.Suyunov, J.Hasanov (kichik), A.Kojokar, F.Musaev, R.Melziddinov, A.Shadrin, I.Nagaev.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: lokomotiv.uz