

- O'yin haqida fikringiz?
- Uchrashuvga tayyorgarlik ko'rgandik. Qizil kartochka olganimiz o'yinda tub burilish yasadi. Ikkita standartdan ikkita gol o'tkazib yubordik. Maydonda bir o'yinchi kam bo'lib qolganimizga qaramay oxirigacha kurashdik.
- "BuxDU" jamoasida mavsum davomida uchinchi marta bosh murabbiy o'zgardi. Avvalgi murabbiy ketishi natijalar bilan bog'liqmi?
- Buni rahbariyat biladi. Mavsum yakuniga oltita tur qolganida jamoani qabul qilib oldim. Birinchi o'yinimiz "Lochin" bilan bo'lgandi.
- Sizning boshqaruvingizda natijalar qanday ko'rinish oldi?
- Menga qo'yilgan vazifa jamoani Proligada saqlab qolish edi. Buni uddaladik, biz Proligada qoldik. O'tkazilgan oltita o'yinda "Paxtakor farm"ni mag'lub etdik va "TerDU" bilan texnik g'alabaga erishdik.
- Proligada ishtirok qanchalik tajriba berdi?
- Jamoamiz asosan yoshlardan iborat. Muhimi, ularga imkon berib kuchli jamoalarga tayyorlashga harakat qildik. Yil boshida qanday maqsad qo'yilgandi, bundan xabarim yo'q. Bir qator yaxshi yoshlarimiz bor, nasib qilsa ularni kelasi yil kuchli jamoalarda ko'ramiz.
- Islom Boysariev doim shunaqa qo'pol o'ynaydimi yoki "Sho'rtan"ga qarshi shunday bo'ldimi?
- Har bir futbolchining o'z xarakteri bor. Hech kim maydonga tushib hozir qizil kartochka olaman demaydi. Biz doim futbolchilarga hissiyotlarni jilovlash kerak, tartibli bo'lish kerak deymiz. Menimcha, bu vaziyatdagi holat qizil kartochkaga tortmasdi. Boysariev avval "Sho'rtan"da o'ynagan, u sobiq jamoasiga qarshi o'zini ko'rsatishni istagandi, lekin buning teskarisi bo'ldi. Biz har qanday vaziyatda futbolchini ruhan qo'llab-quvvatlaymiz. Futbolda shunaqasi ham bo'lib turadi.
- Keyingi mavsum uchun reja tuzilganmi?
- Rejalar bor, bu borada rahbariyat bilan yana gaplashamiz. 30 noyabrlarda yig'in boshlamoqchimiz.
- Ko'p jamoalar bu mavsum puldan qiynaldi. Sizning jamoangizda vaziyat qanday?
- Jiddiy muammo kuzatilmadi. Kam bo'lsa-da, vaqtida oyliklarni olib turibmiz. Mukofot pullarimiz ham bor.



