"Otam SSSR milliy terma jamoasi safida AQSH safaridan qaytganida, otamni oilamiz bilan aeroportda kutib olgan edik. O'sha voqeani yaxshi eslayman" – afsonaviy Mixail Anning o'g'li Dmitriy An bilan intervyu

Абдулвосит Бектемиров
11 avg 2024, 17:24
1979 yil 11 avgust – o'zbek futbolidagi eng katta yo'qotishlardan biri ro'y bergan kun.

Ushbu sanada "Paxtakor" jamoasi aviahalokat tufayli 17 o'g'lonidan ajralib qolgan. Kecha "Paxtakor" klubi va muxlislar erta tongdan "Paxtakor" stadioni va "Botkina" qabristonidagi yodgorlik majmuasiga tashrif buyurishdi va ushbu fojiada halok bo'lganlarni xotirlashdi. Championat.asia sayti esa o'sha tarkibning eng yorqin futbolchilaridan biri Mixail Anning oilasi bilan bog'landi va uning o'g'lidan Dmitriy An bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdi.


- 11 avgust kunini qanday o'tkazasiz? Ushbu sana oilangiz uchun qanday o'tadi?

- Har yili ushbu sanada "Botkina" gul ko'tarib boraman. Jamoani xotirlayman. Oilamiz bilan otamni yodga olamiz. "Paxtakor-79" jamoasini xotirlaydigan har bir insondan minnatdorman.

- Onangiz sizga otangiz haqida nimalarni aytib beradi?

- Otamni har doim yaxshi fazilatlar bilan eslashadi. Onamning aytishicha, otam juda mehribon, oilaparvar, mas'uliyatli va mehnatkash inson bo'lgan ekan.

- Otangiz haqida nimalarni eslaysiz? Bolalik davringizda otangiz bilan ro'y bergan eng esda qolarli voqeani aytib bersangiz...

- Otamni ikki voqea orqali eslab qolganman. Otam Yevropa chempionatidan so'ng o'yga qaytayotgan edi, biz esa uni aeroportda kutib olishga chiqqan edik. O'sha turnirda otam chempion bo'lgan edi (21 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasida o'tkazilgan 1976 yilgi Yevropa chempionati, Mixail An ushbu musobaqada SSSR yoshlar terma jamoasi sardori bo'lgan) va hamma xursand edi. Aeroportdagi o'sha voqeda hali hamon yodimda. Ikkinchisi voqea ham aeroport bilan bog'liq. Otam SSSR milliy terma jamoasi(asosiy) tarkibida AQSH safaridan qaytganida ro'y bergandi. O'sha hodisa ham xotiramga yaxshi muhrlangan.

- Otangizning yani "Paxtakor-79" jamoasining boshqa futbolchilarining oilalari bilan tanishmisiz, ular bilan aloqadamisiz?

- Ha. Sobirov Oleg(Vladimir Sobirovning o'g'li), Korchenov Aleksandr(Aleksandr Korchenovning o'g'li), Ashirov Oleg(Olim Ashirovning o'g'li), Makarova Elinalar(Vladimir Makarovning qizi) bilan aloqadaman. Orada uchrashib ham turamiz.

- "Paxtakor-79" siz uchun nima? Ushbu so'zni eshitganingizda birinchi navbatda xayolingizga keladigan fikr?

- O'zbek futbolining tarixi.

- "Paxtakor-79" mavzusidan biroz chetlashsak. "Paxtakor"da uzoq yillar davomida yoshlar bilan ishladingiz. Hozirgi kunda shogirdlaringiz milliy terma jamoa safida ham to'p tepishmoqda. Mavsum avvalida esa, "Navbahor" jamoasiga o'tdingiz. "Navbahor"da nimalar bilan bandsiz? Adashmasam, siz "lochinlar"ning o'rinbosarlar jamoasida faoliyat yuritayapsiz. Asosiy jamoa bosh murabbiyi Sergey Lushchan shtabida ham ko'rinish berdingiz. Asosiy jamoa bilan ham ishlamoqdasizmi?

- Mavsum startida o'rinbosarlar jamoasida bosh murabbiy edim, hozir esa asosiy jamoaning murabbiylar shtabidaman.

- "Navbahor" jamoasining akademiyasi va yoshlar bilan ishlash holati qanday ekan? "Navbahor"ning o'rinbosarlar jamoasi o'tgan mavsum U21 chempionatida austayderlar qatorida edi. Sergey Lushchan ham matbuot anjumanlarining birida namanganlik yosh futbolchilarga ko'proq e'tibor berish kerakligi haqida ta'kidlab o'tgandi. Yoshlar bilan ishlashda muammolar bor ekanligini tan olgan edi.

- Namangan viloyati iqtidorli futbolchilarga to'la. Namanganlik futbolchilar vatanimiz bayrog'ini yillar davomida baland ko'tarib kelishgan. Ushbu ananani davom ettirish bizning vazifamiz. Barcha kamchilik va muammolar ustida ishlashimiz va ularni bartaraf etishimiz kerak.


Abdulvosit Bektemirov suhbatlashdi

O'xshash yangiliklar


Абдулвосит БектемировMuallif
Manba: championat.asia