"Navbahor" lageridan darak: Turg'unboev qaytdi, O'runov ketish arafasida

10 iyul 2019, 12:07
Toshkentda Superliganing ikkinchi davrasiga tayyorgarlikni boshlagan Namanganning "Navbahor" jamoasi tarkibida yangiliklar mavjud.

Deyan Jurjevich qo'l ostidagi jamoa kechadan boshlab Toshkentda yig'ildi va poytaxtdagi "Daniel Hill" mehmonxonasida istiqomat qilmoqda. Namanganliklar kuniga ikki mahaldan mashg'ulotlar o'tkazishmoqda.

Jamoa tarkibiga tatildan qaytgan legionerlar Ivan Solovyov, Igor Golban va Aleksandr Kasyan ham kelib qo'shilgan. Slavko Lukich esa 12 iyuldan boshlab jamoa mashg'ulotlariga kirishishi kutilmoqda. Eng asosiy yangilik - diskvalifikaciya muddati tugagan Aziz Turg'unboev jamoa mashg'ulotlarida ishtirok etmoqda.

Eslatib o'tamiz, "Navbahor" futbolchisi Aziz Turg'unboev qishki transfer oynasi paytida bir vaqtning o'zida ikkita klub - "Navbahor" va "Paxtakor" bilan shartnoma imzolagani aniqlanganidan so'ng O'FA futbolchini 6 oy muddatga futboldan diskvalifikaciya qilgandi.

Majburiy tatil muddati yakunlanganidan so'ng futbolchi keyingi faoliyatini yana "Navbahor" bilan davom ettirishni maqul ko'rgan ko'rinadi. Aziz Turg'unboev kecha klub ixtiyoriga yetib kelib, bugundan mashg'ulotlarni boshlagan.

"Navbahor"ga doir yana bir ma'lumot. Jamoa yarim himoyachisi Oston O'runov ayni paytda klub istiqomat qilayotgan mehmonxonada "Lokomotiv" vakillari bilan kelgan va "Navbahor" bilan transfer masalasi bo'yicha muzokaralarni o'tkazmoqda. 

Avvalroq Oston O'runov "Lokomotiv"ga o'tishga yaqinligi haqida xabar bergandik. Agarda muzokaralar ko'ngildagidek yakunlansa, unda tez orada tomonlar transfer masalasini rasman hal etishadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia