

Futbolchi Hindiston chempionati ishtirokchisi “Neroka” klubi bilan shartnoma imzoladi. Yangi jamoaga tez moslashib ketgan ko'rinadi, chempionatda gol urishga ham muvaffaq bo'ldi. Xo'sh, Qosimov yangi jamoaga qay tariqa borib qo'shildi, quyida uning fikrlariga quloq tutdik.
- Mirjalol, yangi jamoaga borib qo'shilishingiz qay tariqa amalga oshdi?
- Hammasi juda oddiy. Bu yerda do'stim Sardor Jahonov o'ynamoqda. Aynan uning jamoaga taklif qildi. Qolaversa, agent ham klub o'zaro gaplashib, ushbu transferni amalga oshishiga yordam berdi. Shu tariqa, men “Neroka” a'zosiga aylandim.
- Jamoa bilan qancha muddatli shartnoma imzoladingiz?
- Hozircha jamoa bilan bir yillik shartnoma imzoladim. Yaxshi bo'lsa, kelishuv muddatini uzaytirishim mumkin.
- Yangi jamoangiz sizni qay tariqa kutib oldi?
- Hammasi juda yaxshi. Klub va futbolchilar ham meni yaxshi kayfiyatda kutib oldi. Bir oiladek bo'lib ketdik.
- Klubda sharoitlar yaxshimi? “Neroka”ning akademiyasi bormi?
- Ha, albatta. Klubda barcha sharoitlar yaratilgan. Hammasi menga to'laqonli qoniqtirmoqda. Shuningdek, jamoaning akademiyasi ham bor. Har tomonlama professional deyish mumkin.
- Chempionat saviyasiga munosabatingiz qanday?
- Saviya haqida gapirsam, Hindistonda ham futbolga katta e'tibor qaratmoqda. Stadionlarga muxlislar tashrifi yaxshi. Futbolni juda yaxshi ko'rishadi. Asosiysi, o'sish bor.
- “Qizilqum”dagi faoliyatingizdan keyin sizni birorta Superliga klubida uchratganimiz yo'q. Bunga nima sabab bo'ldi deb o'ylaysiz?
- Sababi oddiy. Hozirda o'zingizni tanish murabbiyingiz bo'lmasa, O'zbekistonda futbol o'ynash qiyin. Menda hozirda bunday tanishlarim yo'q. Shu sabab “Qizilqum”da bir muddat zaxirada qolib ketdim.
- “Aral Samali”da esa qisqa muddat o'ynadingiz. U yerdagi faoliyatingiz haqida nimalarni ayta olasiz?
- To'g'risi, u yerdagi faoliyatimni yaxshi yoki yomon deya olmayman. Lekin jamoaning saviyasi past edi. Shu sababli klubni barvaqt tark etgandim.



