Kim Bo Yong: "Janubiy Koreya futboli top-darajada, ammo o'zbek futboli darajasi ham juda yuqori"

Sherzod Nurmatov
18 dek 2021, 00:15
2020 yilgi mavsumda Yaypaning “Turon” jamoasi Superligaga yullanma olgan edi va 2021 yilgi mavsum boshida jamoani koreyalik Kim Bo Yong kuchaytirgan edi. Ammo "Turon" mavsum oxirida Pro ligaga ravona bo'ldi.

Janubiy koreyalik futbolchining yurtimizda qolish-qolmasligini bilish uchun u bilan bog'landik.

– "Turon" jamoasidan qachon va qanday qilib taklif oldingiz?

– Birinchi navbatda, o'zimni legioner sifatida sinab ko'rmoqchi edim va takliflar ichidan O'zbekiston variantini tanlab, shu yerda faoliyat yuritishni lozim deb topdim.

– Superliga haqida taassurotlaringiz qanday? Janubiy Koreya va O'zbekiston futboli orasida katta farq bormi?

– Janubiy Koreya futboli top-darajada, ammo o'zbek futboli darajasi ham juda yuqori. Hatto o'zbek va koreys futbolchilarining texnikasi bir xil. Biroq koreys futbolida mashg'ulot va vitaminizaciyada yaxlit tizim mavjud, shuning uchun ham bizning futbol yevropalashgan.

– Odatda janubiy koreyalik futbolchilarni Superligamizda kam ko'ramiz. Ular bu erga kelishsa ham, ko'p ushlanib qolishmaydi. Buning sababi nimada deb o'ylaysiz?

– O'ylashimcha, gap ovqat va ob-havoning har xilligida. Boshida men xam qiynalgan edim.

– O'zbekistonga kelib, to'liq mavsum o'tkazishingizga nima turtki bo'ldi?

– Men O'zbekistoni juda yaxshi ko'raman. O'zbekistonga mehrim bo'lakcha, bu yerda baxtli hayot kechirmoqdaman.

– Jamoada eng yaqin do'stingiz kim?

– Fozil Musaev va Vladislav Kasminin.

– Yaypan, Toshkent va umuman, yurtimiz haqida taassurotlaringiz?

– Tug'risini aytganda, Yaypanda juda qiynaldim, ammo menga Toshkentda koreyslar ko'pligi juda yoqdi va o'zbek xalqi ham juda mexmondo'st ekan.

– Hozirgi kunda  nimalar bilan bandsiz?

– Ayni paytda Janubiy Koreyada oilam bag'rida hordiq chiqaryapman.

– Yurtimizda qolish niyatingiz bormi?

– O'zbekistonni juda yoqtiraman va o'sha yerda qolmoqchiman. Takliflar ham bor, ko'ramiz.

Uchqunbek suhbatlashdi

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia