Ikrom Aliboev - "Paxtakor" - "Lokomotiv" o'yini va chempionlik uchun kurashadigan jamoalar haqida gapirdi

Iskandarov Abdulaziz
14 mar 2024, 15:25
Bir necha soatdan so'ng Superliganing 3-turidan o'rin olgan "Lokomotiv" - "Paxtakor" uchrashuvi boshlanadi.

Mazkur bellashuvdan oldin ikki jamoada ham O'zbekiston chempionligini qo'lga kiritgan Ikrom Aliboevga yuzlandik. Futbolchi derbi oldidan jamoalarning imkoniyatlarini baholadi. 

"Ochig'ini aytganda Koreyada translyatsiya bo'lmagani uchun o'yinlarni jonli efirda ko'ra olmadim. Lekin "Lokomotiv"ning "Metallurg" bilan, "Paxtakor"ning "Nasaf"ga qarshi o'yinlari videosini tomosha qildim. Bugun imkoniyatlar teng. "Paxtakor"da o'zgarishlar ko'p bo'ldi. "Lokomotiv" ham quyi ligaga tushib ketganidan so'ng yoshlarga ko'proq imkoniyat beryapti. Qiziq o'yin bo'ladi, deb o'ylayman. 

Tarkib borasida "Paxtakor" tajribaliroq. Bejizga 5 yildan beri chempionlikni qo'lga kiritayotgani yo'q. Ko'p futbolchilar tark etganiga qaramay yoshlar yaxshi taassurot qoldiryapti. "Lokomotiv" ham yaxshi natija ko'rsatadi, degan taxminim bor. Tarkibda Sanjar Tursunov, Anzur Ismoilov kabi yetakchilar borligini aytib o'tish mumkin. "Temiryo'lchilar" kuchli beshlikka kirsa kerak. "Paxtakor" joriy mavsumda ham sovrin uchun kurashadi. 

Taxminimcha, o'yin durang bilan yakunlanadi. Ikki jamoa hisobida ham hozir bittadan g'alaba va durang bor. Bahs "Lokomotiv" maydonida bo'lib o'tadi. Qolaversa, chempionat boshi. 

Chempionlik uchun kurashda har doimgidek jamoalar kurashadi. "Paxtakor", "Navbahor", "Nasaf" va "Neftchi"dan bittasi bosh sovringa ega chiqsa kerak",- deydi Ikrom Aliboev.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia