EVRO yaqin. Ronaldu qaysi rekordlarni yangilaydi?

3 iyun 2021, 15:05
Joriy yilning 11 iyunidan 11 iyuliga qadar butun Yevropa bo'ylab EVRO-2020 turniri o'tkaziladi. Unda qitaning eng kuchli jamoalari g'oliblik uchun bahs olib boradi.

Amaldagi chempion Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu chempionat davomida bir qator uzoq yillik rekordlarni yangilashi mumkin. “Yuventus” hujumchisi yanada yaxshilashi mumkin bo'lgan ko'rsatkichlar diqqat markazimizda.

1. Yevropa chempionatida eng ko'p ishtirok

Krishtianu Ronaldu faoliyatining ko'p qismini Yevropa futboli tarixi kitoblarini qayta yozishga bag'ishlagan. Portugaliya terma jamoasi safida 5-marta Yevropa chempionatining final bosqichida  (albatta, rekord) qatnashadi. U ilk bor 2004 yilda Portugaliya mezbonlik qilgan turnirda debyut qilgan edi. Yakunda kumush medallariga ega chiqqan 19 yoshli Ronaldu dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylana oldi.

Shu paytga qadar 17 futbolchi 4 marta Yevropa chempionatining final bosqichida ishtirok etgan va ularning so'nggisi ham aynan Ronalduning o'zi. Fransiyada o'tgan musobaqada portugaliyalik futbolchi bu natijani takrorlagan edi. Bu yilgi chempionatda u yaqqol peshqadamga aylanishi deyarli aniq!

2. Final bosqichi to'purari 

Ronaldu 2004 yil 12 iyunda Gretsiyaga qarshi Evrodagi debyutini gol bilan nishonladi va shu vaqtdan beri 21 ta uchrashuvda 9 ta gol kiritgan holda Mishel Platini o'rnatgan rekordni takrorladi. Fransiyalik sobiq futbolchi EVRO-1984 turinirida 9 gol bilan to'purar bo'lgan edi. Krishtianu bu natijaga 2016 yilgi musobaqa yarim finalida Uels darvozasiga kiritgan goli orqali erishdi.

9’ Krishtianu Ronaldu (Portugaliya)

9’ Mishel Platini (Fransiya)

7’ Alan Shirer (Angliya)

3. Yevropa chempionatida eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchi

Ronaldu Janluiji Buffonning (Yevropa chempionati saralash va final bahslarida eng ko'p maydonga tushgan futbolchi) rekordini yangilashga yaqin turibdi. Yani Yevropa chempionatida italiyalik darvozabon 58 o'yinda ishtirok etgan. Krishtianu hisobida 56 ta o'yin mavjud bo'lib, guruh bosqichining o'zida ushbu natijani yangilashi mumkin.

58’ Janluiji Buffon (Italiya)

56’ Krishtianu Ronaldu (Portugaliya)

51’ Mario Frik (Lixtenshteyn)

4. Bir o'yinda kiritilgan eng ko'p gol

Faqat etti nafar futbolchi Yevropa chempionatida xet-trikka erishgan. Biroq ularning orasida Ronaldu nomi yo'q. “Yuventus” forvardi terma jamoasi tarkibida xalqaro o'yinlarda 9 bor xett-trik qayd etgan. 

Bir o'yinda 4 ta gol urish biroz murakkabroq. Musobaqa davomida barcha futbolchi ushbu natijani yangilashi mumkin.

5. Yevropa chempionati finalida gol urgan eng keksa futbolchi

Evro finalida 30 yoshdan oshgan bitta futbolchi gol urgan xolos. Germaniyalik Bernd Xolzenbeyn Chexoslovakiyaga boy berilgan o'yinda raqib darvozasini ishg'ol etgan. Bu natija yangilanishi uchun Ronaldu finalda gol urishi kerak.

6. Yevropa chempionligini eng ko'p yutgan sardor

Agar Portugaliya “Uembli”dagi finalda g'alaba qozonsa, sobiq jamoadoshi Iker Kasilyas (2008 va 2012) rekordini takrorlaydi. Kasilyas Ispaniya terma jamoasini ketma-ket ikki bor chempionlik sari boshlab kela olgan.

Krishtianu Ronaldu tomonidan Yevropa chempionatida o'rnatilgan rekordlar

1. Final bosqichida eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchi

Ronaldu shu kunga qadar Yevropa chempionatining final bosqichida 21 o'yinda ishtirok etgan. Bu borada u yaqqol peshqadam va o'z natijasini yanada yaxshilash imkoniyati mavjud. Uning eng yaqin taqibchisi Germaniyaning sobiq yarim himoyachisi Bastian Shvaynshtayger bo'lib, u 18 uchrashuvda maydonga tushgan.

2. Yevropa chempionatining eng yaxshi to'purari (saralash va final bosqichi)

Portugaliyalik yulduz Evro saralashi va final bosqichlarida 40 ta gol urgan va keyingi ikki o'rinni egallab turgan futbolchilar - Zlatan Ibragimovich (25) va Robbi Kinlardan (23) ancha ilgarilab ketgan. Bu natija uzoq vaqt saqlanib qolishi shubhasiz.

3. Ketma-ket 4 ta musobaqada gol urgan dastlabki futbolchi

Ronaldu Evro-2004’da ikkita gol urdi, 2008 yilda bitta, 2012 yilda uchta va 2016 yilda yana uch marta raqiblar darvozasini ishg'ol qildi. Shu tariqa uchta Yevropa chempionatida gol urgan etti futbolchini ortda qoldirdi. Bundan tashqari, bir nechta Evroda uch va undan ortiq gol urgan yagona futbolchi bo'lib qolmoqda.

Qo'shimchasiga...

EVRO-2024 o'tkaziladigan vaqtda Ronaldu 39 yoshga to'ladi. Har ehtimolga qarshi, Ronaldu o'sha turnirda ishtirok etishi mumkinligini hisobga olib, bir qator rekordlarni e'tiboringizga havola etamiz:

Yevropa chempionatlarining eng keksa to'purari

Ivica Vastic (Avstriya, 2008) - 38 yosh 257 kun

Yevropa chempionatida qatnashgan eng keksa futbolchi

Lotar Matteus (Germaniya, 2000) - 39 yosh 91 kun

Yevropa chempionati finalida ishtirok etgan eng keksa futbolchi

Yens Lemann (Germaniya, 2008) - 38 yosh 232 kun

Yevropa chempionatini yutgan eng keksa futbolchi

Arnold Myuren (Niderlandiya, 1988) - 37 yosh 23 kun

Futboldan zavq olish natijalarga bog'liq emasligi ko'p bor takidlangan, biroq statistika eng yaxshilarni aniqlash uchun hisoblab boriladi. 

E'tiboringizga Krishtianu Ronaldu tomonidan yangilanishi mumkin bo'lgan ayrim rekordlarni taqdim etdik xolos. Amalda qanday bo'lishini esa vaqt ko'rsatadi.

Humoyun Oripov tayyorladi

O'xshash yangiliklar


Manba: UEFA.com