

Misr va Eron bilan kuch sinashgan vakillarimiz ikki o'yinda ham g'alabani o'ziniki qildi. G'alaba har doim yoqimli. Qolaversa, kuchli raqiblarni engish ikki hissa ishonch bag'ishlashi aniq. Saytimiz jurnalisti Abdulaziz Iskandarov bu borada tajribali mutaxassis Yorqin Nazarovning fikrlari bilan qiziqdi.
“O'zbekiston milliy terma jamoasining yangi murabbiy qo'l ostidagi oxirgi ikki o'yini yaxshi taassurot qoldirdi. Italiyalik mutaxassislarning ishi ko'rinib turibdi. Aqlli futbol o'ynashyapti. Ular shunday harakat qilmoqdaki, tomosha qilayotgan odamlarda ishonch uyg'onyapti, deb ayta olaman. Erondan ham, Misrdan ham o'yin va taktik tomonlama ustunlik qildik. Rotaciyalar qilinsa ham, o'yinimiz o'zgarmayapti.
Avvalo, bu g'alabadan xalqimiz xursand. Bu turnirdan so'ng muxlislarimizda qandaydir umid uyg'ondi. Chunki Jahon chempionatiga borib muzqaymoq eb kelish emas, munosib o'yin ko'rsatishimizga ishonch paydo bo'la boshladi. Bu quvonarli.
Lekin oldinda hali qancha yig'in va tayyorgarliklar bor. Qolaversa, tarkibga qo'shiladigan bir qator yoshlar ham bor. Chunki yoshlarimiz ancha toblanib qolishdi. Katanets davrida futbolchilar deyarli o'zgarmadi. Endi mazkur tarkibga yoshlarni jalb qilish orqali raqobatni kuchaytirish mumkin. Kimni chaqirish yoki chaqirmaslik murabbiyga bog'liq. Muhimi - terma jamoamiz to'g'ri yo'lda ketmoqda”, - deydi Yorqin Nazarov.



