Edgar Gess: "Uyda ikki ochko yo'qotdikmi? Nimadir deyish qiyin"

Narzulla Saydullayev
4 may 2015, 11:12
Matbuot anjumanining ikkinchi qismida "Andijon" jamoasi bosh murabbiyi Edgar Gess jurnalistlarning savollariga javob berdi.
 -O'yin qiziqarli o'tdi. Bugun ikkala jamoa ham teng o'yin namoyish etgani bois durang natijasi qayd etildi. Maydonning har bir qarich erida kurash keskin kechdi va ikkala jamoa ham yaxshi o'yin ko'rsatdi deya olaman. Abdumalik Abdullaevni nima uchun almashtirdim? Uchrashuv yakunlanishiga 5 daqiqa qolgandi va bungacha u ko'p kuch sarflagandi. Shu sababli almashtirishga qaror qildim. Abdumalik bugungi bahsda ham juda faol harakat qildi.

Uyda ikki ochko yo'qotdikmi? Bu haqda aniq bir nima deyish qiyin. Birinchi bo'limda mehmonlar yaxshi harakat qilib, bir qator xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishdi. Ikkinchi taymda esa bizda gol urish uchun imkoniyatlar ko'proq bo'ldi. O'yin shunday ediki, agar bugun kim gol ursa, o'sha jamoa g'alaba qozonardi. Ammo darvozalar daxlsiz qoldi. Bugun ikki ochkoni boy berdikmi yoki yo'q, buni mavsum oxiri ko'rsatadi. Muhimi, himoyada xatoga yo'l qo'ymay to'p o'tkazmadik. Durang ham bu ochko deganidir. Bugun bizni munosib darajada qo'llab-quvvatlashgani uchun muxlislarimizdan minnatdormiz. Keyingi o'yinlarda ham ishqibozlarimizni xursand etishga harakat qilamiz.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: andijon-pfc.uz