Dilshod Jabborov "Navbahor"ga qaytadimi?

Narzulla Saydullayev
2 iyul 2014, 13:47
Ikkinchi davrani munosib o'tkazishni rejalashtirayotgan "Navbahor" ertadan so'ng Chirchiq tumanida dastlabki yig'inni boshlaydi.
Ayni paytda murabbiylar jamoani kuchaytirish maqsadida bir nechta futbolchilar bilan muzokaralar olib borishmoqda. Asosiy urg'uni darvoza va hujum chizig'ini kuchaytirishga qaratishmoqda. Ma'lumotlarga qaraganda Murod Zuhurov ("Bunyodkor"), Mamur Ikromov ("Metallurg") va bir-ikkita yosh posbonlar bilan muzokaralar o'tkazilmoqda.

O'z navbatida hujumchilardan "Metallurg", "Nasaf" jamoalarida to'p surgan hamda joriy mavsum "Neftchi"da o'zini ko'rsata olmayotgan Zohid Abdullaev, yil boshida "Navbahor" yig'inlarida ishtirok etib, keyinchalik o'z xohishiga ko'ra "Oqtepa"ga yo'l olgan Alisher Shog'ulomov va nomi sir tutilayotgan boshqa hujumchilar "lochinlar" tarkibida ko'rinish berishi mumkin.

"Bunyodkor"dan ijaraga olingan Shukurali Po'latov agarda "Navbahor"ni tark etgudek bo'lsa, uning o'rniga joriy yilda Farg'onada to'p surayotgan sobiq "navbahorchi" Jahongir Mehmonov kelishi mumkin. Hozircha Po'latovning Namanganni tark etishi mavhum bo'lib turibdi. O'z navbatida "Bunyodkor" xorijdan boshqa markaziy himoyachi izlamoqda.

Klub rahbariyati asli namanganlik bo'lgan, hozirda boshqa jamoalarda to'p surayotgan futbolchilarni ham tarkibga jalb qilishmoqchi. Bilishimizcha, "Lokomotiv"da asosiy tarkibdagi o'rnini yo'qotib qo'ygan Dilshod Jabborov "Navbahor"ga qaytishi mumkin. Agar chindan ham futbolchiga taklif bilan chiqishsa, Jabborov o'z uyiga qaytishga qarshi emas.

Hozircha jamoani tark etuvchilar ma'lum emas. Yig'inlar boshlangach, ketuvchilar nomi asta-sekin ma'lum bo'lib boradi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: lochinlar.asia