

Tur kutilmagan natija bilan boshlandi. Turnir jadvalining yuqori qismidan o'rin olib turgan yetakchilar bahsida "Gerta" "Bavariya"ga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
Ibishevichning penaltidan kiritgan goli va Bundesliga to'purari Ondrey Dudaning aniq zarbasiga myunxenliklar javob qaytara olishmadi. Natijada Pol Dardai boshchiligidagi poytaxtliklar mazkur g'alabadan so'ng ochkolar soni bo'yicha "Bavariya"ga tenglashib olishdi va turnir jadvalida kuchli-uchlikka joylashdi.
Kovach qo'l ostida "Bavariya" ilk mag'lubiyatini aynan Berlinda qabul qilib oldi.
Shu tariqa "Gerta" 9 yildan buyon davom etib kelayotgan "Bavariya" bilan bog'liq noxush ananaga chek qo'ydi.
Qayd etish joizki, "Bavariya" Bundesligada ketma-ket ikkinchi o'yindirki ochko yo'qotmoqda. Bunga qadar jamoa o'z uyida "Augsburg" qarshiligini enga olmagandi.
Turning yana bir e'tiborga molik bahsida "Shalke" "Maync"ni Gelzerkirxenda qabul qildi. Mazkur o'yinni ahamiyati shunda bo'ldiki, Tedesko shogirdlari chempionatni juda yomon boshlashgandi. Ketma-ket uchralgan to'rt mag'lubiyatdan so'ng nihoyat g'alaba tamini tatib ko'rdi.
Chempionat turnir jadvalida o'zgarish qila olgan va turning eng qiziqarli uchrashuviga aylangan o'yin Leverkuzenda kechdi. Nihoyat omadsiz startdan so'ng o'ziga kela boshlagan "Bayer" Dortmundning "Borussiya" jamoasini mehmon qildi.
Michel Vayzer va Jonatan Ta kiritgan gollar evaziga hisobda oldinga chiqib olgan Xayko Xerlixx shogirdlari tanaffusdan so'ng o'zlarini yo'qotib qo'yishdi. Lyusen Favr qo'l ostidagi "Borussiya" o'yin tugashiga 25 daqiqa qolganida mezbonlar darvozasini oz emas, ko'p emas 4 marotaba ishg'ol qilishdi. Yakob Larsen, Marko Roys va Pako Alkaserning dubli evaziga "Borussiya" ajoyib "kambek"ni amalga oshirdi. Aynan ushbu mazali g'alaba Dortmundni yaqqol peshqadamga aylantirdi.
Yulian Nagelsmann boshqaruvidagi "Xoffenxaym" o'z uyida kutilmaganda "Leyptsig"ga imkoniyatni boy berdi. Yusuf Poulsenning dubliga mezbonlar Kramarichning "nuqta"dan urgan goli bilan javob qaytardi. Natijada mazkur mag'lubiyat "Xoffenxaym"ni 12-pog'onaga tushirib yubordi.
Gollarga boy kechgan "Volfsburg" - "Borussiya" Myonxengladbax o'rtasidagi bahsda g'olib nomi aniqlanmadi. Chempionatni ko'tarinki ruhda o'tkazayotgan jamoalar muxlislarga ajoyib futbol oqshomini taqdim etib berishdi. Ammo cho'ntakka 3 ochkodan solish hech bir jamoaga nasib etmadi.
Shuningdek, mazkur turda "Augsburg" jamoasi islandiyalik Alfred Finnbogasonning xet-triki evaziga "Frayburg" ustidan g'alabani rasmiylashtirdi. Bundesligaga qaytgan jamoalar o'rtasidagi to'qnashuvda esa "Nyurnberg" "Fortuna Dyusseldorf"dan ustun keldi. Mavsumni juda yaxshi boshlagan "Verder" Shtutgartda taslim etildi. "Ayntraxt" esa o'z uyida "Gannover"ge hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
Bundesliganing 6-turidan so'ng hali g'alaba qozonmagan birgina jamoa mavjud - "Gannover". Aynan Andre Braytenrayter shogirdlari turnir jadvalining oxirgi pog'onasini band etib turishibdi.
Bundesliga 6-turida qayd etilgan natijalar

Bundesliga turnir jadvali

To'purarlar poygasida esa "Gerta" a'zosi Ondrey Duda yetakchilikni hech kimga bermayapti. Slovakiyalik xavbek hisobida ayni paytda 5ta gol mavjud. Uning eng yaqin taqibchisi "Borussiya" Myonxengladbax hujumchisi Plea, Dortmund vingeri Roys va "Gerta" hujumchisi Ibishevich 4ta gol bilan ikkinchi o'rinni bo'lishib turishibdi.

"Borussiya" Dortmund yarim himoyachisi Yadon Sancho assistentlik borasida yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Angliyalik iqtidor jamoasining 5ta goliga hammualliflik qilgan.




