

Ayyom oldidan viloyatdagi bir guruh futbol faxriylari Andijon shahridagi keksalar va nogironlar uchun “Saxovat” internatida bo'lib, o'z vaqtida viloyat futbolini rivojlantirishga hissasini qo'shgan Rinat Kotelev va Oleg Sazonovlarni yo'qladilar. Har ikki faxriyga assotsiatsiya tomonidan tayyorlangan sovg'alar topshirildi.
“Barkamol avlod” sport majmuasining mini-futbol maydonida esa faxriy futbolchi va soha mutaxassislari o'rtasida marhum futbol fidoyilari Miroman Kim, Alijon Marajapov, Ergash Tursunovlar xotirasiga bag'ishlangan turnir bo'lib o'tdi. Do'stona ruhda o'tgan tadbirda ishtirok etgan uch jamoa vakillari ham viloyat futbol assotsiatsiyasi tomonidan esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.
- Milliy qadriyatlarimiz aks etgan Xotira va qadrlash kuni oldidan mana shunday tadbirlarni o'tkazish ananaga aylangan,- deydi viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vice-prezidenti Bekzodbek Karimov. – O'tganlarni xotirlash, keksalarni ezozlash xalqimizning qon-qoniga singib ketgan oliyjanob urf-odatlardan. Sana munosabati bilan soha xodimlari bilan juda ko'p tadbirlarni o'tkazishni rejalashtirganmiz.
Elmurod Ermatov, Andijon












