"Andijon" himoyachisi: "Chempionatni uch ochko bilan boshlash uchun bor kuchimizni sarflaymiz"

Sherzod Nurmatov
7 fev 2024, 16:00
Bilasiz, "Andijon" klubi ham yangi mavsumga tayyorgarlikni Turkiyaning Antaliya shahrida qizg'in ravishda davom ettiryapti.

Jamoadagi barcha futbolchilar yuqori kayfiyatda mashg'ulotlarda qatnashishyapti. Jamoaning iqtidorli futbolchilaridan biri, himoyachi Abdulvohid G'ulomov klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.



- O'yinlarimiz haqida taassurotlarim yaxshi. Avvalo, "Selimbar"ga qarshi uchrashuv to'g'risida to'xtalsam, biz o'yindan avval raqib haqida ma'lumotga ega emasdik. Shu sababdan ham o'yin natijasiga ta’sir qildi, deb o'ylayman. Ammo yomon o'yin namoyish etmadik. Vaziyatlar yarata oldik, biroq ularni golga aylantira olmadik va durang bilan tugadi.

Ikkinchi o'yinda Gruziyaning "Saburtalo" jamoasi bilan o'ynadik. Biz kuchli raqibga qarshi maydonga tushdik. Gol urdik, lekin g'alabani saqlab qola olmadik. O'ylaymanki, hozirgi jarayonda natijaning ahamiyati katta emas. Asosiysi, jamoa o'yinini shakllantirib, uni kuchaytirishda. Biz shunga harakat qilyapmiz.

Antaliyadagi yig'inimiz a'lo dajada o'tyapti. Tayyorgarligimiz juda yaxshi va ahamiyatli bo'lyapti. Yoqimli tarafi, kuchli raqiblar bilan o'yinlar o'tkazyapmiz. Bu bizga albatta ijobiy tomondan asqatishi aniq.

Superliga qur'asiga kelsak, birinchi uchrashuvni safarda o'tkazadigan bo'ldik. Baribir mavsum mobaynida hamma raqiblar bilan o'ynab chiqishimiz kerak. Shu boisdan men uchun katta ahamiyatga ega emas. Xudo xohlasa, mavsum davomida g'alabalarimiz bilan muxlislarimizni xursand qilamiz. Albatta, chempionatni uch ochko bilan boshlash uchun bor kuchimizni sarflaymiz va maqsadimizga erishishga harakat qilamiz.

Jamoadagi barcha yigitlarning kayfiyati a'lo darajada. Xohish va ishtiyoqsiz hech nimaga erishib bo'lmaydi. Shuning uchun ham bizda ishtiyoq yuqori darajada.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Андижон" матбуот хизмати