AGMK Qatardan g'alaba bilan qaytsa, OCHL guruh bosqichida o'ynaydigan O'zbekistonning ettinchi jamoasi bo'ladi

Xayrulla Xoliqov
6 apr 2021, 15:47
Ertaga Qatarda "Al Garafa" va AGMK klublari o'rtasida OCHL pley-off bahsi o'tkaziladi.

Agar bu uchrashuvda Mirjalol Qosimov shogirdlarining qo'li baland kelsa, unda AGMK Osiyo chempionlar ligasi guruh bahslariga yo'llanma oladi. Shunday bo'lgan taqdirda AGMK "A" guruhidan joy olib, "Al Hilol" (Saudiya Arabistoni), "Shabab Al Ahli" (BAA) va "Istiqlol" (Tojikiston) klublari bilan bellashadi.

Mabodo AGMK mag'lubiyatga uchrasa, unda o'z ishtirokini OFK Kubogida davom ettiradi va markazlashgan tartibdagi musobaqaning guruh bahslarini Tojikistonda "Oltin Asr" (Turkmaniston), "Xo'jand" (Tojikiston) va "Oloy" (Qirg'iziston) klublariga qarshi o'tkazadi. 

Yana bir ma'lumot shuki, agar AGMK OCHL guruh bosqichi yo'llanmasini qo'lga kiritsa, unda "Nasaf" OFK Kubogida o'ynaydi. Shu paytgacha turli yillarda O'zbekistonning oltita klubi - "Paxtakor", "Bunyodkor", "Lokomotiv", "Nasaf", "Mashal" va "Neftchi" OCHL guruh bahslarida ishtirok etgan. AGMK g'alaba qozongan taqdirda guruhda o'ynaydigan ettinchi klub bo'ladi.

"Al Garafa" oxirgi marta 2018 yil Osiyo chempionlar ligasining guruh o'yinlarida qatnashgan. Bu jamoa o'tgan yil Qatar Yulduzlar ligasida to'rtinchi o'rinni egallab, OCHL pley-off yo'llanmasiga ega bo'ldi. Hozirda bu klubni Slavisa Yokanovich boshqarmoqda va uning qo'l ostida "Al Garafa"ning ishlari yaxshi ketmayapti. Xususan jamoa so'nggi 6ta uchrashuvning faqat bittasida g'alaba qozondi. 

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia