"Buxoro" klubining nomi o'zgardi

Sherzod Nurmatov
13 iyul 2021, 21:19
Bugun, 13 iyul kuni Buxoro viloyati hokimi qarori bilan "Buxoro" professional futbol klubi nomi o'zgartirildi.

Klubning nomi "Nurafshon" professional futbol klubiga o'zgartirildi.

Shuni alohida takidlash joizki, jamoa bu "Nurafshon" nomi bilan o'z tarixidagi eng yuqori natijalar hamda yorqin va chiroyli futbol namoyish eta olgan klub muxlislarining xursandchiliklariga sabab bo'ldi desak mubolag'a bo'lmaydi. Zero bu o'zgarishni "Nurafshon"ning jonkuyar muxlislari anchadan beri kutishar edi. 

Shuningdek, kun davomida Buxoro markaziy o'yingohida “Nurafshon” professional futbol klubi tashabbusi va Buxoro futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda kengaytirilgan yig'ilish tashkil etildi. Yig'ilishda “Nurafshon” professional futbol klubi bosh direktori Farruh Jamolovich Xamraev, jamoaning bosh murabbiyi Usmon Qudratovich Toshev hamda viloyatda futbol bo'yicha murabbiylik faoliyatini  yuritayotgan mutaxassislar va OAV vakillari ishtirok etishdi. Uchrashuvdan asosiy maqsad Buxoro futbol maktabini qayta tiklash, zamonaviy metodikalarga asoslangan malaka oshiruvchi mashg'ulotlarni kuchaytirish, “Nurafshon” PFKning futbolchilariga munosib o'rinbosarlarni tarbiyalash, shuning bilan bir qatorda klub qoshida 14-16-18 yoshdagi yoshlar jamoalarini shakllantirish borasida takliflar muhokama qilindi. 

Uchrashuvda yaqindagina “Nurafshon” PFK bosh murabbiyi etib tayinlangan Usmon Qudratovich Toshev so'zga chiqib endilikda murabbiylar birlashib, birgalikda Buxoro futbolining ravnaqini oshirish kerakligini, o'z ishiga fidoyi bo'lgan murabbiylarni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirishga alohida e'tibor berilishi rejalashtirilayotganini ta'kidlab o'tdi. 

Uchrashuv yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan javoblar berildi.

Yig'ilishdan so'ng ishtirokchilaridan biri, yoshlar  murabbiysi Sulaymon Raxmatovni so'zga tortganimizda u:

"Ushbu uchrashuvni biz ko'pdan beri kutgan edik. Bugun ko'tarilgan masalalar albatta, futbolning rivoji uchun. Biz murabbiylarga bildirilayotgan ishonch va berilayotgan imkoniyatlarning natijasi faqat Buxoroning nomdor, legioner futbolchilarini kashf qilish bo'lishi kerak deb o'ylayman. Viloyatimizdagi millionlar o'yini uchun barchamiz mas'ulmiz. Buyog'iga barchamiz bir bo'lib bamaslahat ish tutsak va harakat qilsak, bilingki Buxoroning afsonaviy futbol uslubini qaytaramiz", – deya ta'kidladi.

Biz esa "Nurafshon"ning fidoyi muxlislari nomidan  jamoaga nafaqat o'tmishdagi shonli natijalarini, balki undanda yuksak marralar va zafarlarni tilab qolamiz.

Maqola Championat.asia Buxoro viloyati muxbiri va "Nurafshon” PFK media markazi hamkorligida G'afur Tursunov va Jamshid Hojiev tomonidan tayyorlandi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia