
- Bu yilgi mavsum jamoamiz uchun qoniqarli o'tdi –deydi Tohir Kapadze. - Chempionatni 3-o'rinda yakunlashga juda yaqin turibmiz. “Mashal” va “Andijon”ni hisobga olmaydigan bo'lsak, qayd etgan natijamiz yomon emas. Bu egallagan o'rnimiz bizga hech nima bermas, lekin bu biz uchun keyingi yillarda juda asqotadi. Bu bilan yangi mavsum uchun qaysidir manoda poydevor yarata oldik. “Mashal” “Andijon” har tomonlama juda kuchli jamoalardir. Shuning uchun ularga birinchi ligada boshqa biror-bir klub raqobatchilik qila olmaydi. O'ylaymanki, bu ikki jamoa joriy yil oliy ligada ishtirok etganida autsayderlar qatorida yurmasdi. Lekin ularning ushbu mavsum birinchi ligada ishtirok etgani, quyi liganing saviyasini oshishiga xizmat qildi. Negaki, professionallik va bu kabi bir qator jihatlar borasida ular birinchi liga jamoalariga o'rnak bo'ldi. To'g'ri, bu yil jamoamizning oliy ligaga chiqish uchun imkoniyatlari chakki emas edi. Lekin bilasizmi, elitaga chiqishdan oldin biz avvalo klub poydevorini mustahkamlashga e'tibor qaratdik. Shuning uchun klubimiz rahbarlari bilan o'zaro maslahatlashib bu vazifani keyingi yilga qoldirdik. Shahrimiz hokimi futbolni juda yaxshi ko'radi. Klubimiz rahbarlari ham imkon qadar yaxshi sharoitlarni yaratib berishga harakat qilmoqda. Ilgari bunday sharoitlar yo'q edi. Shuning uchun shaxsan “Qo'qon-1912” jamoasining vice-prezidenti Baxtiyorjon Tolipovga bizga bo'lgan yuqori e'tibori uchun klubimiz a'zolari tomonidan o'z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Nasib qilsa keyingi yil klubimiz mutasaddilari jamoamiz oldiga kuchlilar safiga chiqishni vazifa qilib va kerakli sharoitlarni yaratib bersa, ishonamanki, kelasi yil Qo'qonda har tomonlama baquvvat bo'lgan jamoa tuza olamiz va muxlislarni oliy liga bilan xursand qilamiz. Buning uchun qilinadigan ishlar ko'p xali. Nafaqat mablag', balki stadionimizning bugungi xolatini oliy liga talab darajasida qilishimiz lozim bo'ladi. Shuningdek bazamiz ham yomon emas-u, lekin u yerda ham qilinadigan ishlar bor. Bularning hammasi Qo'qonda bo'ladigan ishlardir. Bu ko'proq harakat va xohishga bog'liq.
- Qo'qon mening shahrim. Kindik qonim shu yerda to'qilgan. Bu yerda bir-biridan ajoyib bo'lgan davrlarni o'tkazdim. Umumiy aytganda bu yerda o'n besh yil davomida ishladim va bugungi kunda ham faoliyat yuritib kelmoqdaman. Xullas jamoa men uchun begona emas. Shuning uchun ham mavsum boshida rahbariyat taklif qilganida labbay deb javob berdim. Chunki Qo'qonda har doim talantli iqtidorlar ko'p bo'lgan. Nafaqat mahoratli futbolchilar balki ilgari bu yerdan yulduz darajasidagi o'yinchilar yetishib chiqqan. Shunday vaqtlar bo'lganki, o'zga klublarda to'p tepgan qo'qonlik futbolchilarni yig'ib, bitta munosib terma jamoa yig'ish imkoni bo'lgan. Lekin oxirgi yillarda moddiy jihatning salbiyligi va homiylarning yo'qligidan futbol jamoamiz reytingi ancha pastlagani rost. Xudoga shukur Farg'ona viloyati hokimi Shuhrat G'aniev hamda Qo'qon shahar hokimi Ikrom Abdullaevning millionlar o'yiniga bo'lgan katta e'tibori bilan joriy yilning may oyidan “Qo'qon-1912” jamoasiga yangi baquvvat homiy Qo'qon “Spirt” OAJ biriktirildi. Bu qilingan ishlardan ko'zlangan asosiy maqsad kelajakda jamoa oldiga yuqori vazifalar qo'yish. Ular bu bilan jamoaning avvalgi qaddini rostlashini taminlamoqchi. Shuningdek Farg'ona viloyati futbolini saviyasini bundan-da oshirmoqchi. O'z vaqtida Farg'onadan uchta jamoa oliy ligada ishtirok etgan. “Neftchi”, “Atlaschi”, “Avtomobilchi” hamda “Cementchi” jamoalari ilgari elitada qatnashgan. Shuning uchun yaqin orada yana Farg'ona viloyatidan ikkita jamoa oliy ligada qatnashishi uchun “Qo'qon-1912” jamoasini kuchlilar safiga olib chiqish vazifasi qo'yilmoqda. Bu yo'lda hozir juda katta ishlar qilinmoqda. Shuning uchun ham jamoaga taklif qilishganida yo'q deya olmadim. Agarda rahbariyat moddiy tomondan o'z vaqtida qo'llab-quvvatlab tursa, ishonamanki, yaqin yillar davomida “Qo'qon-1912” oliy liga chiqadi. Shunda ham 1-2 yillik jamoa bo'lib emas, balki yuqori o'rinlar uchun kurashadigan klub sifatida. Klubda bu yil birinchi bosqichning 8-turidan rasman ish boshlagandim. Bu paytga kelib jamoaning turnir jadvalida egallab turgan o'rni quyiroqda edi. O'sha paytda yigitlar bilan suhbatlashib, ularni ruhan hamda jismonan tayyorlab bordik. Ketma-ket muvaffaqiyatli o'yinlardan so'ng, o'z-o'zidan ishtirokimizda ijobiylik ko'zga tashlana boshladi. Bugungi kunga kelib esa, 3-o'ringa ko'tarilib oldik. O'ylaymanki, bundan muxlislarimiz ham xursand.
- Bu yilgi birinchi liga haqida nima deyishim mumkin? Men 1998 yildan buyon birinchi ligada ishlab kelmoqdaman. Shu yillar oralig'ida ma'lum muddat boshqa sohalarda ham ishlaganimni hisobga olsak¸ o'n yildan ortiq ushbu ligada faoliyat yuritdim. Tabiiyki liga haqida etarlicha tushunchaga egaman. Shu sababli menda har bir yildagi chempionatlarni bir-biri bilan taqqoslash imkoniyati mavjud. Oxirgi yillarda birinchi ligada futbolga bo'lgan qiziqish va munosabat hamda liganing saviyasi ancha pasaygan. Lekin bu yilgi birinchi ligani olib avvalgi yillarga nisbatan solishtiradigan bo'lsak, joriy mavsumda saviya biroz oshgandek. Bunga avvalo OAVning bo'layotgan yuqori e'tiborini keltirish mumkin. Sport TVda har bir turdan so'ng, ushbu liga tur hisobotiga bag'ishlangan ko'rsatuv berib borilmoqda. Diyor Imomxo'jaevning 40 daqiqalik ushbu ko'rsatuvi orqali birinchi ligaga bo'layotgan e'tibor va undagi o'zgarishlarni bilib borish imkoni bo'lmoqda. Shuningdek yana bir biz uchun qo'l kelayotgani bu – "www.championat.asia" internet portalining birinchi liganing har bir turini onlayn tarzda yoritib borayotganidir! Bundan tashqari “Mashal” va “Andijon”ning birinchi ligada ishtirok etishi ham liganing o'sishiga juda katta turtki berdi. Chunki bular haqiqatdan ham oliy liga darajasidagi jamoalar edi. Infratuzilma, tarkib, futbolga bo'lgan munosabat sharoitlar borasida bu ikki klub oliy ligaga mos jamoalardir. “Mashal” va “Andijon”da ham ajoyib stadion mavjud. Ayniqsa andijonliklarning ashaddiy ishqibozlari bor. Qolaversa har ikkala jamoaning murabbiylari ham oliy ligada ishlagan. Shu bois aytish mumkinki, “Mashal” bilan “Andijon” huddi oliy liganing havosini quyi ligaga ham olib kelgandek tuyuldi. Bu klublarga qarshi birinchi liganing boshqa jamoalari katta ishtiyoq bilan jangavor ruhda o'ynadi. Ulardan ochko tortib olish uchun ham astoydil kurashdi. Shuningdek “Mashal” va “Andijon” qayerda o'ynamasin, o'sha joyda maxalliy muxlislarning futbolga bo'lgan qiziqishi ortdi. Raqobat ham ancha kuchaydi. Yuqoridagi ikki klubdan tashqari “Qo'qon-1912”, “Zarafshon-NCZ”, “Spartak”, “Xorazm” kabi jamoalar ham mavsum oxiriga qadar yuqori o'rinlar uchun jiddiy kurash olib borayotgani raqobatni oshishiga sabab bo'lmoqda. 1-2-o'rin egalari aniq bo'lib ulgurgan bo'lsada, 3-o'rin uchun kurash chempionat so'nggiga qadar davom etadigan ko'rinadi. Raqobatni bo'lgani yaxshi. U bor joyda o'sish bo'ladi. Shu bois aytish mumkinki, bu yilgi birinchi liga avvalgilariga nisbatan biroz o'sdi.
- Birinchi ligada salbiy jihatlar ham bor albatta. Birinchi navbatda tashkiliy jihatlardan ishlar ancha sust ekanligini aytishim mumkin. Chunki o'yinlar o'tkaziladigan maydonlarning xolati juda achinarli xolda. Misol uchun “Alanga”, “Chust-Paxtakor”, yoki “Lokomotiv-BFK”ning uy uchrashuvlari o'tkaziladigan maydonlarning xolatini olaylik, ularning maydonlarida kombinacion o'yin namoyish etishning sira iloji yo'q. Bundan tashqari yana bir qator stadionlarning maydonlari sifatli o'yin ko'rsatish uchun talab darajasida emas. Aslida PFLning reglamentida klublarga bo'lgan juda katta talablari bor. Ammo bu talablar joyida bajarilmayapti. Chunki bunga ko'pchilik e'tiborsiz bo'lib qolgan. PFL aynan ushbu talablarni kuchaytirish kerak. Sababi futbol shunday sportki, uning talablariga bo'ysunmagan jamoani chetlatish kerak. Bizda bazida rahmdillik qilib, talablar ham vaqtida bajarilmayapti. Albatta bunday xolatlar birinchi liganing saviyasiga salbiy ta’sirini o'tkazmay qolmayapti. Klublarimizga, qayd etilayotgan natijalar va futbolchilarga ta’sir qilmoqda. Xususan safar o'yiniga borganingizda, u yerdagi ahvolni ko'rib, shunday fikr kelasizki: bizga qanday talablar qo'yilyaptiyu, bu erga qanday majburiyat qo'yilgan?! Talab va qonun barchaga barobar bo'lishi kerak. O'sha reglamentdagi talabni amalda bajarish joiz. Bundan faqat klublarimiz yutadi. Aksincha xolatlarda murabbiylar va futbolchilar qiynalmoqda. Klub rahbarlari vadalarni berib, keyin uni uddasidan chiqmayapti va talab bajarilmasdan qolib ketmoqda. Tizim yaxshi yo'lga qo'yilgan, lekin ko'plab jamoalarda o'z ishiga bo'lgan professionallik yo'q. Bu bilan nima demoqchiman, jamoa rahbarlari futbolchilarga va murabbiylarga zarur shart-sharoitlarni yaratib bermayapti. Bunga “Orol” jamoasining “Chust-Paxtakor” bilan safardagi o'yinga bora olmaganini misol tariqasida ko'rsatish mumkin. Shuningdek birinchi bosqichda sakkiztalikka kirgan “Yangier” moliyaviy muammo tufayli ishtirokini to'xtatishga majbur bo'ldi. Bunday ajoyib jamoaning yarim yo'lda “qoqilishi” juda ham achinarlidir. Tarkibida yoshlar va o'smirlar terma jamoalariga nomzod bo'lgan o'yinchilar bor edi. Keyinchalik yangierliklarning o'rnini “Istiqlol” egalladi. Aynan ushbu o'zgarishdan “Qo'qon-1912” jabr ko'rdi. Negaki, birinchi bosqichdan so'ng, 2-o'rindagi “Andijon”dan atiga 4 ochko ortda qolayotgan edik. “Yangier”ni o'rnini “Isqtilol” to'ldirgach, ochkolarimizdan yana 2ta olib tashlandi. Bu kabi xolatlar liganing saviyasi pasayishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari meni yana bir xolat xayron qoldirmoqda. Birinchi bosqichni ko'tarinki ruhda o'tkazgan “Sharq” mintaqasi jamoalari, “NBU-Osiyo” “Oq-tepa” “Kosonsoy” hamda “Chust-Paxtakor” kabi jamoalar negadir “G'arb” mintaqasidagi jamoalarga qarshi kechayotgan bahslarda o'zlarini ko'rsata olmayapti. Aksincha “G'arb” mintaqasidan ikkinchi bosqichga yo'l olgan, “Zarafshon-NCZ”, “Xorazm” “Spartak” singari klublar ikkinchi bosqichda juda faollik ko'rsatmoqda. Bu ochig'i, aynan bizga qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
- PFLga keyingi yilgi birinchi liga uchun oldindan shunday taklif bildirardimki, mana bu yil chempionat chakki bo'lmadi. Sport tamoyillaridan kelib chiqib aytadigan bo'lsak, bu borada hammasi to'g'ri bo'ldi. Chunki haqiqatdan ham birinchi bosqichda 8talikka qirgan jamoalar keyingi bosqichga yo'l oldi. Faqat bitta salbiy jihat shuki, yuqori sakkiztalikka kira olmagan jamoalar Namanganda o'tkazilgan “pulka” o'yinlarida ishtirok etishdi. Ochig'i, buning manosini sira tushunmadik. Chunki bu jamoalar ham “pulka” o'yinlariga qadar o'yin amaliyotisiz qolishlari kerak emas. Chunki birinchi bosqichdan so'ng, uch oy davomida futbol o'ynamay turib keyin yana “pulka” o'yinlari boshlanishiga bir hafta qolganida futbolchilarni yig'ib, saqarga borib bir kun uchrashuv o'tkazib, bir kun dam olish bularning hammasi futbolga zid narsalardir.
- Agar imkoni bo'lsa shuning uchun keyingi yili 20ta baquvvat, talabni o'z vaqtida bajara oladigan jamoani yig'ib, chempionat o'tkazilsa maqsadga muvofiq bo'lardi. Lekin moddiy tomondan imkoniyati chegaralangan yoki stadioni yo'q bo'lgan jamoalarni ham futboldan mahrum qilish kerak emas. Bundaylar uchun ham qandaydir turnir tashkil etish kerak. Sababi biz futbolni har bir viloyatda rivojlantirishimiz kerak. Buning uchun ommaviylik darkor.
- Hakamlar qo'mitasi shunday tashkilotki, ularni bugungi kunda tanqid qilib bo'lmaydi. Boz ustiga biz hozir futbol klubida ishlamoqdamiz. Lekin ochig'ini aytaman, hakamlik tizimi oldingi yillarga nisbatan ancha yaxshi. Biroq sobiq ittifoq davrida hakam bo'lish uchun undan oldin 25-30 yoshgacha futbol o'ynash kerak edi. Xullas futbolni ichidan chiqish va uni to'liq bilishi talab etilardi. Keyin esa ikkinchi liga so'ngra, birinchi liga o'yinlarida hakamlik qilib borishardi. Oliy ligaga chiqish uchun hammasi yilar davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilgan. Hozir bazida hayron qolaman, markaziy hakamlarni juda yaxshi bilamiz. Chunki bosh hakamlar bu darajaga chiqish uchun kamida 2-3 yil quyida ishlagan. Yon hakamlarnining aksariyatini ko'rib esa bazida lol qolaman. Bu hakamni futbolga qanday a'loqasi bor. U ilgari o'zi futbol o'ynaganmi yoki 20 yoshidayoq hakamlikni tanlaganmi deb o'ylanib qolaman. Bunday toifadagilarda futbolning tushunchasi yo'q. Bayroqni olib, shunday qarorlar chiqaradiki, bazida qoniz qaynab ketadi. Futbolda avvalo natija birinchi o'rinda turadi. Shu bois biz natija ko'rsatishimiz kerak. Uzoqqa bormaylik, misol tariqasida yaqinda safarda “Zarafshon-NCZ”ga qarshi o'ynadik. Markazda taniqli hakam Hasan Ro'ziev edi. Vaziyatlarning birida bosh hakam xolatdan 10 metr uzoqlikda turibdi, uning qanotdagi yordamchisi esa 50 metr uzoqlikda bo'la turib bayroqchasini ko'tarmoqda. Unga nima qilyapsan do'stim deb murojaat qilsam, “o'yin qoidasi buzildi” deya javob bermoqda. Vaholanki bosh hakam undan ko'ra vaziyatga juda yaqin turgandi. Bunday toifadagi hakamlar futboldan juda uzoqdagi insonlardir. Bundaylar juda ko'p uchramoqda. Ular pulini to'lab, hakamlik kurslarida tahsil olib keyin bizni ko'p yillar davomida qilgan mehnatlarimizni hal etadigan bo'lib qoldi. Shuning uchun birinchi ligada markaziy hakamlarga ortiqcha etirozim yo'q, lekin laynsmenlarni uchrashuvlarga tayinlashdan oldin ularni oldin yaxshilab ko'rib chiqish kerak. Birinchi ligadagi bahslar bu degani sinov-nazorat yoki bolalar turniri emas, hakamlarni mahoratini oshiradigan. Ularni avvalo viloyat ikkinchi liga va bolalar musobaqalarida pishitib borish kerak. Yoki birinchi ligada qaysidir o'rin taqdiri hal bo'ladigan uchrashuvlarga bunday qanot hakamlarini qo'yish kerak emas. Hakamlar departamenti bo'limida faoliyat yuritayotgan Bobur Haydarovni ham Noil Lutfulinni ham juda yaxshi hurmat qilaman. Ular o'z vaqtida ajoyib referilar bo'lishgan. Mutaxassis sifatida va insoniylik jihatdan ham bular oliyjanob insonlardir.
Islombek Rustambekov suhbatlashdi.