"Laporta borgan sari Trampga o'xshab qolmoqda" - Viktor Font "Barselona"dagi yangi mojarolarga munosabat bildirdi

Aslanov Jasurbek
24 fev 2026
"Barselona" prezidentligiga nomzod Viktor Font amaldagi rahbar Joan Laporta va klub mutasaddilariga nisbatan qo'yilgan pul yuvish ayblovlari bo'yicha o'z fikrlarini bildirdi.

Font Laportaning boshqaruv uslubini AQSH prezidenti Donald Trampga qiyosladi.

Ayblovlarga raddiya:

Font o'zi va uning jamoasi ushbu moliyaviy mojarolarga aloqador emasligini keskin ta'kidladi:

"Men bu ishlarga aloqadorligimizni qatiyan inkor etaman. Bizning yagona orzumiz - Barselonaning sud mashmashalariga aralashib qolmasligi. Neymar, Negreyra, Bartogeyt... Bu kabi voqealar klub obro'siga faqat zarar etkazadi".

Laporta va Tramp o'xshashligi:

Viktor Fontning fikricha, Laporta vaziyatni o'nglash o'rniga xayoliy dushmanlar bilan kurashmoqda:

"Laporta kun sayin Trampga ko'proq o'xshab bormoqda. U xayoliy dushmanlarni qidiradi va odamlarni aldaydi. Ular bizni bu jangga tortmoqchi, lekin men shunchaki Barselona muxlisiman. Ular mening nomimni qora qilishni istashyapti".

Klub kelajagidan xavotir:

Font Ispaniyadagi sud tizimi va klubning avvalgi jazolarini ham eslatib o'tdi:

"Biz shunday mamlakatda yashayapmizki, go'yoki hamma bizning azoblanishimizni istaydigandek. Klub bir marta hukm qilingan. Bunday sharoitda qaysi hakamning qo'liga tushib qolishingni bilmaysan", - dedi Font "RAC1" efirida.

"Barselona"da prezidentlik saylovlari yaqinlashgani sayin, nomzodlar o'rtasidagi "so'z jangi" yangi bosqichga chiqmoqda.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: As