So’nggi yangiliklar

08:34Фернандо Торрес қайси жамоани бошқариши маълум  0 08:10«Барселона» «Манчестер Сити» етакчиларидан бирини 50 миллион еврога сотиб олиши мумкин  0 07:44Клопп кечаги мағлубиятдан сўнг чемпионлик имкониятлари ҳақида гапирди  3 07:20Лига 1. "Монако" - "Лилль" 1:0  0 07:15Лига 1. "Лорьян" - ПСЖ 1:4  0 07:10АПЛ. "Манчестер Юнайтед" - "Шеффилд" 4:2  0 07:05АПЛ. "Эвертон" - "Ливерпуль" 2:0  0 07:00АПЛ. "Кристал Пэлас" - "Ньюкасл" 2:0  0 02:10АПЛ. "Ливерпуль" "Эвертон"га ютқазиб, чемпионлик пойгасидаги имкониятларини янада ёмонлаштириб юборди  21 02:00АПЛ. "Ман Юнайтед" 20-ўриндаги "Шеффилд"ни қийинчилик билан мағлубиятга учратди  32 00:50Тебас яқин келажакда Ла Лига ўйинлари АҚШда ўтказилишини маълум қилди  5 00:35Франция. ПСЖ "Лорьян"дан устун келди ва чемпионлик масаласини деярли ҳал қилди  1 00:22Breaking: Хави "Барселона"да қолишга қарор қилди!  22 23:54"Реал Мадрид" "Милан" ҳимоячисининг трансфери устида ишламоқда  0 23:23 Хосе Венансио Лопес: "Эронга қарши баҳс жуда қийин ва мураккаб бўлиши аниқ, бироқ биз ўз потенциалимизга ишонамиз"  7

Erkin fikr. Kattalar eplolmayotgan bir paytda kichik mundiallar ham kerak Yangiliklar

Erkin fikr. Kattalar eplolmayotgan bir paytda kichik mundiallar ham kerak

Teglar :  erkin fikr
O'tgan haftaning muhokamaga sabab mavzularidan biri yoshlar va o'smirlar terma jamoalarimizga jahon chempionatlari kerak-kerak emasligi bo'ldi.

Men bu borada shunday fikrdaman: futbolchi 15 yoshdan o'tdimi, undan natija talab qilishga haqqimiz bor. Yo'qsa, to'p tepishdan nima naf? 

O'zbekiston xalq yozuvchisi Tog'ay Murodning "Yulduzlar mangu yonadi" asarida shunday parcha bor: "Zo'rdan zo'r chiqdi. Olish kattalashdi. Gal maktab yoshi bolalarga etdi. Undan o'smirlarga etdi. Bir polvon yiqilsa, origa oshnasi yo og'aynisi davraga chiqdi. Qoni tortdi... Or-nomus uchun kurash bolalikdan boshlanadi!"

Biz - o'zbekmiz, bizda mentalilet shunaqa: biz futbolchilarni yoshlikdan kurashishga, natija uchun borini berishga o'rgatmasak, ular katta bo'lgach ham serrayib yuraveradi. Men boshqa davlatlarda bolalar futboliga bo'lgan munosabatni bilmayman. Men faqat o'zimizdagini bilaman va o'z bilganlarimdan kelib chiqib shuni aytishim mumkin, bizda bola 15 yoshdan o'tdimi undan natija so'rashni boshlash kerak. Albatta, undan emas, uni boshqarayotgan murabbiydan, futbolchi murabbiyi aytganini qilib natija uchun o'ynashi lozim. 

Bejizga o'smirlar o'rtasidagi Osiyo chempionati 15-16 yoshdan, jahon chempionati 17 yoshdan boshlanmaydi. Yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionati bekorga U-19, jahon chempionati esa U-20 deyilmaydi. Demak, futbolni boshqarayotgan katta tashkilotlarda bekorchi odamlar o'tirgani yo'q. Demak, ular ham shu fikrda: futbolchi 15 yoshdan o'tdimi, natija talab qilishni boshlasa bo'ladi. 

Hamkasbimiz Diyor Imomxo'jaev yozgan maqolada shunday jumlalar bor: "O'ylaysizki, so'nggi 2-3 yilda yoshlar va o'smirlar JCHga chiqa olmagani O'FF yomon ishlaganidan darak beradimi? O'FF yaxshi ishlamadi degan fikrni ilgari surganim holda aytamanki, uning yomon ishlaganini bu mezon bilan o'lchamayman. CHunki bu yuqorida aytganim principga qarshi borishim demakdir. O'z vaqtida o'smirlar va yoshlarimiz ketma-ket mundiallarga borgan vaqtlar ham bo'ldi. Faqat sizga savol: bundan bir ish chiqdimi?"

Bu borada men boshqacha o'ylayman, demak O'FF yomon ishlaganki, natijada o'smirlarimiz ham, yoshlarimiz ham jahon chempionatiga bora olishmadi. 2016 yil Bahraynda o'tkazilgan yoshlar o'rtasidagi U-19 Osiyo chempionatini olaylik. O'zbekiston chorak finalda Eronga 0:2 hisobida mag'lub bo'lib, yarim finalga o'ta olmadi. Natijada jahon chempionati yo'llanmasidan quruq qoldik. Bosh murabbiy Jasur Abduraimov istefoga chiqarildi. 

O'tgan yil Hindistonda tashkil etilgan o'smirlar o'rtasidagi U-16 Osiyo chempionatida ham vazifa bajarilmadi. Biz bunda ham chorak finalga qadar borib, Iroqqa 0:2 hisobida yutqazib qo'ydik. Natijada yana jahon chempionatidan qurqu qoldik.Mana endi 6 oktyabrdan boshlanadigan U-17 jahon chempionatini shunchaki tomoshabin bo'lib kuzatamiz. Xuddi shu holatga iyun oyida ham tushganmiz. Janubiy Koreyada o'tkazilgan yoshlar jahon chempionatini oddiy tomoshabin sifatida ko'rgandik. 

Diyor Imomxo'jaev o'z maqolasida O'FF yaxshi ishlamadi degan fikrni ilgari surgan holda uning yomon ishlaganini bu mezon bilan o'lchamasligini aytgan, lekin qaysi mezonlarga ko'ra yomon ishlaganini keltirib o'tmagan. Balki uning uchun faqat milliy terma jamoamizning jahon chempionatiga chiqa olmaganigina shunday mezonga sababdir. Ammo shuni unutmaylik, O'FFni ishi faqat milliy terma jamoa bo'lib qolmasligi kerak, tashkilot boshqa jamoalarga ham bir xilda etibor qaratishi zarur. Diyor maqolasida davom etar ekan, yana shunday savolni o'rtaga tashlaydi: "O'z vaqtida o'smirlar va yoshlarimiz ketma-ket mundiallarga borgan vaqtlar ham bo'ldi. Faqat sizga savol: bundan bir ish chiqdimi?" 

Ana endi asosiy masalaga o'tamiz. Biz jahon chempionatiga borganda jahon chempionligini davo qilmaymiz. Maqsad imkon qadar yaxshi natija ko'rsatib, o'zbekistonlik muxlislar kayfiyatini ko'tarish. Muxlislar kayfiyati qachon ko'tariladi, qachonki o'z jamoasi xalqaro maydonlarda zafar quchsa. Yana Diyorning maqolasidan parcha keltiraman: "Meksika qahramonlarini elkaga oldik, keyingilarini boshga chiqardik. Ammo ular orasidan aqalli Rossiya Premer-Ligasiga tortadigan futbolchi chiqqani yo'q. Mamlakatning bugungi kundagi eng yaxshi futbolchisi Odil Ahmedov esa kichik mundialda o'ynamagan. SHugina misolning o'zi etarli emasmi?" 

Kechirasiz-u, bu endi bir yoqlama qarash. Futbol haqida nimadir deyishdan oldin doim masalaning ikkala tarafiga ham qaragan maqul. To'g'ri, Odil Ahmedov kichik mundiallarda o'ynamagan, lekin Mirjalol Qosimov-chi? Qosimov o'z vaqtida ham yoshlar, ham o'smirlarda to'p tepgan, xo'sh, undan yomon futbolchi chiqdimi? Yoki bo'lmasa kichik mundiallarda porlagan jahon yulduzlarini olaylik, Messi, Aguero, Maskerano, Inesta, Pogba, Zvonimir Boban, Figu, Pablo Aymar, Fabregas, Toni Kroos, Adriano... bu ro'yxatni yana davom ettirish mumkin. O'zimizning osiyoliklardan Sardor Azmun, Son Xyon Ming, Kagava kabilar ham mana shunday turnirlarda porlab chiqqan. 

Diyor Imomxo'jaevning yozishicha, aynan yoshlar va o'smirlardan natija talab qilinishi oqibatida futbolchilarning yoshini kichraytirish avj olgan. Bu borada men bir narsa deya olmayman. CHunki menda isbot yo'q. Lekin murabbiy natija yo'lida shunday qilgan bo'lsa, uni oqlamayman. Bizda yoshlar va o'smirlardan natija talab qilish kerak, faqat bitta shart bilan - hech kimning yoshini kichraytirish va tanish-bilishchilik bo'lmasin. Murabbiy o'z yoshida kimni kuchli deb bilsa o'shani mundialga olib borsin. 

Biz jahon chempionatlarida Urugvay, Franciya kabilardan 0:4 hisobida yutqazganimizdan fojea yasash kerak emas. CHunki chumchuqdan qo'rqqan tariq ekmaydi degan maqol bor. Endi o'sha yoshlar va o'smirlar nimaga hozir ko'rinmay ketdi degan savolga javob berish jurnalistning vazifasiga kirmaydi. Buning uchun avvalo o'sha futbolchining o'zi javob bersin, undan keyin uni tarbiyalagan murabbiylar bor, buyoqda O'FF bor. Jurnalist faqat futbolchi taqdiriga befarq bo'la olmasligi mumkin, lekin masul shaxs emas. Mirjalol Qosimov aytganidek, keyinchalik o'ynab keta olmagan futbolchi o'rnini boshqasi egallab ketaveradi. 

Jurnalist uchun futboldagi jarayon muhim. Qancha ko'p o'yin o'tkazilsa, jurnalistga shuncha ish ko'payadi. Bu esa yanada ko'proq ishlashga undaydi. Kasbim yuzasidan 2013 yil BAAda o'tkazilgan o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionatida ishlab qaytganman. CHetga chiqish nima beradi? Boshqa davlatlarni o'rganasiz, ularda OAV qanday ishlashini ko'rasiz, xullas o'zingiz uchun nimadir olasiz. Futbolchilar ham shunday, ular ehtimol keyinchalik zo'r futbolchi bo'lib chiqmas, ammo odamiylik sifati oshadi, fikr doirasi kengayadi. Bu endi har kimning o'ziga bog'liq. 

O'zbek futboli muxlisiga xalqaro o'yinlar kerak. Oliy liga va birinchi ligadan ko'pchilikning ko'ngli sovib ketgan bir paytda faqat terma jamoalarimizning Osiyo va jahon chempionatlaridagi ishtirokigina ishqiboz ko'ngliga taskin bera oladi. Albatta, kichik mundiallarda o'ynab kelgan hamma futbolchidan ham yulduz chiqmayotgani bor gap, lekin bunda ko'p narsa avvalo o'sha futbolchining o'ziga bog'liq. Ammo kichik mundiallarda qatnashib, keyinchalik yaxshi o'ynab ketgan futbolchilar ham ko'pchilikni tashkil etadi va bunga ham befarq bo'la olmaymiz. Masalan, Mirjalol Qosimov yulduzlik kasaliga chalinmasdan ajoyib faoliyatni o'tkazdimi, demak bu avvalo o'ziga bog'liq bo'lgan. Har to'rt yilda katta mundialsiz qolib bekorga asabiylashib yurgandan ko'ra, ko'ngillarni yupatish uchun ham kichik mundiallar kerak deb o'ylayman. Axir har qanday yoshdagi musobaqada ishtirokchilar orasida O'zbekiston nomi ham jaranglab tursa buning nimasi yomon? 

Aytgancha, bu dunyoda eng yaxshi narsalardan biri bu - odamlar yuzidagi quvonchni ko'rish. Men ko'plab xalqaro uchrashuvlarda muxlislarimiz, jurnalistlar quvonchini ko'rganman va bularning bari futboldagi g'alabalar tufayli. Bunda yoshlar, o'smirlar yoki kattalar degan farqning o'zi yo'q. CHetga chiqqanda hech kim sizni yosh, o'smir yoki katta demaydi, chetda bizni hamma O'zbekiston deb biladi.

Reyting: -56   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика