So’nggi yangiliklar

10:42U-23 Осиё кубоги. Қатар - Австралия учрашувини ўзбекистонлик ҳакам бошқаради  2 10:38Ёзда «Барселона»ни тарк этадиган Хави Европанинг номдор жамоасига бош мураббий бўлиш учун асосий даъвогар  5 10:35Кувайт U-23 бош мураббийи: "Футболда барча ғалаба қозонишни хоҳлайди, лекин биз етарли тажрибага эга эмасмиз"  3 10:11Ўзбекистон U-23 — Кувайт U-23 ўртасидаги учрашувни суриялик ҳакам бошқариб боради  1 09:44Салоҳнинг «Ливерпуль»даги келажаги маълум  0 09:20ПСЖ собиқ устози «Барселона»ни бошқариши мумкин  6 08:55Дилшод Раҳматов: «Ўйиндан ўйинга кучайиб борамиз. Мақсадимиз – чемпионлик!»  1 08:31Sofascore. Элдор Шомуродовнинг кечаги ўйини неча баҳога лойиқ кўрилди?  6 08:07Ўзбекистон кубоги. Бугун 2-тур баҳслари давом эттирилади  0 07:43Осиё кубоги. Бугун Кувайтга қарши майдонга тушамиз  9 07:15U-23 Осиё кубоги. Хитой - Корея Республикаси 0:2  0 07:10U-23 Осиё кубоги. БАА - Япония 0:2  1 07:05U-23 Осиё кубоги. Таиланд - Саудия Арабистони 0:5   0 07:00U-23 Осиё кубоги. Тожикистон - Ироқ 2:4   0 06:55Серия А. "Кальяри" - "Ювентус" 2:2   1

Don Allegri yoxud "keksa senora" tanlagan yo'l haqida Yangiliklar

Don Allegri yoxud "keksa senora" tanlagan yo'l haqida

"Yuventus" o'z tarixidagi 33-skudettoni rasmiylashtirdi. Ketma-ket oltinchi chempionlik. Ajoyib natija.


Massimiliano Allegri ham "Yuventus"ning bundan avvalgi murabbiyi Konte singari ketma-ket uch marotaba chempionlikni nishonlamoqda. Kontedan keyin Allegri ham chempion bo'lish bo'yicha o'ziga xos xet-trik qayd etdi.
Farqli tarafi, Allegri bundan avvalgi ikkala mavsumda ham "Oltin dubl" qilgandi. Italiya chempionati tarixida hali hech bir jamoa, hech bir murabbiyi ketma-ket "oltin dubl" qayd etmagandi. Allegri o'tgan yili bu ishni bajargan dastlabki murabbiyga aylangandi. Bu yilgi mavsumda dastlabki vazifa uddalandi. Yani, joriy mavsumda ham "Yuventus" "Oltin dubl" qayd etdi. Allegri hamda "Yuventus" uchun bu yilgi mavsum yanada yoqimli va esda qolarli bo'lishi uchun yaxshi imkoniyat mavjud.
CHunki jamoa 3 iyun kuni ECHL finalida "Real" bilan to'qnash keladi. Allegri o'zining "Yuventus"dagi ilk mavsumida ham jamoani ECHL finaliga qadar etaklagandi. Ammo o'shanda hal qiluvchi bahsda imkoniyat boy berilgan. Bu safar esa turinliklar nihoyat "Oltin xet-trik"ni nishonlashga yaqin turishibdi.
Allegri ketma-ket uchinchi chempionlikni, yani o'z xet-trigini "Oltin xet-trik" bilan nishonlashi mumkin.
Bu endi boshqa mavzu.

Biz hozir "Yuventus" qanday qilib Italiyada oltinchi yildirki tengsiz bo'layotganiga javob izlab ko'ramiz. O'sha barchaga malum va mashhur "Kalchopoli" ishidan keyin "Yuventus"dan ikkita chempionlik olib qo'yilgan va jamoa B Seriyaga badarg'a qilingandi.
O'sha paytdagi menejer Modji esa butun umrga futboldan chetlatilganini "Yuventus" muxlislari juda yaxshi bilishadi.
SHundan keyin jamoaning bir qator etakchi futbolchilari B Seriyada o'ynashni o'zlariga ep bilmay, tezda jamoani tark etishga taruddud ko'rib qolishadi. Lekin shunga qaramay, "Yuventus"ning haqiqiy fidoiy futbolchilari: Alessandro del Pero, Buffon, Nedved kabi yulduzlar jamoaning og'ir kunlarida ham "Yuve"ni yolg'izlatib qo'yishmaydi va bir yil ichida jamoani A Seriyaga qaytarishadi.
A Seriyaga qaytgach esa "Yuventus" tezda o'z qaddini ko'tarolmaydi. Avvaliga Dide Desham, Klaudio Raneri, CHiro Ferrara, Alberto Zakkeroni kabi mutaxassislar turinliklarni katta arenaga olib chiqishga urinishadi. Ammo bu ishni uddalash ularga nasib qilmaydi. Keyinchalik Luiji del Neri jamoa ruliga keladi. Ammo ushbu mutaxassis bilan "Yuve" chempionatda 7-o'rindan nariga o'tolmaydi.
SHundan so'ng, aniqrog'i, 2011 yili hozirgi "Yuventus"ni shakllanishida eng asosiy rolni o'ynagan mutaxassis, kuni kecha Angliya premer ligasida g'oliblikni qo'lga kiritgan "Yuventus"ning afsonalaridan biri - Antonio Konte turinliklarni o'z boshqaruviga oladi.

* Oddiy askardan generalga aylangan - Konte

Jamoa kutilmaganda ilk mavsumdayoq chempionlikni nishonlaydi va ketma-ket uch yil Italiyada tengsiz bo'ladi. Konte imkon qadar o'z qo'l ostidagi futbolchilar bilan yaxshi natijalarga erishadi. Klub rahbariyati, xususan Beppe Marotta transfer oynasida doim tekinga futbolchi qidiradi va bu ishni qoyilmaqom tarzda uddalaydi. "Milan"da Pirloni yoshi o'tdi, endi bizga kerak emas, deganlarida Marotta hech ikkilanmay Kontega Pirloni olib beradi. Milanda yoshi o'tib borayotgan Pirloga katta miqdordagi maoshni to'lashni istamagan Galliani juda qattiq adashganini keyingi mavsumdayoq tushunib etadi.


Konte esa "Yuventus"ga tekinga tushgan Pirlo atrofida jamoa o'yinini quradi va bu narsa o'z mevasini beradi. "Yuventus" katta transferlarni amalga oshirishi uchun etarli imkoniyatga ega emasdi. CHunki jamoa o'zining yangi stadionini barpo etayotgani tufayli ham moliyaviy imkoniyatlari cheklangandi.  SHu boisdan ham evropadagi eng zukko menejer Beppe Marotta asosan ijaraga, tekinga futbolchilarni jamoaga jalb etardi. Konte esa o'sha futbolchilardan qisqa muddat ichida maksimum foydalanishga, ularni bor imkoniyatlari, potenciallarini ichki chempionatda ochishga muvaffaq bo'ladi. Lekin ECHLda Kontening ishlari u qadar omadli kechmaydi. CHunki "Yuventus"dagi mavjud tarkib uchta frontda, yanayam evropa grandlari bilan kurashish birmuncha qiyin ish edi. Tarkibida Buffon, Pirlo va himoyadagi yulduzli "uchlikka" aylangan futbolchilardan boshqa hech kim yo'q edi. Jamoaning zaxirasi torligi ham bu kabi katta musobaqalarda, "Real", "Bavariya" va "Barselona" bilan talashishga yo'l qo'ymasdi. Kamiga jamoaning o'yini asta-sekin shakllanib borayotgandi va o'sha paytda Italiyada tengsiz bo'lishning o'ziyoq "Yuventus" muxlislari va rahbariyatini to'la qanoatlantirardi. O'sha vaqt uchun "Yuventus"ning Italiyada chempion bo'lishining o'zi jamoa bir bosh baland sakrayotganidan dalolat berardi.
Rahbariyat ham shu yilga qadar jamoa oldiga ECHLda g'olib bo'lish vazifasini qo'ymagandi. CHunki bunga mos ravishda sharoit qilib berishni imkoniyat ham yo'q edi. Italiyada yagona bo'lib turgan shaxsiy stadionning barpo etilishiga ketgan millionlar o'rni asta-sekin to'ldirib borilayotgandi.
Kontening ketma-ket uch chempionlikdan keyin rahbariyat oldiga qo'ygan talabi qondirilmaganidan so'ng, murabbiy ketishga qaror qiladi. Konte xalqaro maydonda muvaffaqiyatli ishtirok uchun transferlar uchun katta mablag' so'raydi. Ammo "Yuventus" rahbariyati dastlab bu talabga rozilik bermaydi. Keyin esa Konte ketishga qaror qiladi. SHu bilan Kontening "Yuventus"dagi missiyasi tugaydi.


Jamoaga "Milan"dagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin bo'sh qolgan Massimiliano Allegri jalb etiladi. Bu tanlov Italiya matbuotida ancha keng muhokamalarga sabab bo'ladi. "Yuventus" ishqibozlari ham avvaliga Allegrining kelishini juda katta xato bo'lib chiqishidan cho'chib turishgandi. Lekin Don Allegri ilk mavsumdayoq barchaning ovozini "o'chiradi".
Allegri kelishi bilan jamoa ko'proq hujumkorrok, rang-barangroq va ko'p qirrali jamoaga aylanadi. Ilk mavsumidayoq Italiya chempionligi, Italiya Kubogi sohibi va ECHL finaliga etib borishi, Allegrini murabbiy sifatida ochilmagan qirralarini ko'rsatadi.
"Yuventus" rahbariyati Allegriga ishonib adashmaganini va murabbiyga transfer oynasida ham imkon qadar ko'proq tanlov taqdim etishga kirishadi. Lekin Allegrining dastlabki mavsumidan keyin jamoani o'sha paytdagi bir qator etakchi futbolchilari tark etishadi. Arturo Vidal, Andrea Pirlo, Teves singari ijrochilar turinliklarni tark etishganidan keyin Allegri uchun haqiqiy imtihon boshqattan boshlangandek tuyuladi. Ana endi Allegri nima qilarkin, degan savol yana ko'pchilikka tinchlik bermaydi.

Allegri o'zining "Yuventus"dagi ikkinchi mavsumini juda xunuk va muvaffaqiyatsiz boshlaydi. Jamoa 2015/2016 yilni mavsumning kuz qismida parokandalikka yuz tutadi. Bu esa jamoaning oxirgi 4 yillikdagi haqiqiy etakchisi Pirlo va kamiga maydon markazida Pirloga haqiqiy ko'makchi bo'lib kelgan Vidalni ketishi bilan bog'lanadi. SHuningdek, "Yuventus"ning "nayza"siga aylangan Tevesning ham yo'qligi hujumda muammolarga sabab bo'ladi. Italiya matbuotida esa nihoyat "Yuventus" gegemonligi yakunlanmoqda, degan sarlavhalar bilan maqolalar chop etiladi. Lekin shunda ham Allegri barchani ortiqcha shovqin qilishga shoshilmaslikka chorlaydi. "Yuventus" o'tgan mavsumning dastlabki qismida turnir jadvalida 17-o'ringa tushib ketgan paytlari bo'ldi. O'sha paytda Allegridan boshqa hech kim chempionlik tugul, ECHL yo'llanmasi uchun ham kurashish "Yuventus"ga endi qiyin bo'lishini taxmin qila boshlaydi. Kontening qo'ygan tamal toshidan Allegri bir yil foydalandi, endi yangi "Yuventus"ni qurish Allegriga juda qiyin bo'lishi taxmin qilinadi. CHempionlik kurashidan butkul chiqarib yuborilgan Allegrining "Yuventus"i esa kutilmaganda ajoyib "kambek"ni sodir etadi.
Yangi jamoani qurayotgan Allegri, Pirlo ketganidan keyin, maydon markazida masuliyatni o'z bo'yniga olishi kerak bo'lgan Pogba atrofida jamoani o'ynatadi. Malum vaqt o'tganidan keyin Allegri o'zi istagan jamoani shakllantiradi va qishdan keyin "Yuventus" chempionatda duch kelgan raqibni dodini beradi. Kuzda chempionlik poygasidan chiqib ketilgani aytilgan "Yuventus", qishda yana tezda asosiy favoritlardan biriga aylanadi. Bahorga kelib esa "Yuventus"ning tezligi yanada oshadi. O'sha yili jamoa kelajagi uchun 40 million evroga harid qilingan Dibala ham o'zining ajoyib o'yinlari evaziga "Yuve"ning asosiy figuralaridan biriga aylanadi.
Yakunda esa "Yuventus" uchun inqirozli ko'rinishda boshlangan Allegrining ikkinchi mavsumi muvaffaqiyatli tugaydi. Allegri ikkinchi yili ham Skudetto va Italiya kubogini yutadi. ECHLda esa nimchorak finalda "Bavariya"ga qarshi dramatik o'tgan bahsda qo'shimcha taymlardagina yutqazib qo'yadi. Lekin o'sha to'qnashuvda "Yuventus" ko'rsatgan o'yin va Allegrining taktik yurishlari katta olqishlarga sazovor bo'lgandi.
Allegri "Yuventus"dagi ikkinchi mavsumida avlodlar almashuvini juda chiroyli tarzda o'tkazdi. Yo'qotishlarsiz.


Joriy mavsum boshlanishi oldidan esa "Yuventus" rahbariyati jamoa oldiga asosiy vazifa qilib xalqaro maydondagi muvaffaqiyatli ishtirokni qo'ydi. ECHLda final yo'llanmasi qo'lga kiritishili kerak deb belgilandi. SHunga monand klub rahbariyati bir qator katta transferlarga qo'l urdi.
94 million evro evaziga Iguain "Napoli"dan sotib olindi. "Roma"dan Pyanich harid qilindi. Lekin shunga qaramay "Yuventus" yo'qotishga ham duch keldi. MYUdan o'z vaqtida deyarli tekinga kelgan Pogba rekord so'mmaga sotildi.

Allegri jamoaga kelganida maydon markazidagi "uchlik": Pirlo, Vidal va Pogba navbati bilan jamoani tark etishdi. Lekin bu yo'qotishlarni o'rnini to'ldirishda Allegri donolardek ish tutdi. Markazdagi asosiy etakchilarning barchasi jamoadan ketdi. Lekin bu yili ham murabbiy o'zi qayd etgan minimum natijani, yani Italiya chempionligi va Kubok sohibiga aylandi. Jamoaning o'yinida pasayish, inqiroz kuzatilmadi. Aksincha, yildan-yilga "Yuventus"ning o'yini kuchaydi, shakllandi. Jamoada rang-baranglik paydo bo'ldi. Bu hammasi murabbiyning imzosi, donoligi va qanday kuchga ega ekanligini ko'rsatmoqda. Allegri bu yili Pogbani o'rnini Pyanich bilan to'ldirdi. SHuningdek, evropa arenalarida katta tajriba ega, "Barselona"ga kerak bo'lmay qolgan Dani Alvesh qarmoqqa ilindi.
Beppe Marotta yana o'z uslubida tekinga juda tajribali va kerakli futbolchini jamoaga olib keldi. Dani Alvesh haqida ko'p gapirishga hojat yo'q. Uning ECHLdagi o'yinlari barcha savollarga to'liq javob beradi. Ayniqsa ECHL pley-off o'yinlarini ko'rsa barchasi kifoya. Mana nega "Yuventus" qariyaga chiqarilgan Alveshni jamoaga olib keldi... ECHL uchun!
Tarkib jihatdan juda yaxshi qurollangan "Yuventus" nihoyat ECHL bosh sovrini uchun ham kurashga chinakamiga qo'shildi.
Italiya chempionatida chempionlik uchun kurashdagi raqobatchilardan asosiy futbolchilarni olib, tarkibni kuchaytirgan va parallel ravishda raqobatchilarini kuchsizlantirgan "Yuve", bir o'q bilan ikkita quyonni "o'qladi".
CHempionatda deyarli ortiqcha qiyinchiliksiz ketma-ket oltinchi chempionlik rasmiylashtirildi. Italiya Kubogi ham yana zabt etildi.. ECHLda ham Kardiffdagi final "chiptasi" naqd qilingan.


Xulosa qiladigan bo'lsak, "Yuventus"ning Italiyada necha yildirki tengsiz bo'layotganiga asosiy sabablaridan biri - murabbiy tanlashdagi zukkolik. Agarda klub prezidenti Anelli o'shanda Konte, keyinchalik esa uning o'rniga Allegrini tanlamaganida, hozir "Yuventus"ning ketma-ket oltinchi marotaba qo'lga kiritgan chempionligi haqida gaplashib o'tirmagan bo'lardik. Yana bir faktor bu - klubdagi selekciya ishlari. O'z vaqtida Pogbani payqash va shunday iqtidorni MYUdan tekinga olib kelish bu haqiqiy professionallar ishi. Beppe Marotta bu ishlarni bajarish bo'yicha haqiqiy mutaxassis ekanligini juda ko'p marotaba isbotlab kelgan va kelmoqda. Pirlo, Dani Alvesh, Evra, Xedira hamda Pogba kabi futbolchilarni tekinga olib keldi. Ulardan maksimum foydalanildi va foydalanib kelinmoqda. Teves, Manjukich, Morata kabi futbolchi ham deyarli suv tekinga qo'lga kiritilgan. Bundan tashqari Dibalaning transferini o'z vaqtida payqab, tezda jamoaga sotib olingani ham tahsinga loyiq. SHuningdek, eng asosiy raqobatchilaridan ularni etakchilarini sotib olish ham chempionlikka qo'yilgan dastlabki qadam. Bu ishlarda esa klub menejeri Beppe Marottaning xizmatlari beqiyos.
Klub tizimida o'z ishining (Pavel Nedved - sport direktor) ustalari, klub uchun jonini beradigan o'tmishda jamoaning afsonalaridan biri bo'lgan mutaxassisning faoliyat olib borayotgani, "Yuventus"ning mana shunday muvaffaqiyatli ishtiroki uzluksiz davom etayotganiga asosiy sabablardan biri.
Italiya jamoalari, xususan yaqin o'tmishning grandlari "Milan", "Inter" kabi klublarning inqirozi ham "Yuventus"ning uzoq vaqtdan buyon tahtdan tushmayotganiga sabab deyish mumkin. Lekin bu jamoalarning inqirozga yuz tutishlari "Yuventus"ning muammosi emas. CHunki 2011 yili "Milan" kuchli bo'lib turgan paytda aynan "Yuventus" bu jamoani tahtdan tushirgandi. Tarixdan ham "Yuventus" bu jamoalar bilan bo'lgan raqobatlarda ko'p marotaba g'olib kelgan. "Milan" va "Inter"ning muvaffaqiyatlarining asosiy qismi esa "Yuventus"ning pasayish davriga to'g'ri keladi.

Endi Allegrining oldida muhim final turibdi. Kardiffdagi o'yin HAQIQIY FINAL bo'ladi.
3 iyundagi final "Yuventus"ning oxirgi 6 yillikdagi ishlarining mantiqiy yakuni bo'lishi kerak. Barcha ishlar, barcha harakat aslida jamoaning bosqichma-bosqich evrokuboklardagi qaytishiga qaratilgandi. O'sha barcha bilgan va dunyo tanigan "Yuve"ning xalqaro maydondagi zafarini futbol jamoatchiligi juda ko'p kutib qoldi.
Allegrining oldida juda masuliyatli ish turibdi. Bilasiz, "Yuventus" ECHL finalida yutqazish bo'yicha rekordchi sanaladi. Bu borada jamoa ancha omadsiz. O'sha 2003 yildagi final yoki 2015 yilgi "Barselona"ga qarshi finaldagi mag'lubiyat ham buni isbotlab turibdi. Bu esa jamoaga ortiqcha bosim yuklaydi. Bu bosimni Allegri engib o'tish yo'llarini izlashi kerak bo'ladi. Bu haqida, ECHL finali borasida esa keyinroq gaplashamiz.


Allegri xususida shuni alohida aytish kerakki, bu mutaxassis ayni paytda taktik jihatdan evropadagi eng kuchli murabbiylardan biri bo'lib turibdi. Allegrida har doim "A", "B" va boshqa rejalar bo'ladi. Allegri istalgan paytda jamoa o'yinini vaziyatga qarab o'zgartira oladi. "Yuventus" 3 himoyachi bilan ham, 4 himoyachi bilan ham rang-barang o'ynay oladi.  
Allegri qo'l ostida ayni paytda deyarli ikkita teng kuchli tarkib mavjudligi ham "Yuventus"ning bu yilgi yurishi muvaffaqiyatli chiqayotganiga sabablardan biri. Murabbiy esa shu ikkita tarkibni bir xil balansda, konsentraciya bilan ushlab turgani mutaxassisning malakasidan darak.

Allegrining "Yuventus"ga kelishidan ikkala taraf ham bir xil manfaatdor bo'ldi. "Yuventus" bir joyda to'xtab qolmadi, rivojlanishda, shakllanishda, sovrinlarni yutishda davom etdi. Allegri esa "Yuventus"ga kelib o'zining nimalarga qodir ekanligini, qanday kuchli murabbiy ekanligini isbotladi. Allegri Turindagi ishi bilan bor salohiyatini butun duyonga namoyon etmoqda.
Allegri aynan "Yuventus"da top darajadagi murabbiy sifatida tanildi.
SHuningdek, "Yuventus"ni ham haqiqiy top jamoalar ro'yxatiga qaytardi.


Allegrining "Yuventus"dagi statistikasi:
161 o'yin, 115 g'alaba, 92 durang va 20 mag'lubiyat.

"Yuventus"ga g'oliblik ruhini Konte qaytargan. Allegri esa jamoani evropadagi eng kuchli jamoalar qatoriga qo'sha oldi. Oxirgi yillarda evropada uchta gegemon jamoa o'zgarmay kelmoqda: "Barselona", "Real" va "Bavariya". To'rtinchi jamoa bo'lishga esa bazan "Atletiko" yoki Angliyaning biror bir jamoasi davogarlik Qilayotgandi. Endilikda bu "uchtalik" haqiqiy "to'rttalik"ka aylandi. "Yuventus" har tomonlama evropaning hozirgi kundagi eng kuchli jamoalar qatorida. Balki eng kuchlisi bo'lmasa.
Buning zamirida esa Allegri hamda klub rahbariyatining olib borgan to'g'ri siyosati yotibdi.
"Yuventus" hozirgi kunda nafaqat jamoa, balki klub sifatida ham yuksak rivojlanish yo'lida.


SHahboz Beg'amov

Reyting: +10   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика