Xolmat Mirzaahmedov: "Hakam qaysi o'yinga borayotganini bir hafta oldin bilishi kerak"
31 may 2019 18:14
Yangiliklar
Xolmat Mirzaahmedov: "Hakam qaysi o'yinga borayotganini bir hafta oldin bilishi kerak"
Suhbat davomida Xolmat aka bugungi hakamlik muammolari haqida gapirdi, o'zining faoliyatidagi damlarni esga oldi va federaciyaning hakamlarga bo'layotgan munosabatini tanqid qildi. Quyida mazkur intervyuni keltirib o'tamiz.
- Xolmat aka, Superliga o'yinlarini qanchalik kuzatib boryapsiz?
- To'g'risini aytsam, unchalik emas. CHunki chempionatimiz saviyasi pasayib ketgan deb o'ylayman. SHuningdek, ko'p jamoalar hakamlar yordamiga muhtoj bo'lib, o'z kuchi bilan raqiblarni yuta olmayapti. Bu nimadan dalolat beradi? O'sha jamoalarning jismoniy holati pastligidan. Bir-ikkita uchrashuvlarni ko'rib shuni aytishim mumkin, futbolimiz ancha maydalashib ketibdi. Yosh futbolchilar ko'p, bir tomondan ularga imkon berish kerak, o'zini ko'rsatsin, xalqqa tanilishga harakat qilsin, lekin ikkinchi tarafdan ularga hakamlarning yordami kerak emas. Har bir jamoa o'z kuchi bilan g'alaba qozonishga harakat qilishi lozim.
Bu o'rinda bolalar bilan ishlaydigan murabbiylarga ham alohida etibor bo'lishi shart. CHunki ular bolani yoshligidan tarbiyalab boradi. Bitta murabbiy ertalabdan kechgacha bolalar bilan ishlaydi. Ularning topayotgan puli halol, ammo mana shu olayotgani maoshi juda kam. Agar shaharda taksichilik qilsa, shu pulni uch kunda topib qo'yish mumkin. Murabbiy bechora shuncha ishlab yana rahbardan gap ham eshitadi, vaholanki ularga yordam berish kerak. Murabbiy ota-onalardan pul so'ramasligi uchun ham oyligini oshirish lozim. Hozir 10 yashar boladan ham futbolga borasanmi deb so'rasangiz, murabbiy pul so'raydi deb aytadi. Endi yoshlikdan shuni bilganidan keyin bolani qanday qilib futbolga qiziqtirish mumkin?
Bir kuni O'rta CHirchiq tumani To'ytepa shahrida bir vaqtlari “Do'stlik”da o'ynab to'purar bo'lgan, O'zbekiston Kubogini yutgan Xabibulinni ko'rib qoldim. To'g'risi ko'rib uning ahvoliga juda achindim. Judayam bechora odamga aylanib qolibdi. Oddiy qurilishda ishlab yurgan ekan. Men endi hakamlikni boshlagan kezlari mana shunday futbolchilar o'yinini ko'rish uchun ham stadionga borardim. To'g'risi, oldingi futbolchilar o'yiniga havas bilan qarardim. O'z vaqtida nom chiqargan, o'zbek futbolini ko'tarish harakatida bo'lgan o'yinchilar taqdiriga ular futbolni tugatgandan keyin ham befarq bo'lmasligimiz, kerak bo'lsa federaciya shunday insonlarni ish bilan taminlashi kerak deb o'ylayman. Lekin shunday odamlar ishsiz yuribdi, nima uchun, chunki hamma yoq tanish-bilish bo'lib ketgan.
- Hozir ham shu fikrdamisiz?
- Men sizga aytsam, 2014 yil juda katta xatoga yo'l qo'ydim. To'g'ri gapni gapiraman deb o'zim yomonotliqqa chiqib qoldim. SHundan beri oradan besh yil o'tibdiki, futbolda ishlayotganim yo'q. Men haqiqatni gapirganim ayrim kishilarga yoqmadi. Lekin to'g'ri fikrlashimiz kerak, maqtov bilan ish bitmaydi. Qaysiki rahbar paytida futbol maqtalaverar ekan, bilingki besh yil o'tib futbol cho'kib ketganini ko'rasiz. Kim xato qilsa rahbar oldiga kirib to'g'risini aytish kerak. Hakam xato qildimi, jazolasin, murabbiy kelishilgan o'yinda qatnashdimi tegishli chorani ko'rsin. Bizda bo'lsa isboting bormi deyishadi. Yo'q isbot, isbot kerak bo'lsa ana stadionga kelib o'yinni ko'r, hozir muxlislar ham bilib qolgan: o'yin kelishilganmi yo yo'qmi, nima ularning qo'lida isbot bormi?
Kelishilgan o'yinlar sabab futbolchilarning haqqoniy o'yinlarda kuchi etmay qolyapti. Ertaga Osiyoda o'ynasa haqiqiy kurashlarda g'alaba qozona olmayapti, chunki bizda kelishilgan o'yin o'ynayverib shunga o'rganib qolgan. Men bir narsadan qo'rqaman: gapimni noto'g'ri talqin qilib rahbarga boshqacha etkazishlaridan. CHunki buning oqibatida rahbar seni yomon ko'rib qoladi. Keyin kim yomon, hakam yomon degan gap chiqadi. Lekin hamma aybni hakamlarga to'nkash kerak emas. Bu erda aybdor murabbiylar ham bor. Murabbiy jamoani noto'g'ri tayyorlagani uchun ham bazan futbolchi bir metrdan gol ura olmayapti.
- Faoliyatingizda shubhali o'yinlar bo'lganmi?
- Bo'lgan. Menga hech qachon har turda o'yin berilmagan. Masalan, bir yilda 30ta o'yin bo'lsa, shundan yarmida ishlaganman. Lekin mana shu yarmining yarmi ham bazan kelishilgan bo'lib chiqardi. Ammo o'shanda aytgandim: bu ketishda futbol rivojlanmaydi deb. Erta-indin o'rnimizga farzandlarimiz kelsa qanday ishlarkin deb doim o'ylaganman. O'zimning o'g'lim CHig'atoyda hakamlikni tugatdi, 90ta o'yin boshqardi. Lekin oxiri to'xtadi. Nimaga deb so'rasam, dada men sizga o'xshab chiday olmas ekanman, hamma joyda tanish-bilishchilik bor ekan dedi.
CHig'atoyda bir ayol shifokor bo'lardi. SHu ayol o'g'limni kasal deb qo'ymagandi. Vaholanki, men hamma joyga olib borib tekshirtirganman. Hamma erda o'g'limni soppa-sog' deyishdi. Lekin shu ayol o'g'lingiz kasal deb ruxsat bermagan. Keyin bilsam, mendan ham nimadir tama qilgan ekan.
- Hozirgi hakamlik borasida qanday fikrdasiz?
- Endi yolg'on bo'lmasin, ko'p o'yinlarni ko'rayotganim yo'q. Ammo o'zim ko'rgan uchrashuvlardan kelib chiqib aytsam, hozir ham hakamlarga bosim bor ekan. Televizor orqali “Andijon” - “Paxtakor” uchrashuvini ko'rdim, muxlislar to'xtovsiz hakam falonchi deb baqirishyapti. Ularning ovozi shundoq televizordan eshitilib turibdi. Axir bu uyat emasmi? Men hayron qolganim, nima uchun federaciya hakamlarni himoya qilmayapti? Agar ularni federaciya himoya qilmasa, kim yonini oladi? Muxlis so'ksa, murabbiy gapirib tursa hakam bechora dardini kimga aytadi?
- Masalaga boshqa tomondan yondoshib hakamlarning saviyasi zo'r deb hisoblaysizmi?
- Endi guruch kurmaksiz bo'lmaydi deganlaridek, hamma hakamlarning saviyasini zo'r deyishga ojizman. Lekin hakamlarimiz orasida zo'ri bor: bu - Ravshan Ermatov. Osiyo va jahon rekordchisi - o'zbek hakami. Bundan har qancha g'ururlansak arziydi. Boshqalar ham Ermatovga o'xshashga harakat qilyapti. Agar federaciya hakamlarni himoya qilsa, shundan keyin har bir hakam qo'rqmay o'yinni boshqaradi. Agar yuqoridan bosim bo'laversa, baribir xato yuzaga keladi. Buning natijasida saviya ham pasayib ketadi.
- Bugungi kunda qaysi hakamlarning ishini yaxshi baholaysiz?
- Endi Ravshan Ermatov birinchi raqam, bunga umuman shubha yo'q. Lekin qolgan yoshlar yarq etib porlamayapti. Bunga sabab bosim tufayli bo'lsa kerak. Ermatov “NBU” stadionida mashg'ulot o'tkazgan mahal men ham unga qiziqib borardim. Lekin yoshim katta bo'lgani uchunmi, to'g'risi uningdek yugura olmasdim. Ammo Ravshan bilan mashg'ulot o'tkazish kishiga zavq berardi. Oxirgi o'yinim Qarshida “Nasaf” - “Neftchi” bahsi bo'lgandi. O'shanda Ermatovga bu yil tugataman, kel bir rasmga tushib qo'yaylik deganman. SHu rasm haligacha men uchun ardoqli. Yosh bolachalar ko'rib, voy Ravshan Ermatov bilan hakamlik qilganmisiz desa bundan g'ururlanib ketaman.
- Ermatovning yutug'i nima deb o'ylaysiz?
- Avvalo o'z ustida ko'p ishlashida. Ravshan hech qachon bekor o'tirmaydi. Doim mashg'ulot o'tkazayotgan yoki bo'lmasa kompyuter oldida o'tirib nimalarnidir o'rganayotgan bo'ladi. Ermatov kamgap, bekorchi gaplar bilan vaqtini ketkazishni xush ko'rmaydi. Boshida nega bu o'zini olib qochadi deb o'ylardim, keyin bilsam Ravshan bo'lar-bo'lmas gaplar bilan chalg'ib qolishni xohlamas ekan. Bir so'z bilan aytganda, Ravshan Ermatovni har tomonlama professional deya olaman.
- Sizningcha, hozirgi paytda o'yinlarni boshqarish qanchalik oson yo qiyin?
- O'zim ko'rgan o'yinlardan kelib chiqib agar yuqoridan bosim bo'lmasa, bemalol hakamlik qilsa bo'ladi. Men 53 yoshdaman. To'g'risi, shu yoshda ham kuchli jamoalar o'yinini bersa bir hafta tayyorgarlik ko'rib bemalol hakamlik qilib bera olaman. Avvallari futbol juda shiddatli bo'lardi. O'yinchilar ham kuchli edi. Lekin hozir bunday emas. “Lokomotiv” - “Bunyodkor” o'yinini ko'rdim, “Bunyodkor”da juda yosh bolachalar ko'p ekan. Mana shu o'yinni bemalol yurib ham boshqarsa bo'ladi. To'g'risi, mening nazarimda futbolimiz oddiy bo'lib qolgan.
- Hakamlarning o'yin paytida futbolchini yoniga chaqirib tarbiyaviy soat o'tkazishi qanchalik foyda beradi?
- Hakam maydonda tarbiyachi emas, u ko'p gapirib vaqtini behuda ketkazishi kerak emas. Tarbiyachilik qilaman desa ana har bir jamoaning o'z murabbiyi bor. O'yindan oldin murabbiy har bir futbolchiga alohida ko'rsatma berib, maydonda kim nima qilishi kerakligini uqtiradi. Murabbiy gapi kamlik qilib yana hakam ham gapiraversa, unda futbolni kim o'ynaydi?
- Malumki, hozir o'yin kuni hakamlar nomi elon qilinyapti. Bunga qanday qaraysiz?
- Buni ham noto'g'ri deb hisoblayman. CHunki hakamlar qaysi o'yinda ishlashi kerakligini hech bo'lmasa bir hafta oldin bilishi shart. CHunki har bir hakam shunga qarab tayyorgarlik ko'radi. Hakamlar brigadasining o'yin kuni elon qilinishi esa bu federaciyaning manmanligi hamda hakamlarga bo'lgan ishonchi pastligidan. Futbol kim uchun? Hakamlar uchunmi, jamoalar uchunmi yo federaciyai uchunmi? Futbol - xalq uchun. Futbol xalqdan boshqa hech kimniki emas! Endi o'zingiz o'ylab ko'ring, ikki soat qolganda elon qilish nima beradi?
SHu o'rinda o'zimning faoliyatimda bo'lgan bir voqeani aytib bersam. Bir paytlari ikkinchi liga finalida Qibray jamoasi bilan Toshkent tumani jamoasi o'ynagandi. O'shanda ikkinchi liga juda kuchli bo'lardi. Final “Paxtakor” markaziy stadionida bo'lgandi. Xuddi siz aytgandek o'yindan ikki soat oldin bilganman, shu uchrashuvga meni qo'yishganini. To'g'risi, juda shoshilib qolgandim. Majbur o'yinni boshqarganman. Nihoyatda shiddatli bahs kechgandi, yutgan jamoa birinchi ligaga yo'l olardi. Endi to'g'risini aytaman, o'shanda nohaq Qibray jamoasi darvozasi tomon penalti belgilaganman, bu esa jiddiy tayyorgarlik ko'rmaganimdan va o'yinga ikki soat qolganida tayinlaganim tufayli pand bergandi. Vaholanki, o'yindan oldin aytgandim: men tayyor emasman deb. Lekin federaciyadagilar baribir siz boshqarasiz deyishgandi. O'shanda nazoratchi menga ikki baho qo'yganini ko'rib ko'zimga yosh kelgan. Agar bir hafta oldin menga aytishganida edi, shunga yarasha tayyorgarlik ko'rgan bo'lardim. SHu bois ham hozirgi paytda federaciyaning o'yinga ikki soat qolganda hakamlarni elon qilayotganini tushunmayman.
- Balki bu narsa jamoalarning o'yindan oldin hakam bilan gaplashmasligi uchun qilinayotgan bo'lishi mumkin-ku.
- Hozir texnika rivojlangan davrda yashayapmiz, to'g'rimi? Hozir hammaning qo'lida telefon bor. Hakam bilan gaplashaman degan jamoa o'yinga bir soat qolganda ham gaplashib olaveradi. Hakamlarning telefon raqamini hatto murabbiylar bilan futbolchilar ham biladi. SHunday ekan, gaplashmoqchi bo'lgan murabbiy yoki jamoa kerak bo'lsa o'yin payti ham gaplashib olaveradi. Hakamlarning qaysi o'yinga tayinlanganini yashirish bu faqat federaciya va hakamlarning o'ziga ziyon qilyapti.
- Avvallari hakamlarning o'yindan keyingi bahosi elon qilib borilardi. Orada bir yo'qolib qoldi va keyin yana elon qilina boshlandi. Hozir yana jim-jit. Baholarni ochiq aytgan maqul emasmi?
- Futbol rivojlanishi uchun shaffoflik bo'lishi shart. Hakamlar bahosi elon qilinmasligi katta xato deb bilaman. Federaciya kerak bo'lsa har bir o'yindan keyin kim necha baho olganini elon qilishi kerak, muxlislar bilsin o'sha hakam necha bahoga ishlaganini. Buni yashirgan bilan qayoqqacha bora olamiz? Bugungi kunda Ravshan Ermatovning o'rnini kim bosadi degan savol o'rtaga qo'yilsa, to'g'risi bu savolga javob berishga ojizman. CHunki yarq etib chiqqan boshqa hakamni ko'rmayapman. O'z paytida men Aleksandr Popovga havas qilganman. CHunki u hech qachon birovning ortidan gapirmas, ichida nima bo'lsa to'g'ri kelib yuzingizga aytardi. Birinchi hakamligim esa Ravshan Ermatovning dadasi Sayfiddin Ermatovga qanotda yordam berish bilan boshlangan. SHu inson ham menga katta yordam bergan va ularning yaxshiligini aslo unutmayman.
X.Xoliqov suhbatlashdi.
Fikrlar