So’nggi yangiliklar

22:10Расман: Сержи Робертонинг янги клуби маълум қилинди  1 21:53"Барселона" 22 ёшли футболчи билан 5 йиллик шартнома имзолади  1 21:37Суперлига. "Металлург" - "Динамо" 0:1  0 21:13"Барселона" жамоа сардорларини маълум қилди  1 20:55Суперлига. "Металлург"нинг ғалабасиз серияси давом этади. Бу сафар "Динамо"га 3 очко совға қилинди  40 20:37"Ювентус" ўтган мавсумда энг кўп ассист амалга оширган футболчиси билан шартнома имзолади  0 20:10Эрон. "Истиқлол" - "Малаван". Машарипов асосий таркибдами?  0 19:49Санчо яна МЮни тарк этадими?  0 19:21"Вальядолид" "Реал" футболчисини ижарага олди  0 18:49"Барселона" футболчисини Франция клубига сотмоқда  1 17:53"Челси" "Наполи" таклифини рад қилди  3 17:32Тожикистон грузиялик мураббий билан ҳамкорлик қилишда давом этади. Унинг олдига термани Осиё Кубоги-2027га олиб чиқиш вазифаси қўйилган  1 17:07Камавинга ортидан "Реал"нинг яна бир асосий футболчиси жароҳат олди  1 16:45Футбол олами. Қолдирилган ўйинларда "Пахтакор" ва "Нефтчи" ютқазди, "Насаф"да ғалаба  0 16:30"Where is Messi?". "Give Me Sport" футбол тарихидаги энг яхши марказий ҳужумчилар рўйхатини шакллантирди  8

Xayrulla akaning antiqa rejasi, Al Ayndagi kechagi kun va Avstraliya haqida - SHahboz Beg'amov Yangiliklar

Xayrulla akaning antiqa rejasi, Al Ayndagi kechagi kun va Avstraliya haqida - SHahboz Beg'amov

Bugun, aniqrog'i kecha ijodiy guruhimiz bilan BAAdagi Al Ayn shahriga yo'l oldik.

Tongni doimgidek Dubayda qarshi olib, ertalabdan to'rt kishilik guruh (Gayrat Xasbiullin, Xayrulla Xoliqov, Tolibjon Qosimov va SHahboz Beg'amov) Avstraliya - O'zbekiston uchrashuvi oldidan rasmiy tadbirlarni yoritish maqsadida Al Ayn tomon safarga otlandik.

"Halifa Bin Zayed" stadionining anjumanlar zalida dastlab "B" guruhida ikkinchi bo'lgan Avstraliya bosh murabbiyi Grexem Arnold va chap qanot himoyachisi Aziz Bexich ishtirokida matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Anjuman nihoyatda ko'tarinki kayfiyat va samimiyat ila o'tganini alohida takidlash joiz. Aziz Bexich jurnalistlar bilan muloqotda o'zini juda erkin tutib, o'z fikrlarini juda aniq va tiniq bayon etdi. Grexem Arnold ham ertangi o'yin oldidan o'zini nihoyatda xotirjam tutdi. Matbuot anjumanida ular nimalar degani haqida alohida xabar bergandik.

So'ngra o'zimizning qahramonlarimiz - O'zbekiston terma jamoasi ustozi Ektor Kuper va Turkmanistonga qarshi o'yinda porlagan Jaloliddin Masharipov jurnalistlar oldida hozir bo'lishdi.

Qayd etish kerakki, juda ko'tarinki va samimiyat bilan o'tgan anjumannnig dastlabki qismiga munosib ravishda ikkinchi qism ham ancha fayzli o'tdi. Yani biznikilar ham o'z kuchlariga ishongan holda o'tirishganini ularning gaplaridan sezib olish qiyin bo'lmadi. Kuperning Osiyo Kubogini yutish uchun kelgani, yana finalda o'ynamoqchiligi-yu, Masharipovning raqibdan umuman cho'chimayotgani dadil elon qilgani bizni ruhlantirdi.

SHu tariqa matbuot anjumanining ikkala qismidan keyin Avstraliya terma jamoasining o'yinoldi rasmiy mashg'uloti tomon yo'l oldik. Al Ayn shahridagi "Al Ayn" jamoasining uchinchi zaxira stadioniga aylangan, aslida birinchi stadioni bo'lgan "Tahnun Bin Muhammad" borib qaytdik.


"Kengurular"ning dastlabki 30 daqiqalik mashg'ulotini kuzatgach yana "Halifa Bin Zayed" stadionidagi media-markazga qaytdik. Biroz o'tib mazkur stadion hududidagi zaxira maydonida O'zbekiston terma jamoasi ishtirokidagi rasmiy mashg'ulot bo'lib o'tdi. Kuper boshchiligidagi terma jamoamizning muhim uchrashuv oldidan yakuniy mashg'ulotining dastlabki 15 daqiqasini kuzatishga muvaffaq bo'ldik. Yigitlar yaxshi kayfiyatda muhim bahsga taraddud ko'rishdi. Safdagi barcha to'liq tarkibda shug'ullandi. Muhimi, yo'qotishlar yo'q.


SHu o'rinda raqib Avstraliya haqida to'xtalib o'tsam. Grexem Arnold jamoasining kechagi mashg'ulotida 22 nafar futbolchi to'liq dastur bo'yicha shug'ullandi. Birgina Endryu Nabut jarohati bois mashg'ulotni zaxira o'rindig'ida kuzatdi. Jarohatidan forig' bo'lgan Matyu Lekki mashg'ulotlarda qatnashdi. Biroq futbolchi bugungi bahsni zaxira o'rindig'ida boshlashini murabbiy matbuot anjumanida takidlab o'tdi.

"Kenguralar" tarkibiga nazar soladigan bo'lsak, raqib biz qo'llaydigan 4-2-3-1 taktik sxemasidan foydalanadi. Bilasiz, Avstraliya guruh bosqichidagi ilk o'yinda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Iordaniyaga qarshi bahsda mag'lub bo'lgan "kengurular" keyingi ikkita bahsni o'z foydalariga hal etishdi va mana bugun chorak final chiptasi yo'lida bizga tug'anoq bo'lishmoqchi.

Aynan mag'lubiyatga uchralgan o'yinga nisbatan keyingi ikkinchi bellashuvda Grexem Arnold tarkibda 3ta o'zgarishga qo'l urdi. Birinchi o'yinda o'ynagan o'ng qanot himoyachisi Josh Risdon jarohati bois Iordaniya bilan bahsni ikkinchi bo'limida almashtirilgandi. Uning o'rnida harakat qilgan Rayan Grant o'zini yaxshi ko'rsatgani uchun qolgan uchrashuvlarda ham asosiy tarkibdagi joyini mustahkamlab oldi. SHuningdek, markazda harakat qilgan Massimo Luongo o'rniga Jekson Irvin tushirildi. Uchinchi o'zgarishda esa chap qanot vingeri rolida o'ynagan Robbi Kruz o'rniga Kris Ikonomidis tushirilishi amalga oshirildi. SHu tariqa Grexem Arnold Falastinga qarshi bellashuvda Iordaniya bilan o'yinda zaxiradan maydonga tushirgan barcha futbolchilarini boshlang'ich tarkibga qo'ydi. Bu orqali bo'sh nuqtalarini kuchaytirishga erishdi. O'zgarishlarning uchtasidan ikkita taktik, bittasi esa majburiy bo'ldi.



Falastin ustidan qozonilgan yirik g'alabadan so'ng Avstraliya keyingi Suriyaga qarshi bahsda diskvalifikaciya tufayli birgina o'zgarishni amalga oshirishga majbur bo'ldi. Dastlabki ikkita o'yinda ogohlantirish olgan Trent Sainsberi o'rniga Suriyaga qarshi bahsda birinchi uchrashuvdan keyin zaxiraga mixlangan Luongo tushirildi. Natijada tayanch zonasida o'ynagan Milligan markaziy himoyada Sainsbery o'rnini to'ldirdi. Massimo Luongo esa maydonda Milligan o'ynagan nuqta - tayanch zonasini yopdi. Grexem Arnold esa g'alaba keltirgan tarkibda boshqa o'zgarishlarni amalga oshirmadi.

O'zbekiston bilan bo'ladigan bahsda ham Arnold katta ehtimol g'alaba keltirayotgan tarkibni o'zgartirmaydi. Faqatgina birgina o'zgarish, yani diskvalifikaciya tufayli o'tgan uchrashuvni o'tkazib yuborgan Sainsberi boshlang'ich tarkibda o'yinni boshlaydi. Milligan esa avvalgi nuqtasi tayanch zonasiga qaytsa, Luongo bellashuvni yana zaxirada boshlashi kutilmoqda.

Aniqroq gapiradigan bo'lsak, darvozada doimgidek Metyu Rayan turadi. O'ng qanot himoyasida Grant, markaziy himoyada Sainsbery va Degenek tandemi o'ynaydi. CHap qanot himoyasida matbuot anjumanida ancha tetik ko'ringan Aziz Bexich harakatlanadi. Tayanch zonasidan Irvin va Milligan o'rin oladi. Rogich esa odatdagidek hujumchi ortida o'ynaydi. O'ng qanot vingeri Aver Mabil, chapda esa Ikonomidis vinger sifatida o'ynashi kutilmoqda. Markaziy hujumda esa asosiy tarkib futbolchisi Maklareng o'rin oladi. Qisqa qilib aytganda, Falastinga qarshi uchrashuvda boshlang'ich tarkibda tushgan futbolchilar katta ehtimol biz bilan bo'ladigan o'yinni ham shunday ko'rinishda boshlashadi.

Xulosa qiladigan bo'lsak, Iordaniyadan uchralgan mag'lubiyatdan keyin Grexem Arnold tomonidan qo'l urilgan o'zgarishlar hozircha naf keltirmoqda. Aynan tayanch zonasida Irvinni asosiy futbolchiga aylanishi jamoa o'yinini yanada osonlashtirdi. Irvin aynan raqib tomonidan tashkil etiladigan hujumlar yo'liga tug'anoq bo'lishda juda faol. Raqib hujumlarini bartaraf etishdagi jonbozligi va markazdagi "tozalash" ishlarini toza bajarishi "kengurular" ishini ancha engillashtirdi. Aynan mazkur o'zgarish Avstraliyaning muvaffaqiyatli o'yinlariga zamin yaratayotgan omillardan biri ekanligini inkor etib bo'lmaydi.

SHuningdek, Kruz o'rnida asosiy tarkibda tarkibda paydo bo'lgan Ikonomidis raqib himoyasini doim bosimda ushlab turishda ancha xavfli. Aynan uning harakatlari evaziga jamoasining hujumlari rang-barang hamda samarali kechmoqda. Oddiy misol, Avstraliya terma jamoasining musobaqa davomida kiritgan 6 golidan 4tasida aynan Ikonomidis assistentlik qilgan. Kamida o'z hisobiga bitta gol yozib qo'yishga ham muvaffaq bo'lgan. Bu juda katta va alo ko'rsatkich. Hujumchi ortida o'ynaydigan Tomas Rogich ham hujum tashkil etishda ancha faol o'ynaydi. Aynan uning golli uzatmalari evaziga "kengurular" ikkita gol urishni uddasidan chiqishgan.

Etiborga molik jihati shuki, Avstraliya urgan gollarning barchasi o'yindan kiritilgan. Bu jamoa avvallari bo'lganidek standart vaziyatlaridan ko'proq naf chiqaradigan Avstraliya emas. Grexem Arnold nafaqat uzun bo'yli futbolchilarining ustun jihatlaridan foydalanmoqda, balki jamoaviy o'yinni yo'lga qo'yishda va pozicion hujumlarini rang-barang ko'rinishga keltirishda yaxshigina ter to'kkani ko'rinib turibdi. Ehtiyot bo'lishimiz kerak bo'lgan futbolchilar qatorida albatta Aver Mabil va hujumchi Jemi Maklarenni alohida qayd etish mumkin.

Avstraliya terma jamoasi urgan gollarga yanada diqqat bilan etibor qaratadigan bo'lsak, jamoa 2 to'pni bosh bilan urgan, 3ta golni chap oyoqda va bir to'pni o'ng oyoqdagi zarba orqali kiritgan. Urilgan gollarning 4tasi jarima maydonchasi ichidan, ikkitasi esa uzoqdan yo'llangan zarba orqali urilgan.

Avstraliya tezkor gol urishga chanqoq jamoa hisoblanmaydi. Ular o'yinni xotirjam boshlab, bahsni nazorat qilishni xush ko'rishadi. Raqibni qarshi hujumda ushlash rejasini amalga oshirish nihoyatda qiyin. Himoyachilar pozicion o'yinda va yakka-kurashlarda ancha ishonchli harakat qilishadi. Avstraliya urgan gollarga etibor bersak, jamoa asosan gollarni birinchi bo'lim o'rtalarida va uchrashuv yakuniga yaqin urishni xush ko'rishadi. Avstraliya birinchi bo'lim o'rtasida ikkita, bo'lim yakuniga yaqin bitta, ikkinchi bo'lim startida 1ta hamda uchrashuv finishi paytida 2ta gol urgan.

O'tkazib yuborilgan gollarning ikkitasi birinchi bo'limda hamda bittasi o'yin yakunlanishiga yaqin qo'yib yuborilgan. SHuningdek, o'tkazilgan gollarning ikkitasi jarima maydonchasi ichidan va biri penaltidan so'ng yuzaga kelgan. Qizig'i, havodagi kurashda juda kuchli hisoblangan Avstraliya hali bosh bilan gol urmasdan, aksincha bosh bilan berilgan zarba orqali o'z darvozasidan gol o'tkazib yuborgan.

Raqib haqida yana shuni qo'shimcha qilish joizki, jamoaning ikkala qanotlari juda faol va tezkor. Jismonan baquvvat hisoblangan futbolchilar yakka-kurash va aksariyat vaziyatlarda havodagi to'plarda ustunlikka egalik qilishadi. Qanotdagi Mabil va Ikonomidis tandemi hamda markazda xosil bo'ladigan "uchlik" - Milligan-Irvin-Rogich bog'lamlari echib qo'yish lozim. Agarda shu ishni uddasidan chiqadigan bo'lsak, hozircha zabt etilmayotgan raqib - Avstraliyani ham mag'lub etishni uddalasa bo'ladi. Buning uchun esa albatta juda yuqori ishtiyoq talab etiladi. Bunday raqiblarga qarshisida qolganda, ko'pincha bizga etishmaydigan g'oliblik mentalitetini shakllanishida aynan Kuperning jamoani o'yinga qanchalik ruhiy taraflama tayyorlay olishi ham muhim ahamiyatga ega. Matbuot anjumanidagi taassurotga ishonadigan bo'lsak, hozircha jamoada bu borada muammo ko'rinmayapti. Ammo maydonda o'sha doim bizga muammo bo'lib kelgan jihat ko'rinmasligi boshqa masala.

O'ylashimcha, Kuper aynan mazkur jihatni ham etiboridan chetda qoldirmaydi. Yaponiyadan uchralgan mag'lubiyat balki bu borada ham jamoamizga, ayniqsa murabbiylar shtabiga o'ziga xos dars bo'lgan bo'lishi kerak. Har bir narsadan maksimum naf chiqarish va yaxshi taraflarini ham ko'ra olish kerak. Kuper matbuot anjumanida alohida takidlagandek, ko'proq pozitiv bo'lish kerak. Bugun bunga maksimal amal qilishga tayyormiz. Ayniqsa musobaqa davomida va muhim o'yin oldidan Kuper aytgan fikr juda to'g'ri. Kuper chizgan va murabbiy xohlagan yo'ldan yurayotgan terma jamoamizga ergashib, biz ham bugun janob Ektorning so'zlariga rioya qilamiz.

Tahlil, muhokama va mulohazalarni o'yindan keyinga qoldirganimiz maqul. Final xushtagi yangraguncha biz ham jurnalistlikni vaqtincha yig'ishtirib qo'yishga tayyormiz. Futbolda jurnalist sifatida qalam tebratgandan ko'ra muxlislik qilish zavqliroq, ishonavering. Bugun o'sha zavqni to'liq his etishni chin yurakdan istaymiz. Terma jamoa o'ynayotgan kun bazi qoidalarni chetlab o'tishga haqlimiz, nazarimda. Jurnalist, sharhlovchi yoki muxbir ham aslida futbolni sevgani va unga muxlislik qilgani uchun shu sohada. Bu ayni haqiqat.


Bir narsani aytaman, sal avval (maqola tunda yozilmoqda) Al Ayndan Dubayga qaytaverishda mashinada o'zaro qizg'in suhbat bo'ldi. Xayrulla Xoliqov ham men kabi Avstraliyadan cho'chigan bo'lsalar ham, bugungi matbuot anjumanidan keyin, umuman o'yinga oz qolavergach boshqacha "nastroy"da. Suhbat davomida ertaga "O'zbekiston g'alaba qozonsa, Kuper buni uddalasa..." deb qiziq va antiqa narsalar haqida o'ylab, bazi rejalarni tuzib qo'ydilar.

Bugungi o'yindan keyin Xayrulla aka o'sha rejalarini barchani ko'z o'ngida amalga oshirishlarini chin dildan xohlayman! Barcha istaydi deb bemalol ayta olaman! Xayrulla akani rejalarini amalga oshishi esa O'zbekiston terma jamoasining g'alabasiga bog'liq. Yoki boshqacha aytadigan bo'lsak, bu rejani amalga oshishi Ektor Kuperning qo'lida...

Kecha tongni Dubayda qarshi olib, kunni Al Aynda o'tkazib, tunda Dubayga qaytdik. Bugun ham Xudo xohlasa aynan shunday scenariy ostida o'tadigan kun. Bugun ham Al Ayndan qaytishdagi kayfiyatimiz kamida kechagidek bo'lsin!

Bugun nafaqat Avstraliya - O'zbekiston qarama-qarshiligi, balki murabbiylarning o'zaro to'qnashuvi. Bunday yirik musobaqadagi katta bahsda biz ko'proq murabbiy imzosiga muhtojmiz.

Janob Kuper, o'zingiz tanlagan yo'l naqadar to'g'ri va ravon ekanligini bugun isbotlang! Omad!

Muallif :
Reyting: +43   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика