Xalqaro maydondagi natijalari O'zbekistonga o'xshab ketadigan, A Seriya va MLSda to'p tepadigan futbolchilarga boy Venesuela haqida
28 mar 2023 09:40
Yangiliklar
Xalqaro maydondagi natijalari O'zbekistonga o'xshab ketadigan, A Seriya va MLSda to'p tepadigan futbolchilarga boy Venesuela haqida
Bugun esnoq tutishni boshlaydigan mahal Andijon muzqaymog'idan-da mazaliroq uyquningizga dastro'molini siltaydigan uchrashuv bo'lib o'tadi. Ancha vaqtdan beri muxlislar tilida ishlatiladigan qo'shtirnoq ichidagi shirin so'zlardan qo'shtirnog'ini olib tashlashga muvaffaq bo'la olgan Srechko Katanec boshchiligidagi O'zbekiston milliy terma jamoasi Saudiya Arabistonidagi yig'in doirasida Venesuelaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. To'q qizil ranglilar ayni damda FIFA reytingida 55-o'rinda bormoqda. Yani jamoaning ishlari hozircha besh.
Bo'lajak raqiblarimiz bundan bir necha kun ilgari Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi hamda 2:1 hisobida g'alaba qozondi. O'tgan yili mobaynida ham Venesuela Osiyo jamoalarini xafa qildi. Aynan shu Saudiya 1:0, Suriya 2:1 hamda BAA 4:0 hisobida mag'lub etildi. Bundan ko'rinib turibdiki, janubiy amerikaliklarda Osiyo mintaqasi jamoalari uchun shpargalka mavjud. O'zbekiston esa bugungi o'yinda yaxshigina ter to'kishiga to'g'ri keladi.
Xalqaro maydondagi natijalar
Bo'lajak raqibimiz ham biz singari jahon chempionati havosidan nafas olmagan. Amerika kubogidagi eng yaxshi natijasi ham bizniki o'xshash — 4-o'rin. Tag'in ular ham ushbu natijani 2011-yilgi musobaqada qayd etishgan. O'xshatmasdan uchratmas deya shuni aytishsa kerak.
Murabbiy
Argentinalik Fernando Batista jamoaga 10 mart kuni bosh murabbiy etib tayinlandi va debyutida muvaffaqiyatga erishdi. Undan avval esa yurtdoshi Xose Pekermenga yordamchi vazifasida aynan shu terma jamoada ishlagan. Murabbiylik faoliyatini Armaniston yoshlar terma jamoasidan boshlagan Batista Argentina termasining ikkita yosh toifasida uztozlik qilishga ulgurgan.
Tarkib
Amerika jangovar filmlaridagi qahramonlardan bo'lgan bodibildingchi bilan familiyadosh bo'lgan murabbiy ko'klam faslidagi o'rtoqlik uchrashuvlari uchun quyidagi futbolchilarni jalb etdi.
Darvozabonlar
1. Joel Graterol (Panetolikos, Greciya), 12. Alen Baroxa (Karakas), 22. Kristofer Varela (Atletiko Bukaramanga)
Himoyachilar
2. Jan Fuentes (Águilas Doradas), 3. Jordan Osorio (Parma, Italiya), 4. Jon CHensellor (Koritiba, Braziliya), 6.Kristian Makun (Nyu-England Revolyushn, AQSH), 14. Oskar Gonsales (Monagas), 18. Migel Navarro (CHikago Fayr, AQSH), 20. Ronald Ernandes (Atlanta Yunayted, AQSH), 21. Aleksandr Gonsales (Karakas), 24. Andres Ferro (Metropolitanos), 25. Teo Kintero (Deynze, Belgiya), 26. Yoxan Kumana (Deportivo La Guayra)
Yarim himoyachilar
5. Junior Moreno (Cincinnati, AQSH), 8. Tomas Rinkon (sardor) (Sampdoriya, Italiya), 9. Edvard Bello (Mazatlan, Meksika), 11. Semyuel Sosa (Emelek), 13. Xose Martines (Filadelfiya Yunion), 15. Jon Murilo (Atletiko San Luis, Meksika), 16. Andres Romero (Monagas), 19. Kristian Kasseres (Nyu-York Red Bullz, AQSH), 27. Brayan Alkoser (Mineros de Gayana), 28. Telasko Segoviya (Sampdoriya, Italiya)
Hujumchilar
7. Freddi Vargas (Metropolitanos), 10. Ernesto Torregrossa (Piza, Italiya), 17. Jozef Martines (Inter Mayami, AQSH), 23. Solomon Rondon (River Pleyt, Argentina)
Yulduzlar
Salomon Rondon
Futbol olamida Ronaldu va Messidan boshqalarni ham yaxshi taniydigan shinavandalar Salomon Rondonning faoliyatidan bexabar bo'lmasa kerak. Bizga "Malaga"dagi o'yinlari bilan tanilgan, so'ngra bir necha rus jamoalari, APLning "Vest Bromich", "Nyukasl", "Everton" va boshqa bir qator kabi klublar libosini kiyishga ulgurgan hujumchi ayni damda terma jamoa tarixidagi eng yaxshi futbolchi bo'lib turibdi. Asta-sekin futbol dunyosida oqsoqolga aylanishga hozirlik ko'rayotgan 33 yoshli forvard terma jamoada bir kam qirqta gol urishga erishdi. SHu bilan birga, Saudiga qarshi bahsda raqib darvozasini ishg'ol qilishdan tashqari dastlabki golga assistentlik vazifasini bajarib berdi. Albatta, uning yubiley goli O'zbekiston terma jamoasiga darvozasiga urilishini istamaymiz. Futbolchi ayni paytda Argentina chempionatida to'p tepmoqda.
Tomas Rinkon
Terma jamoa safida to'p tepish bo'yicha ikkinchi natijani qayd etib turgan (123 ta o'yin) va ayni damda sardorlik bog'ichi ostida maydonga tushayotgan Rinkon Italiyaning "Sampdoriya" klubi sharafini himoya qiladi. 35 yoshli yarim himoyachi yaqin yillardagi faoliyatini A Seriyada o'tkazib, "Jenoa", "Yuventus", "Torino" klublari tarkibida o'ynadi. Terma jamoa safidagi yagona golini esa Yaponiya darvozasiga urgan. Katta tajribaga ega futbolchi yarim himoyada raqiblariga ancha noqulaylik tug'diradi.
Jozef Martines
So'nggi yillardagi faoliyatini ko'pchilik maydon rangidagi kartasini orziqib kutadigan mamlakatda o'tkazayotgan Martinesda ham to'purarlik qobiliyati yuqori. Jumladan, Saudiya Arabistoniga qarshi bahsda aynan 29 yoshli hujumchi hisobni ochdi. Jozef terma jamoa safida 14 ta to'p kiritishga muvaffaq bo'lgan.
Fikrlar