Vadim Abramov: “Ishsiz yurish o'zimga ham yoqmayapti”
04 mar 2016 09:00
Yangiliklar
Vadim Abramov: “Ishsiz yurish o'zimga ham yoqmayapti”
Lekin doim ham inson o'z o'ylaganlarini amalga oshira olmaydi. SHu jumladan Vadim Karlenovich ham bilimdon murabbiy bo'lishiga qaramasdan, hozirda ishsizlar toifasiga tushib qolgan. Tajribali mutaxassisning bunday ahvolga tushib qolgani esa qaysidir manoda ajablanarlidir. Xabaringiz bor, u oxirgi marta “Lokomotiv” klubini boshqargandi. O'tgan yili chempionat tugashiga beshta tur qolganida istefoga chiqarildi va shundan beri Abramov uyda dam olmoqda. Qiziq, u yana qachon murabbiylik faoliyatiga qaytarkin? Yaqinda mazkur masala yuzasidan o'zi bilan muloqotda bo'ldik. Lekin suhbatimizni futzal bo'yicha yakuniga etgan Osiyo chempionati haqidagi fikrlari bilan boshladik. CHunki terma jamoamizning qayd etgan natijalariga Vadim Karlenovichning qanday munosabatda bo'lganligini bilmoqchi bo'ldik. SHuningdek, yana ayrim masalalarni ham o'rtaga tashladik.
“Futzalchilarimizning o'yini maqtovga loyiq”
- Vadim Karlenovich, futzal bo'yicha yakuniga etgan Osiyo chempionati haqida qanday fikr bildira olasiz?
- Birinchi navbatda shuni aytmoqchimanki, milliy terma jamoamiz bu safargi Osiyo chempionatida mazmunli va samarali ishtirok etdi deyishim mumkin. Terma jamoamizni jahon chempionatiga yo'l olishi hamda final uchrashuvidagi ajoyib o'yini darhaqiqat tahsinga loyiqdir. Futzalchilarimizning ko'rsatgan o'yini rostdan ham maqtovga sazovor bo'ldi.
- Finalda terma jamoamizdan aynan shunday o'yinni kutganmidingiz?
- Albatta terma jamoamizdan finalda mana shunday hujumkor va ishonchli o'yinni kutgandim va bu amalda o'z isbotini topdi. Musobaqa davomida futzalchilarimizning qo'llagan taktikasi deyarli o'z samarasini berganligini barchamiz ko'rdik. O'tkazilgan barcha o'yinlarda to'g'ri yo'nalishni tanlashdi va bu hisoblarda ham o'z aksini topdi.
- Endi futzal terma jamoamizning jahon chempionatidagi imkoniyatini qanday baholay olasiz? CHunki u erda yanada kuchli raqiblar bo'lishadi.
- Barchasi terma jamoamizning qanday tayyorgarlik ko'rishiga bog'liq. Futbol kabi futzalni ham bugun hamma joyda o'ynashni bilishadi. Yana qaytaraman: hamma narsa terma jamoamizning tayyorgarligiga bog'liq bo'ladi. Jahon chempionatida kuchli terma jamoalar ishtirok etishi hammamizga yaxshi malum. Agarda tayyorgarlikni yuqori darajada o'tkazsak hammasi ijobiy kechishiga shubham yo'q. Aynan shundan keyingina yuqori natijalarni rejalashtirsa bo'laveradi. Yuqorida aytib o'tganimdek, futzal ham rivojlanyapti. Biz buni yurtdoshlarimizning Eronga qarshi o'tkazgan yuqori darajadagi o'yini bilan ko'rdik. SHunday ekan, jahon chempionatida ham har qanday jamoa bilan bemalol o'ynasa bo'ladi.
“Taklif bo'lmasa o'zimni tavsiya qilmayman-ku”
- Sizning oxirgi ish joyingiz “Lokomotiv” edi. Bugungi kundagi ushbu sobiq klubingizning olib borayotgan ishiga munosabatingiz qanday?
- Ayni damda men “Lokomotiv” jamoasida emasman. SHu sababli bu klub haqida biror-bir fikr bildirishga ojizman. To'g'ri, jamoaning natijalari bilan qiziqib turaman. Uning o'yinlarini kuzatib boraman. Lekin shunday bo'lsa-da, uning olib borayotgan ishlari to'g'ri yoki noto'g'ri ekanligi borasida aniq fikr bildira olmayman. CHunki men jamoa azosi emasman.
- Tushunarli. Unday bo'lsa aytingchi, futboldan uzoqda yurganingiz sababli zerikib qolmayapsizmi?
- To'g'ri, katta futboldan uzoq yurish o'zimga ham yoqmaydi. Lekin zerikish deyarli yo'q. Hayot davom etaveradi. Meni o'z oilam bor va zerikishga yo'l qo'ymayapti. SHu sababli bo'sh vaqtimni oilam bilan o'tkazyapman.
- Siz yurtimizdagi taniqli mutaxassislardansiz. SHu sababli biror-bir jamoada ishlamasligingiz aksariyat muxlis va mutaxassislarga qiziq tuyulmoqda. Nima sababdan...
- Ayni paytda hech qaerda ishlamasligimning boisi hech bir jamoadan aniq taklif bo'lmadi. SHu sababli hozir hech qaerda ishlayotganim yo'q. Hech bir klubdan rejali va jiddiy taklif tushmasa o'zim ishlayman deb bora olmayman-ku! SHuning uchun ham hozircha ishsiz yuribman.
- Nahotki, biror-bir klubdan taklif tushmagan bo'lsa?!
- Hozircha jiddiy taklif bo'lmadi. Bugungi kunda yurtimizda ko'plab yosh murabbiylar etishib chiqyapti. SHuning uchun bo'lsa kerak, klublarimiz ana shunday yosh mutaxassislarga imkoniyat berishni xohlashmoqda.
- Agarda qaysidir klubdan siz o'ylagandek taklif kelib tushsa rozilik berarmidingiz?
- Nima uchun rozilik bermasligim kerak? Agar maqsadlari jiddiy bo'lgan holda taklif qilishsa rozilik bildiraman. Har bir O'zbekiston fuqarosi kabi men ham ishlashni xohlayman. SHunday ekan, aniq takliflarni ko'rib chiqishga tayyorman.
- Umuman olganda, terma jamoalarda va klublarda ishlagansiz. Aksariyat ishqibozlar esa sizni tezroq futbolga qaytishingizni istashmoqda. SHuni inobatga olganda, siz uchun bu jarayonni tez kunlarda amalga oshadi desak bo'ladimi?
- Muxlislarimiz meni jamoada ishlashimni xohlashyaptimi, demak, albatta qachondir qaysidir klubni boshqaraman va muxlislarning mehrini qozonaman.
“Lokomotiv”dan chempionlikni kutyapman”
- Tez orada yangi chempionatimiz ham boshlanadi. SHu bois aytingchi, joriy mavsumdan nimani kutyapsiz?
- Nimani kutyapman? Nihoyat, “Lokomotiv”ning chempionlikni qo'lga kiritishini (kuladi). Bundan boshqa hech nimani kutayotganim yo'q.
- Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi - Server Jeparovning “Lokomotiv”ga o'tganini qanday izohlagan bo'lardingiz?
- U tajribali futbolchi ekanligi barchamizga yaxshi malum. Rahbariyat Jeparovni takribga qo'shib olibdimi, demak, ularning ko'zlagan maqsadi jiddiy. Menimcha, bu savol ko'proq jamoa rahbariyatiga taalluqli. CHunki barcha ishni ular hal qilishadi. SHu bois mazkur savolga yanada aniq javob ayta olmayman.
- Vadim Karlenovich, sizga xorijdan ham takliflar bo'lganmidi?
- Maylimi, bu savolingizga aniq javob bermayman, izohsiz qoldiraman.
- Xo'p, o'zingiz bilasiz. Unda aytingchi, bu yildan boshlab chempionatimizda xorijlik darvozabonlarning ishtirok etmasligini qanday izohlaysiz?
- SHu kungacha ko'plab xorijlik darvozabonlar yurtimizga kelib o'ynab ketishdi. Ularning ichida o'zlarini ko'rsatishgan, tajribali posbonlari ham bor edi va ular chempionatimizning qiziqarli o'tishiga o'zlarining tajribalari bilan hissa qo'shishdi. Lekin afsuski, oxirgi paytda yurtimizga kelayotgan bazi legionerlar bir yoki yarim yil o'ynab jamoalarini o'zgartirishni boshlashdi va bu hol tez-tez sodir bo'lmoqda. SHuningdek, oxirgi paytlardagi legioner darvozabonlarning saviyasini yuqori darajada deb bo'lmaydi. CHempionatimizga kelib saviyasiz o'yin ko'rsatgan bir nechta darvozabonlarni ham ko'rdik. Bu esa mahalliy iqtidorli posbonlarning o'zlarini ko'rsatishini chegaralab qo'ydi. Angliya, Ispaniya, Germaniya kabi mamlakatlarda futbolni rivojlantirishning o'ziga xos usullari bor. SHu sababli bizning mutasaddilar ham shunday yo'l tutishdi deb o'ylayman. Tez-tez jamoa almashtirayotganlar esa o'zidan yaqqol iz qoldirishmayapti.
- “Lokomotiv”ning CHempionlar ligasidagi uy uchrashuvlarini bevosita stadiondan tomosha qilasizmi yoki... sizga qaysi biri qulay?
- To'g'risi, men bu o'yinlarni televidenie orqali ko'raman.
- Nima uchun?
- SHunchaki, bu hol men uchun qulay.
FIRDAVSXON suhbatlashdi.
"Futbol Ekspress" gazetasi
Fikrlar